Oʻrnimda boshqa kishi boʻlganida ham shunday yoʻl tutardi — Amrillo Rasulov

16:24 02 Fevral 2026 Jamiyat
378 0

...Oʻsha kuni soat 16:20 lar edi. Mahallada ishlab turgan ustalarning “Ayol oʻzini suvga tashladi”, “Choʻkayapti”, degan noxush xabari xizmat burchini oʻtab turgan profilaktika inspektori Amrillo Rasulovni hushyor torttirdi. Shundoq tuman markazidan oʻtuvchi “Vobkentdaryo” kanali tomon yugurdi.

Odatda, qishning ayozli kunlarida kanal toʻlib-toshib oqadi. Unga tushganning sogʻ-omon chiqishi dargumon. Ammo hozir bu haqda oʻylab turishning mavridi emasdi. Negaki, bir inson taqdiri, keyinchalik maʼlum boʻlishicha, biri-biridan shirin toʻrt farzandning onasi sanalgan ayolning hayoti qil ustida turgandi.

Inspektor oʻzini muzday suvga otdi. Ayolni bir amallab qirgʻoq boʻyiga olib chiqdi. Bu orada ustalar koʻmakka keldi. Choʻkkan ayolga zudlik bilan tibbiy yordam koʻrsatildi. Shu tariqa uning hayoti saqlab qolindi.

Shifokorlarning taʼkidlashlaricha, bunda profilaktika inspektorining tezkor harakati qoʻl kelgan. Loaqal bir daqiqa hayallab qolinganida fojia roʻy berishi, toʻrt bolaning tirik yetim qolishi muqarrar edi.

— Amrullo Rasulov koʻz oʻngimizda oʻsib-ulgʻaygan yigitlardan, — deydi Gʻijduvon tumanidagi “Qorabogʻ” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Sherzod Karimov. — Oilasi bilan Mirishkor qishlogʻida istiqomat qiladi. U turmush achchiq-chuchugini totib voyaga yetdi. Onasidan erta ayrildi. Otasi Temir akaning nogironligi bor. Mahallamizda istiqomat qilayotgan 4230 aholining ming nafardan ziyodini 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar tashkil etadi. Amrulloning bir ojizaning hayotini saqlab qolib, jasorat koʻrsatgani yoshlarimiz uchun ibrat, albatta. Biz u bilan mahallamiz yoshlari uchrashuvini tashkil etish taraddudidamiz.

Amrillo Rasulov tahsil olgan maktab direktori Davron Odilovning taʼkidlashicha, qahramonimiz bolaligidan sport bilan muntazam shugʻullangan.

— Uning kurash boʻyicha tuman, viloyat miqyosidagi musobaqalarda sovrinli oʻrinlarni egallagani shohidiman, — deydi u. — Qatʼiyatli, mehnatsevar yigit. Maktabdan soʻng Buxoro yuridik kollejida tahsil oldi. Milliy armiyamiz safida yigitlik burchini oʻtadi. 2018-yilda Buxoro davlat universitetining harbiy tayyorgarlik va jismoniy madaniyat fakultetini tugatdi. Men uni taqdirini oʻz qoʻli bilan yaratgan inson deb bilaman. Dastlab mahalla posboni sifatida ishladi. Keyin esa ichki ishlar tizimida faoliyat koʻrsatishga kirishdi. Biz maktabimizdan xalqimiz osoyishtaligi yoʻlida sadoqat bilan xizmat qilayotgan shunday fidoyi ichki ishlar xodimi yetishib chiqqanidan mamnunmiz.

Ilgari xabar berilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyrugʻiga koʻra, favqulodda vaziyatda koʻrsatgan jasorati, shijoati va kasbiga sadoqati uchun kapitan A. Rasulovga muddatidan oldin “mayor” unvoni berildi.Kuni kecha esa viloyat hokimligida unga shu unvonni topshirishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, uchastka inspektorining yaqinlari ishtirok etgan yigʻilishda soʻz olgan viloyat hokimi B. Zaripov huquqni muhofaza qiluvchi idoralari xodimlari, jumladan, profilaktika inspektorlarining el-yurt osoyishtaligini saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasidagi roliga toʻxtaldi. Zero, tinchlik-xotirjamlik, osoyishta hayot oʻrnini hech narsa bosolmaydi.Davlatimiz rahbari raisligida shu yilning 27-yanvarida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali taʼminlash boʻyicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu masala jiddiy muhokama etilgani ham bejiz emas.

Aytmoqchi, marosimda soʻz olgan Amrillo Rasulov roʻy bergan hodisaga toʻxtalarkan, kamtarlik bilan “Mening oʻrnimda boshqa kishi boʻlganida ham xuddi shunday yoʻl tutardi”, dedi. Biz esa bu soʻzlar yoniga u xizmat burchini oʻtayotgan Vobkent tumanidagi “Kulolchi” mahalla fuqarolar yigʻini jinoyatchilikdan xoli “yashil” hududda ekanini qoʻshib qoʻymoqchimiz.

Tadbirda bir inson hayotini saqlab qolgan profilaktika inspektoriga “mayor” maxsus unvoni tantanali tarzda topshirildi. Shuningdek, u viloyat hokimligi hamda ichki ishlar boshqarmasining qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер