Ommaviy xizmat va zamonaviy siyosiy-huquqiy tizim
Foto: Халқ сўзи
Shu yilning 15-aprelida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Yangi Oʻzbekistonda ommaviy xizmatning oʻrni, ong va huquqiy siyosatdagi oʻzgarishlar mavzusiga bagʻishlangan IV xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya 18-19-aprel kunlari Samarqand shahrida davom etdi.
Zamonaviy boshqaruvning eng muhim institutlaridan biri hisoblangan “ommaviy xizmat” tushunchasi muhokamasiga keng urgʻu berilgan mazkur tadbir “Ommaviy-huquqiy tadqiqotlar markazi” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan Konrad Adenauer nomidagi fondning mamlakatimizdagi vakolatxonasi, Toshkent davlat yuridik universiteti va Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyada huquq va ommaviy boshqaruv sohasidagi taniqli olimlar va amaliyotchilar, Oʻzbekiston, Germaniya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining yetakchi ekspertlari, shuningdek, respublikamizning mutasaddi davlat organlari vakillari ishtirok etdi.
Maʼlumki, Yangi Oʻzbekistonda demokratik davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” ezgu gʻoyasi asosida amalga oshirilmoqda.
Tadbir ishtirokchilarining fikriga koʻra, oʻrtaga qoʻyilgan mavzuning dolzarbligi va ahamiyati birinchi navbatda mamlakatimizning zamonaviy siyosiy-huquqiy tizimida ommaviy xizmat institutining oʻrnini anglash zarurati bilan belgilanadi. Oʻzbekistonda davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi hanuzgacha qonunchilikda belgilanmagan. Baʼzi qonunosti hujjatlarida “davlat fuqarolik xizmati” tushunchasi qoʻllanilsada, bu faqat mazkur institutning oʻziga xos xususiyatini aks ettiradi va uning chegaralarini kengaytirish muammosini koʻtaradi.
Oʻz navbatida aksariyat zamonaviy davlatlarning ommaviy boshqaruv amaliyotida davlat xizmatchilari toifasiga nafaqat sof maʼmuriy funksiyalarni bajaradigan, balki turli kasb egalari, yaʼni davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan shifokorlar, oʻqituvchilar, jamoat transporti xodimlari va boshqa soha vakillari kiritiladi.
Ilmiy-amaliy konferensiyada shular xususida atroflicha soʻz yuritildi. Hozirgacha faqat ilmiy-huquqiy doiralarda muhokama qilinib kelayotgan “ommaviy hokimiyat”, “ommaviy boshqaruv”, “ommaviy xizmat”, “ommaviy manfaat” tushunchalari yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring