Olmaliq shahridagi sayyor tibbiy koʻrikda veterinar tekshiruvlarga moʻljallangan UTT apparatidan foydalanilmagan

07:09 28 Aprel 2022 Jamiyat
621 0

Ijtimoiy tarmoqlarda “Nurafshon TV” telekanalining Olmaliq shahrida boʻlib oʻtgan sayyor tibbiy qabul jarayonidan tayyorlangan videolavhasida bemorlar uy hayvonlarini tekshirish uchun moʻljallangan UTT apparati yordamida koʻrikdan oʻtkazilganiga doir asossiz xabarlar tarqaldi.

Toshkent viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.

Birinchidan, Olmaliq shahridagi tibbiy koʻrik jarayonida foydalanilgan UTT apparati, yuqoridagi xabarlarda aytilganidek, Xitoyda ishlab chiqarilgan, veterinar tekshiruvlarga moʻljallangan “Esaote Aquila VET” qurilmasi emas.

Avvalo, “Esaote” — Italiya kompaniyasi ekanligiga aniqlik kiritishimiz shart. Bu kompaniya tomonidan 2000-yillar boshida “Esaote Aquila VET” modeli ostida ham qurilma ishlab chiqarila boshlagan.

Biroq videolavhada koʻrsatilgan apparat esa “Esaote Akuila PRO” deb nomlanadi. U umumiy klinik ultratovush, yaʼni insonlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, diagnostika qilish uchun moʻljallangan.

№531808045 seriyali mazkur uskuna Olmaliq shahar tugʻruq kompleksiga 2008-yilda “Salomatlik-2” dasturi doirasida keltirilgan. U hozirgi kunga qadar soz holatda.

Umuman, ultratovush apparatlari statsionar, portativ mobil qurilmalarga ajratiladi. Birlamchi koʻrikda mobil portativ uskunalardan foydalanilishi tabiiy hol. Chunki ana shu koʻriklar natijalariga koʻra, bemorlar chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvga yoʻnaltiriladi.

“Esaote Akuila PRO” apparati ham ixcham va foydalanish uchun qulay boʻlgan portativ mobil qurilma hisoblanadi. Shu tufayli undan sayyor tibbiy koʻriklar va uyda yotib qolgan bemorlar tekshiruvida foydalaniladi.

Ikkinchidan, ultratovush diagnostika apparati tibbiyotning turli yoʻnalishlarida ishlatilishi va tana aʼzolarining exografik tasvirini hosil qilib berishga xizmat qilishini eslatib oʻtmoqchimiz.

Bu oʻrinda tasvirning yorqinligi va kontrast koʻrsatkichlari asosiy sifat mezoni hisoblanadi. Yaʼni toʻqimalarni bir-biridan ajratish va tarkibiy tuzilmalarini koʻrsata olish hisobiga UTT shifokori ichki aʼzolar holatiga baho bera oladi. “Esaote Akuila PRO” apparati orqali olinayotgan tasvirlar ana shu talablarga javob beradi.

Umuman, mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimida bugungi kunda zamonaviy ultratovush uskunalari qoʻllanilmoqda. Shu oʻrinda bir misol: 2018-yilda birlamchi tizimda prenatal nuqsonlarni aniqlash maqsadida davlat tomonidan “GE” kompaniyasidan 200 ta, 2020-yilda qishloq shifokor punktlarida ishlatish uchun yana 800 ta soʻnggi rusumdagi statsionar apparatlar sotib olingan.

Shunday ekan, blogerlardan ijtimoiy tarmoqlar orqali asossiz, tekshirilmagan va notoʻgʻri maʼlumotlarni tarqatmasliklarini soʻraymiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?