Oʻquvchilari qatori oʻqituvchi ham milliy sertifikat oldi

13:26 26 Dekabr 2024 Jamiyat
136 0

Ahmadali ShERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Yaqinda Shirin shahridagi 4-maktabning besh nafar oʻquvchisi oʻquv markazlariga qatnamasdan, yaʼni oʻzlarining oʻqituvchisi berayotgan saboqlar natijasida Bilim va malakalarni baholash agentligining ona tili va adabiyot boʻyicha umumtaʼlim fanini bilish darajasi toʻgʻrisidagi yuqori balli sertifikatlariga ega boʻlganligi haqida xabar bergandik. Kecha maktabning yana 2 oʻquvchisi ingliz tilidan, 3 nafari geografiyadan yuqori natija qayd etib, ana shunday hujjatni qoʻlga kiritdi. Bu sentyabrdan buyon 10 nafar bitiruvchi talabalikni deyarli naqd qilib qoʻydi, degani. Kelgusi yilda ham koʻplab oʻquvchilarning sertifikatli boʻlishi kutilmoqda.

Maʼlumot uchun: xuddi ona tili fanidan boʻlgani kabi geografiyadan sertifikat olganlar ham oʻquv markaziga qatnagani yoʻq. Ular bu natijaga maktabning geografiya muallimi Jasur Shermatov oʻtayotgan darslar tufayli erishdi.

Eʼtiborlisi, kuni kecha uch nafar oʻquvchisi qatori Jasur Shermatovning oʻzi ham milliy sertifikatli boʻldi. Uch yil davomida 20 foizlik ustamani qoʻlga kiritdi.

— Mazkur maktabda koʻp yil ishlaganman, — deydi faxriy oʻqituvchi Husanboy Sulaymonov. — Bu yerda dars berayotgan muallimlarning barchasining kasb mahorati yuqori. Bu tinmay izlanish, oʻqib-oʻrganishlari natijasi, albatta. Zero, oʻqituvchi ham oʻquvchisi kabi oʻqib-oʻrganishdan toʻxtatmasligi kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?