Oʻqituvchilar uchun 1000 dollar maosh bugun real hodisaga aylandi

11:37 27 Dekabr 2024 Jamiyat
251 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro shahridagi 21-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻqituvchisi Liliya Tovstenko salkam oʻttiz yildirki yosh avlodga taʼlim-tarbiya berib kelmoqda. Yakun topayotgan 2024-yil u uchun esda qolarli kechdi.

— Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoniga muvofiq, bir guruh yurtdoshlarimiz qatorida “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandim, — deydi u. — Rusiyzabon yoshlarga Aleksandr Pushkin, Lev Tolstoy, Mixail Sholoxov singari shoir va yozuvchilarning, shuningdek, mumtoz oʻzbek adabiyotining Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, Abdulla Qodiriy kabi zabardast vakillari ijodini oʻrgatib borayotganimdan xursandman. Taqdirimni ham oʻzbek yigiti bilan bogʻlaganman.

L. Tovstenko uchun 2024-yil yana bir jihati bilan qadrlidir. U 1000 dollar miqdorida maosh olayotgan muallimlar safidan oʻrin oldi.

— Joriy yilda malaka toifasiga ega oʻqituvchilarimiz salmogʻi 69,9 foizdan 77,7 foizga oshib, 7,8 foiz oʻsishga erishildi, — deydi viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Iroda Oripova. — Oʻtkazilgan malaka sinovlari natijalariga koʻra, viloyatimiz respublikada peshqadam boʻlib turibdi. Maktablarda faoliyat yuritayotgan ona tili va adabiyoti, rus tili, matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya fani oʻqituvchilarining 3 918 nafari fanni bilish boʻyicha milliy va xalqaro sertifikatlarga ega.

Ayni paytda ming dollardan ortiq maosh olayotgan oʻqituvchilar salmogʻi viloyat boʻyicha 240 nafardan oshdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 130 nafarga koʻp.

Viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-turda hamkasblarimiz yakun topayotgan 2024-yil davomida tizimda amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?