Oʻquvchilarning toʻgʻri kasbni tanlashida Germaniya tajribasidan foydalaniladi

19:27 23 Yanvar 2025 Jamiyat
172 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona politexnika institutida Germaniyaning “AVESTOS” GmbH kompaniyasi bilan hamkorlikda forum boʻlib oʻtdi.

Anjumanda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi professional taʼlimni rivojlantirish departamenti, Professional taʼlimni rivojlantirish instituti rahbarlari hamda Germaniyaning “AVESTOS” GmbH kompaniyasi bosh direktori Klaus Michel, Fargʻona, Andijon, Namangan viloyatlaridagi kasbiy taʼlim tashkilotlari rahbarlari, tuman-shahar hokimliklari masʼullari, yirik ish beruvchi korxona va tashkilotlar vakillari qatnashdi.

— Keyingi yillarda mamlakatimizda malakali oʻrta boʻgʻin mutaxassislari tayyorlash, kasbiy taʼlim tizimiga xalqaro taʼlim dasturlarini keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, — deydi Fargʻona viloyati Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshligʻi Toʻychiboy Boymatov. — Xususan, davlatimiz rahbarining 2024-yil 16-dekabr kungi “Fargʻona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida hududdagi ishlab chiqarish va tashkilotlar bilan faol hamkorlik oʻrnatildi. Taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash maqsadida viloyatdagi 63 ta texnikumga 331 ta korxona-tashkilotlar biriktirildi.

Bu borada kasbiy taʼlim tashkilotlari hamda ish beruvchilar hamkorligida dual taʼlim yoʻlga qoʻyilib, oʻquvchilar qamrovini yil yakuniga qadar ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan. Hozirgi kunga qadar viloyatdagi ikkita texnikumda dual taʼlim tizimi boʻyicha 111 nafar oʻquvchilar qabul qilindi.

Oʻtgan yili viloyatda 43 ta kasbiy taʼlim tashkilotlarida 29 ta kasb boʻyicha 3594 nafar oʻquvchilar dual taʼlim shakli boʻyicha oʻqitilgan boʻlsa, joriy yilda 51 ta kasbiy taʼlim tashkilotlarida 32 ta kasb boʻyicha 7000 nafar oʻquvchilarni dual shaklida oʻqitish koʻzda tutilmoqda. Germaniya tajribasining afzallik jihati, kasb egallash jarayonida oʻquvchiga 40 foiz nazariy bilimlar berilsa, qolgan davrda ushbu yoʻnalishda amaliy koʻnikmalar berib boriladi. Bevosita ishlab chiqarish jarayoniga faol jalb etilishi natijasida u oʻquvchilik davridayoq maosh olib ishlaydi, doimiy ish oʻrniga ega boʻladi.

Forum ishida dual taʼlim jarayonida nimalarga eʼtibor qaratish, mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni qanday yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi. Yuzma-yuz muloqot davomida kasbiy taʼlimga xalqaro taʼlim dasturlarini joriy qilish, ichki va tashqi mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?