Onkologiya xizmatining yagona vertikal integratsiyalashtirilgan tizimi yaratildi

15:58 24 Noyabr 2023 Jamiyat
161 0

2023-yil 24-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda “Og‘ir onkologik bemorlarga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatishda xospislarning roli, bugungi holati va muammolari”, hamda qo‘mitaning “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasi Buxoro va Namangan viloyatlarida ijro etilishi holati bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish yakunlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi monitoringi muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda keyingi yillarda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, sohaga yangi boshqaruv usullarini joriy etish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida aholiga onkologik tibbiy yordam ko‘rsatishning yaxlit tizimi tashkil etildi. Onkologiya xizmatining yagona vertikal integratsiyalashtirilgan tizimi yaratildi, professional kadrlar tayyorlashning zamonaviy ilmiy maktabi shakllantirildi. Shuningdek, onkologiya muassasalarini zamonaviy yuqori texnologiyali asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, onkologiya muassasalari amaliyotiga saratonga tashxis qo‘yish va davolashning bir qancha zamonaviy usullari joriy etildi, onkologik patologiya profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda. Bu esa bemorlarda kasallikning ilk bosqichlarini aniqlash imkonini ikki baravarga oshirmoqda.

Qayd etilganidek, onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish maqsadida Prezidentimizning “2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining “Onkologik xizmatni yanada rivojlantirish va onkologik kasalliklarning kechki bosqichlarini boshidan o‘tkazayotgan bemorlarga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur hujjatlar asosida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish Dasturi tasdiqlangan.

Yig‘ilishda deputatlar onkologik kasalliklarning kechki bosqichlari va ixtisoslashtirilgan ravishda davolab bo‘lmaydigan, o‘tkazib yuborilgan shakllaridagi bemorlarga malakali tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatishni tashkil etish, ya’ni bugungi kunda xospislarning holati va ularni tashkil etishdagi ayrim muammolarga e’tibor qaratib, ularni bartaraf etish bo‘yicha bir qator takliflar bildirdi.

Yig‘ilish kun tartibidagi ikkinchi masala — qo‘mitaning “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasi Buxoro va Namangan viloyatlarida ijro etilishi holati bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish yakunlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi monitoringi natijalari ham atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda voyaga yetmaganlarning sog‘liqni saqlash huquqlarini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tibbiyot muassasalari faoliyati tubdan isloh qilinib, ko‘p tarmoqli poliklinikalarda “Bolalar bo‘limlari” tashkil etildi, bolalarga ixtisoslashgan tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar yangidan tashkil etilishi, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanishi natijasida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini ham mamlakatimizda amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, viloyatlarda “Ona va bola salomatlik markazlari” tashkil etilmoqda, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablarda tibbiy xizmatni tashkil etish, bolaning belgilangan tartibda dispanser nazoratida bo‘lishi, bolalar va o‘smirlarning davolash-profilaktika muassasalarida davolanishi, ta’lim muassasalarida sanitariya-gigiyena ta’limi berish borasida ham tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, aholi salomatligini saqlashda bugungi kunda kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini, sog‘lom ovqatlanish ko‘nikmalarini, jismoniy faollikni ommalashtirish ustuvorlik kasb etmoqda.

Qayd etilganidek, Qonunchilik palatasi Parlament komissiyasi hamda Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab ta’limi tizimida voyaga yetmaganlarning sog‘liqni saqlash huquqlarini ta’minlash borasidagi ishlar doimiy nazoratga olinib, bu boradagi ishlar holati joylarga chiqqan xolda o‘rganilgan, vazirliklarning mas’ul rahbarlarining axboroti eshitilib, tegishili qarorlar qabul qilinib, qator tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Yig‘ilishda mana shu qarorlarda ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish, voyaga yetmaganlarning sog‘lig‘ini saqlash uchun qulay sharoitlar yaratish borasida berilgan tavsiya va takliflar yuzasidan Sog‘liqni saqlash hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari tizimida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari tibbiy ko‘riklar sifati va samarasini yaxshilash, kasalliklarning oldini olish, barvaqt aniqlash va davolash choralarini kuchaytirish, bunda sog‘liqni saqlash hamda maktabgacha va maktab ta’limi tizimining o‘zaro hamkorligini to‘liq ta’minlash zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?