Oʻqituvchilarni maktab hududidagi qorni tozalamaganlikda ayblagan Angren shahar prokuroriga nisbatan intizomiy jazo qoʻllanildi

17:16 20 Yanvar 2023 Jamiyat
1119 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Angren shahar prokurori Ulugʻbek Qobiljonov maktablardan birini koʻzdan kechirayotgan vaqtda maktab hududi qordan tozalanmaganidan eʼtiroz bildirgani aks etgan video tarqaldi. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ushbu videolavha Bosh prokuraturaga yuborilgani va holat oʻrganilayotganini maʼlum qilgan edi.

«Angrendagi maktabga borgan va Angren shahar prokurori deya taʼkidlanilayotgan shaxsning oʻqituvchilarga munosabati internet tarmoqlarida keng salbiy muhokamalarga sabab boʻldi.

Maʼlumki, pedagog xodimlarni xizmat majburiyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb qilish taqiqlangan. Ushbu videolavha Bosh prokuraturaga yuborilgan va holat hozirda oʻrganilmoqda», — degan vazirlik rasmiy xabarida.

Shuningdek, vazir Hilola Umarova Bosh prokuratura rahbariyati bilan yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan gaplashgani va holat nazoratga olinganini ham aytib oʻtgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgan vaziyat yuzasidan Bosh Prokuratura rahbariyati bilan gaplashdim, holat ayni damda nazoratga olingan va oʻrganilmoqda.

Prezidentimizning tegishli Qarorlariga asosan pedagog xodimlarini xizmat majburiyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb qilish qatʼiyan taqiqlanganini eslatib oʻtaman.

Oʻqituvchi qadrlanmagan yurt hech qachon taraqqiy etmaydi. Shu bois barchadan jumladan mutasaddi rahbarlarimizdan bugun Davlatimiz Rahbari tomonidan olib borilayotgan oʻqituvchilarni ulugʻlash va jamiyatda eng obroʻli inson qilish Davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlab, bu borada eng avvalo oʻzimiz oʻrnak koʻrsatishimizni soʻrab qolaman, — degan maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri.

Toshkent viloyati prokuraturasining maʼlum qilishicha, Angren shahar prokurori Ulugʻbek Xabiljonov faoliyatida yoʻl qoʻygan xato va kamchiliklari uchun intizomiy jazoga tortildi.

Angren shahar prokurori Ulugʻbek Xabiljonov keng muhokamalarga sabab boʻlgan videoxabari yuzasidan qayta murojaat yoʻlladi. Shuningdek, prokuror oʻqituvchi va murabbiylardan ushbu holat boʻyicha uzr soʻragan.

«Soʻzimning avvalida oʻqituvchi va murabbiylarga chuqur hurmat saqlagan holda ulardan uzr soʻrab qolaman. Xabaringiz bor, kecha ijtimoiy tarmoqlarda mening Angren shahridagi 22-sonli umumtaʼlim maktab hududi qordan tozalanmaganligi boʻyicha qilgan videoxabarim tarqalib, keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda...

Aslida men maktab hududini oʻqituvchi va murabbiylarimiz emas, balki ushbu ishga masʼul shaxslar bajarishini, tashkillashtirishni soʻraganman. Men ushbu holatdan qattiq afsusdaligimni bildirib, bizga taʼlim berib kelayotgan, yosh avlodni tarbiyalashda jonbozlik koʻrsatayotgan barcha oʻqituvchi va murabbiylarimizdan uzr soʻrab qolaman», — degan Ulugʻbek Xabiljonov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?