Olis va chekka hududlarda malakali tibbiy xizmat yoʻlga qoʻyilmoqda

19:04 17 May 2022 Jamiyat
777 0

Foto: Халқ сўзи

Davlatimiz rahbari raisligida shu yil 28-mart kuni sogʻliqni saqlash sohasidagi ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida eng olis, chekka hududlarda malakali tibbiy xizmatni yoʻlga qoʻyish masalasi ilgari surilgan edi. Bu borada Samarqand viloyatida ham tizimli ishlar olib borilmoqda.

Buning uchun alohida “yoʻl xarita”si ishlab chiqilib, aprel oyida besh tumanda (Tayloq, Bulungʻur, Payariq, Urgut, Kattaqoʻrgʻon) bittadan yangi oilaviy shifokorlik punkti ochildi. Yil yakunigacha yana 12 ta ana shunday birlamchi tibbiy-sanitariya punktlarini foydalanishga topshirish koʻzda tutilmoqda.

Olis va chekka hududlardagi 119 ta mahallada maxsus konteynerlar oʻrnatilib, tibbiyot punkti tashkil qilindi. Jumladan, Toyloq tumanidagi “Oʻray-Elpok”, “Taraqqiyot”, “Nuroniy”, “Qoʻshchinor”, “Davlatobod”, «Ilmobod» mahalla fuqarolar yigʻinlarida birlamchi tibbiy-sanitariya punktlari ochilishi bilan 28 mingdan ortiq aholining uzogʻi yaqin boʻldi. Bundan tashqari tumanning yana 4 ta – “Chorbogʻtepa”, «Shopoʻlot», «Talli ota», “Eski juma” MFYlarining 8210 nafar aholisi uchun 4 ta konteyner olib kelish choralari koʻrilmoqda.

Aytish kerakki, qishloqlarda oʻrnatilgan bu konteynerlarda bemorlarni qabul qilish, ularga sifatli ambulator xizmati koʻrsatish uchun yetarli sharoit yaratilgan.

Shu bilan birga viloyatda 18 yoshgacha boʻlgan bolalarning 310 ming nafari pediatr, stomatolog, endokrinolog, ortoped kabi tor mutaxassislar tomonidan manzilli koʻrikdan oʻtkazildi va bu jarayon ayni damda davom etmoqda.

Mahalliy byudjetdan 1 milliard 350 million soʻm evaziga olingan 1 ta “Isuzu” avtobusi toʻliq zarur tibbiy jihozlar bilan taʼminlanib, mobil poliklinika tashkil qilingan edi. Ushbu mobil poliklinikalar har kuni viloyatning olis va chekka hududlarida maqsadli skrining oʻtkazib kelyapti. Aprel oyida Pastdargʻom, Qoʻshrabot, Payariq va Urgut tumanlarining 20 ta mahallasida 122 yarim mingga yaqin aholi yurak qon-tomir, endokrin va boshqa kasalliklarni erta aniqlash maqsadida toʻliq maqsadli skriningdan oʻtkazildi.

— Birlamchi tibbiyot tizimi samaradorligini oshirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, kasalliklarning oldini olish maqsadida viloyatning 23 ta yirik tibbiyot muassasalari bosh shifokorlari yetakchiligida 600 nafarga yaqin shifokorlar Qoʻshrabot tumanida 11 ming xonadon ahlini tibbiy koʻrikdan oʻtkazdi, — deydi Samarqand viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Suhrob Zayniyev. — Shuningdek, aholining salomatlik bilan bogʻliq murojaatlari ham tinglanib, ularga tegishli tavsiyalar berildi.

Qoʻshrabotda, shuningdek, yurak qon-tomir, travmatologiya, endokrinogoliya, akusher-ginekologiya, koʻz kasalliklari bilan bogʻliq jarrohlik amaliyotlari sohaning malakali shifokorlari tomonidan tumanning oʻzida muvaffaqiyatli bajarildi. Jumladan, viloyat kardiologiya markazi bosh shifokori Maqsud Saidov boshchiligidagi bir guruh mutaxassislar tumanda uch nafar bemorda murakkab operatsiyani amalga oshirdi.

— Qoʻshrabotda 1 ming 200 nafar bemorni birlamchi skrining tekshiruvidan oʻtkazganimizda, ularning 300 nafarida yurak qon-tomir kasalliklari borligi, 57 nafari operatsiyaga muhtoj ekani, ularning 5 nafariga kechiktirib boʻlmaydigan operatsiya zarur ekani aniqlandi, — deydi Samarqand viloyat kardiologiya markazi bosh shifokori oʻrinbosari Akmal Rahmatullayev. — Belgilangan jarrohlik amaliyotlari yaxshi oʻtdi. Shuning oʻziyoq bugungi kunda murakkab operatsiyalarni tumanlarda ham oʻtkazish uchun zarur imkoniyatlar mavjudligini tasdiqlaydi.

— Shifokorlar tibbiy koʻrik davomida qizimning yuragida nuqsoni borligini aniqlashdi, — deydi Qoʻshrabot tumani Quvkalla mahallasida yashovchi Munisa Ahmedova. — Katta qizimda ham oʻtgan yili yuragida nuqson aniqlangandi, afsuski, uni viloyat markaziga olib borishga mablagʻimiz yoʻq edi. Bugun viloyatdan shifokorlar kelib, hammasini oʻzlari qilishdi. Shukr, ikkala qizimning ham operatsiyasi yaxshi oʻtdi.

Darvoqe, Qoʻshrabotda endilikda yurak operatsiyasiga muhtoj barcha bemorlarda jarrohlik tuman tibbiyot birlashmasining oʻzida amalga oshiriladigan boʻldi. Viloyat kardiologiya markazi shifokorlari har shanba kuni shu hududda operatsiya oʻtkazishi belgilandi. Shuningdek, qoʻshrabotlik shifokorlarning viloyat markazida malaka oshirishi yoʻlga qoʻyilib, kelgusida ushbu operatsiyalarni mahalliy jarrohlarning oʻzi mustaqil amalga oshirishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda viloyatning har bir tuman va shahar tibbiyot birlashmalarida nevrologiya, kardiologiya, endokrinologiya kabi yoʻnalishlarida ellikka yaqin yangi boʻlimlar tashkil etildi. Jumladan, Kattaqoʻrgʻon tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 105 oʻrinli tugʻruq boʻlimi, 40 oʻrinli jarrohlik boʻlimi, 30 oʻrinli shoshilinch tez tibbiy yordam boʻlimi, jonlantirish boʻlimi va qabulxonasi investitsiya dasturi doirasida 8 milliard soʻmga yaqin mablagʻ evaziga taʼmirdan chiqarildi. Bundan tashqari, 4,8 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ evaziga zamonaviy tibbiyot jihozlari olib kelindi. Tuman markazlaridan 50-80 kilometr uzoqlikda joylashgan uchta aholi punkti (Qoʻshrabodda Oqchopsoy, Nurobodda Tepaqul, Kattaqoʻrgʻonda Jizmonsoy)da alohida tibbiy yordam brigadalari navbatchiligi tashkil etildi.

— Bundan tashqari viloyat silga qarshi kurash sihatgohi 5,5 milliard soʻm mablagʻ hisobiga toʻliq taʼmirlanib, ishga tushirildi, — deydi Samarqand viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Davron Jumaniyozov. — Viloyat perinatal markazida mahalliy byudjet hisobidan 1,5 milliard mablagʻ evaziga qurilish va taʼmirlash ishlari yakunlandi. Oilaviy poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarining barchasida kunduzgi statsionarlar ish vaqti soat 20:00 gacha uzaytirildi. Barcha tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida bolalar boʻlimlari tashkil etildi. 650 nafar shifokor va hamshiralar IT-park va markazlarda oʻqitildi.

Shu tariqa viloyatning eng chekka hududlarida tibbiy xizmat sifat va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari malakali tibbiyotning aholiga yaqinlashishi hamda sogʻlom turmush koʻrsatkichlari izchil oʻsishiga sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?