“Oqqoʻrgʻon tajribasi”: Toshkent viloyatining yuzlab mahallalaridagi masalalar oʻz yechimini topdi
Besh oy muqaddam – oʻtgan yilning kuz fasli oxirlarida Oqqoʻrgʻon tumanida xalq bilan muloqot tizimining yangi mexanizmlari, koʻchadan xonadonga kirib, muammolarni individual aniqlash va tizimli hal qilishning yangi ish uslublari amaliyotda sinab koʻrilgan edi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – Xalq qabulxonalari, sektorlar va mahalla institutlarining uygʻun faoliyatini jadallashtirish, har bir muammo eng birlamchi nuqtada aniqlanib, ularga yechim topiladigan yangi tizimni yoʻlga qoʻyishdan iborat. Bu tajriba bilan qisqa vaqtda rahbarlarning sayyor va shaxsiy qabullari xonadonlarga koʻchdi, yordamga haqiqiy muhtoj insonlarni topib, ularga koʻmak berish, Prezident virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlarda koʻtarilgan real muammolarga yechim topish, dasturlar ijrosini jadallashtirish borasidagi ishlar yangi sifat bosqichiga koʻtarildi.
Yaqinda Respublika ishchi guruhi Toshkent viloyatida aholi muammolarini oʻrganish, iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli eng ogʻir mahallalardagi tizimli masalalarni hal qilish boʻyicha faoliyat olib bordi. Bu jarayonda yoʻllar taʼmiri, elektr energiyasi, ichimlik suvi taʼminoti kabi aholining eng birlamchi hayotiy ehtiyojlari bilan bogʻliq murojaatlar joyiga chiqib oʻrganildi, dasturlar ijrosi jadallashtirildi.
Aslida ham murojaat – bu odamlar, jamiyat qanday nafas olayotganini yaqqol namoyon etadigan qaysar indikator. Bitta tizimli masalani hal qilish bilan esa minglab murojaatlarga oqilona yechim topish mumkin.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 25-oktyabrdagi “2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori murojaatlar tahliliga asoslangani uchun ham tom maʼnoda xalq ovozini anglatib turadigan, xalq dardiga darmon boʻladigan tarixiy hujjatdir. Shu hujjat sharofati bilan bugun Toshkent viloyatining ham yuzlab mahallalarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bois koʻplab tizimli masalalar hal boʻlyapti.
Ichimlik suvi – inson hayoti uchun eng zarur neʼmat, tiriklik asosidir. Respublika ishchi guruhi koʻmagi bilan Toshkent viloyatining 481 ta mahallasida 114,2 km. ichimlik suvi tarmogʻi tortish ishlari jadallashtirilgani bilan obi hayot soʻralgan minglab murojaatlar hal qilinmoqda. Bir eʼtibor bering: ayni kunlarda birgina Toshkent viloyatining 481 ta mahallasida ichimlik suvi tortilyapti va bunday keng qamrovli bunyodkorlik harakati viloyat tarixida birinchi marta yuz bermoqda. Bu – davlatimiz rahbari ilgari surgan “Inson qadri uchun!” gʻoyasining real hayotimizdagi amaliy natijasiga yorqin hayotiy isbot, ming-minglab insonlarning oʻz umridan rozi boʻlib yashashini taʼminlash yoʻlidagi dadil qadamdir.
Yana bir misol: bu jarayonda 4 ta transformator oʻrnatilib, 41,3 km elektr tarmogʻi tortilishi-yu 1 ming 250 dan ziyod beton tayanchlar oʻrnatilishi bilan 43 ta mahalladagi elektr taʼminoti yaxshilandi. Aytaylik, Yangiyoʻl tumani Qovunchi qishlogʻida ham shu kunlarda 3 km. elektr tarmogʻini yangilashga kirishilgan. Bu bilan 148 ta xonadonda elektr energiyasi kuchlanishi meʼyorga keltirilib, 18 foiz elektr toki yoʻqotishlariga barham beriladi.
Umuman, mamlakatimizda hal qilinayotgan har bir tizimli masala zamirida minglab insonlar hayotidagi oʻzgarishlar, ularning hayotdan roziligi mujassam. Bu esa davlatimiz rahbari asos solgan xalq bilan muloqot tizimi aslida ham xalq qalbidan boshlangan taraqqiyot magistrali ekaniga yana bir hayotiy isbotdir.
Bu boradagi eng muhim vazifalardan biri – bu aholining dasturxoni toʻkinligi-yu roʻzgʻori butligini taʼminlash, ishsiz insonlar uchun doimiy ish va barqaror daromad manbai yaratib berishdan iborat. Ayni shu maqsadda “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 463 nafar murojaatchiga 11,7 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi, 1 ming 380 nafardan ziyod ishsiz insonlar bandligini taʼminlashga koʻmaklashildi. Xalq qabulxonalari, sektorlar va mahalla institutining oʻzaro uygʻun ishlashini taʼminlash esa bu boradagi natijalar bardavomligini taʼminlashda muhim platforma boʻladi.
Inson ruhiyatida hamisha yangilanishga katta bir ehtiyoj yashaydi. Respublika ishchi guruhining Toshkent viloyatidagi faoliyati davomida ham viloyatga tom maʼnoda koʻklam, uygʻonish kirib keldi. “Navroʻz” umumxalq bayrami munosabati bilan mahallalarda “Sumalak sayli” tadbirlari oʻtkazilayotgan boʻlsa, dashtu dalalarda bahorgi yumushlar boshlandi.
Obodonlashtirish ishlari, koʻchat ekish tadbirlari yanada avjlantirildi. Darvoqe, bu yil bahorgi mavsumda Toshkent viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qariyb 10 mln. 142 ming tup mevali-manzarali daraxt koʻchatlari ekilmoqda. Nurafshon shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidagi bu jarayonlarga guvoh boʻlib, aslida ham har bir insonning qalbida oʻz bogʻi boʻlishi, bu bogʻ koʻrkam boʻlishi uchun unga hamisha ezgulik, goʻzallik va mehr nihollari ekilishi lozimligini anglagandek boʻldik.
Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan tuzilgan Republika ishchi guruhining Toshkent viloyatidagi oʻrganishlari davomida har bir tuman-shahardagi dolzarb, tizimli masalalar murojaatlar tahlili va dasturlar ijrosiga bogʻliq holda har tomonlama chuqur oʻrganildi. Aniqlangan muammolarni har tomonlama tahlil qilish va hal etish maqsadida aniq moliyalashtirish manbalari, ijro muddatlari va masʼul ijrochilar belgilangan holda har bir tuman, shahar uchun alohida “yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi. Bu boradagi ishlar natijadorligi esa har bir rahbar va masʼul faoliyatiga baho berishda asosiy mezon boʻladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring