Ona tili millat qalbining chashmasidir

21:33 15 Oktyabr 2020 Jamiyat
3015 0

Qayerdadir, insoniyat doim qadr tilanishi haqida oʻqigandim. Haqiqatdan ham qilayotgan ishi, doʻstligi, doim yuqoriroqqa intilish, mukammaliyatchilk, hatto har nafasi ham qadr tilanishdir. Odamlar orasiga kirar ekan, oʻz oʻrnini mustahkamlab olishga yoki hech boʻlmaganda oʻzini himoya qilishga kirishadi. Bunday olib qaraganda, har qaysi-insondagi yaxshi yo yomon tuygʻularning bosh manbaasi — Qadr. Shu oʻrinda oʻylanasan kishi... zamon individuallashib boryaptimi, yoki insoniyat? Nega bu tushunchani koʻplab odamlar shaxsiylashtirib olgan?!

Aslida, yillar davomida oʻzbek xalqi ongiga singdirilgan “Vatan”, “Millat”, “Sarhad” obrazlari allaqachon ost miyada “oʻz oʻrni topilishi kerak” boʻlgan tushunchalar safidan joy olgan. Shuning uchun ham biz ularga «yuraklar qaʼrida saqlanadigan muqaddas xilqat» sifatida qaraymiz. Ammo qadr deganda shu obrazlar orasida boʻlishi kerak boʻlgan “millat tili” haqida unutamiz. Aslida, unutmaymiz, shunchaki “xalq uchun koʻnikishga vaqt kerak”- deymiz, qadrlaymiz, baholi qudrat, farzandlarimizni zamonaviy boʻlishlari uchun rus maktablarida oʻqitamiz. Zeroki, tarixchilardan birining shunday fikrlari bor: “Millatni yoʻq qilish uchun u yerga qurol koʻtarib borish shart emas, uning tilini, maʼnaviyatini, adabiyotini yoʻq qilish kerak”.

Oʻzbek xalqining kuchliligi, ne-ne dovonlarni oʻtib oʻz maʼnaviy boyliklarini saqlab qola olganligi bizga tarixdan maʼlum. Yuqoridagi tarixchi fikridan farqli oʻlaroq, adabiyotini yuksaltira olgan xalqmiz. Biroq “millat tili” toʻgʻrisida bunday deya olmayman. 2018-yil “Yoshlar” telekanalida efirga uzatilgan “Press klub” koʻrsatuvining millat tili mavzusiga bagʻishlangan sonida shunday fikrlarni eslayman: “Hali-hamon xalqimizning koʻpchiligi oʻzbek boʻla turib, rus tilida soʻzlashadilar, yaqindan oladigan boʻlsak, Toshkent shahrining oʻzidayoq taxminan 54 foiz maktab rus tizimida oʻqitiladi”

Yoki tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, Lenin aytgan mana bu soʻzlardagi vahm koʻz oldimizga SSSR ittifoqi tarkibida toptalayotgan qadrimizni gavdalantiradi.

«Sani oʻzbekcha otingni maskopliklar aytolmaydi. Shuning uchun oting Nigʻmatxon emas, Nikolay boʻlsin, Buxoriy emas, Buxorin boʻlsin.»*

Biroq maʼnaviyat uchun kurashgan jadidlarimiz boʻlganligi va ularni Sobiq sovet ittifoqi “xalq dushmani” atab qamoqxonalarga hukm qilganligi haqida ham millionlab tarixiy misollar keltira olamiz. Va yo mahalliy tillarning qadri talab qilinib mitinglar uyushtirilganda, soʻzga chiqqan odamlar xalq tomonidan toshboʻron qilib oʻldirilganligi toʻgʻrisida gapirishimiz mumkin. Zero, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning “Yoʻqotganlarim va topganlarim” asari orqali shunday xulosaga kelamiz: «Oʻzbek tili qadri yoʻqolib borayotgan bir paytda Oybek millat ruhidagi asarlar yaratishdan, Gʻafur Gʻulom oʻz tilimizda “Shum bola”ni eʼlon qilishdan, Hamid Olimjon esa vafotiga qadar bu tildagi asarlarga muharrirlik qilishdan charchamaydi».

Shukrki, bugungi kunda, mustaqillikning “omon-omon” zamonlarida “xalq dushmani” soʻzining tarjimasi “xalq farzandi”ga oʻzgartirilib maʼrifatimiz himoyachilari el-yurt ardogʻiga sazovor boʻldilar. Ammo “til” toʻgʻrisidagi muammolarimiz hamonki davomiy...

2019-yil GMMPning hisobatiga koʻra internet tilining 81 foizi ingliz tiliga toʻgʻri keladi. Bundan koʻrinib turibdiki, dunyoda nafaqat oʻzbek, balki boshqa minglab davlat tillarida ham muammolar bor. Olimlarning fikricha, til yashab qolishi uchun undan kamida bir million kishi soʻzlashishi kerak ekan. Biroq bunday tillar dunyoda atigi 250 tadir. Oʻzbek tili ham mana shu 250 taning ichida ekani quvonarli, albatta.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, tilni qadrlash qadriyatlarimizni saqlab qolish bilan barobar. Sportchilarimiz jahon miqyosida birinchiliklarni qoʻlga kiritib dunyo arenalarida oʻzbek madhiyasini yangratganida yuraklarimiz junbushga kelganligi qadar, til mavzusiga oʻta ehtirosli va eʼtiborli boʻlishimiz shart! Zero, tilni yoʻqotish oʻzlikdan voz kechish bilan barobar. Oʻzlikdan voz kechgan shaxs esa boshqa bir millatning sigʻindisidir! Shu oʻrinda oʻz-oʻzimdan, qalbimga quyilib kelayotgan misralarni pichirlayman:

Temurning poyida ajnabiy boshi

Yiqilsang sen kabi qon boʻlar dilim

Navoiy yaratgan, soʻzlari - Bobur

Qadring baland boʻlsin - ey ona tilim!

*Said Ahmad. “Rostgoʻy posbon” hikoyasidan.

Eʼzoza Umurzoqova
Navoiy shahar 12-sonli ixtisoslashtirilgan 
davlat umumiy oʻrta taʼlim 
maktabining 11-sinf oʻquvchisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?