Oliy taʼlimda klaster va integratsiya cifat hamda raqobatni taʼminlaydi

15:05 14 Aprel 2022 Jamiyat
1263 0

Foto: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti Axborot xizmati

Bugun Yangi Oʻzbekiston oʻzining uzoq muddatga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi asosida tobora oldinga ilgarilamoqda. Bizning oʻz yoʻlimiz, qatʼiy fikrimiz, ezgu maqsadlarimiz bor. Buning uchun iqtisodiy imkoniyatlarimiz, ilmiy salohiyatimiz va maʼnaviy qudratimiz yetarli.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining ochilish marosimida 3 ming yillik davlatchilik tarixiga ega boʻlgan mamlakatimiz uzoq davr mobaynida dunyoning savdo, iqtisodiyot, ilm-fan, madaniyat va sanʼat yuksak ravnaq topgan markazlaridan biri boʻlib xizmat qilganligini alohida taʼkidladi. Darhaqiqat, bugungi kunda Oʻzbekiston oʻzining geografik joylashuviga koʻra, Shimol va Janubni, Gʻarb va Sharqni magistral tranzit koridorlari orqali bogʻlab turadigan Markaziy Osiyo mintaqasining oʻzagi hisoblanadi.

Ana shunday salohiyatning bardavom boʻlishi, mamlakatimizning yanada taraqqiy etishi bugun bogʻchalardan tortib oliy taʼlim muassasalarida bilim olayotgan farzandlarimiz, yoshlarimizning intilishi, gʻayrati va shijoatiga koʻp jihatdan bogʻliq. Zero yurtimizda ularning puxta bilim olishi va malakali mutaxassis boʻlib ulgʻayishi uchun katta imkoniyatlar yaratilgan.

Bugun oliy taʼlim tizimida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning amaldagi isbotini birgina fan, taʼlim va ishlab chiqarishning integratsiyalashuvi misolida koʻrish mumkin. Uzoq yillardan buyon oʻzgarishsiz foydalanilgan va maʼnan eskirgan koʻplab darsliklardan voz kechish payti keldi. Endi professor-oʻqituvchilar ilmiy-tadqiqot ishlarini bevosita yirik korxonalarda, ularning zamonaviy laboratoriyalarida olib boradilar. Masalan, oʻtgan yili 25-dekabrda ishga tushirilgan “Uzbekistan GTL” zavodi ana shunday imkoniyatlarni yaratib bermoqda.

Yodingizda boʻlsa, “Uzbekistan GTL” zavodining ishga tushirilishiga bagʻishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz tomonidan Qashqadaryoda yoshlarni kasb-hunarga oʻqitishni yanada yangicha yondashuv asosida tashkil etish, oʻquv dasturlari va oʻqitish metodikasini zamonaviy ishlab chiqarish talablari asosida qayta koʻrib chiqish yuzasidan muhim koʻrsatmalar berildi.

Foto: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti Axborot xizmati

Bunday yirik majmuaning foydalanishga topshirilishi institutimiz faoliyatida, oʻquv va ilmiy jarayonlarda, taʼlim samaradorligini oshirishda ham muhim poydevor boʻlmoqda.

Davlatimiz rahbari nutqida qayd etilganidek, Qashqadaryo viloyatida Oʻzbekistondagi birinchi yirik gaz-kimyo klasteriga asos solinishi barobarida viloyatimizning neft, gaz va kimyo sanoatining istiqbolli yoʻnalishlarini taʼminlash, yuqori samaradorligini yanada oshirish uchun mutaxassis kadrlar tayyorlashning yangi dastur va rejalari ishlab chiqilmoqda. Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi MCHJ, Muborak neft va gazni qayta ishlash zavodi hamda “Uzbekistan GTL” korxonasida shu soha boʻyicha kadrlar tayyorlab beradigan oliygohlardagi tegishli kafedralarning filiallari ochilmoqda. Ular zarur oʻquv jihozlari bilan taʼminlanmoqda. Bu saʼy-harakatlar fan-taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi rivojiga xizmat qiladigan taʼlim klasterini yaratishga asos boʻldi.

Viloyatimizdagi shu sohaga ixtisoslashgan yirik sanoat korxonalarining tegishli oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorligi yanada kuchaydi. Buning uchun iqtidorli talabalarning shu zavodlarda oʻz mutaxassisligi boʻyicha amaliyot oʻtashi yoʻlga qoʻyildi. Nafaqat talabalar, balki professor-oʻqituvchilarimizning ham stajirovkasi shu yerda oʻtkazilmoqda. Oʻquv-amaliyotlar ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita, uzviy olib borilmoqda.

Bundan tashqari, ishlab chiqarish korxonalarining mutaxassislari taʼlim jarayoniga jalb etilmoqda. Ular oliygohlarda talabalarga oʻz sohalari boʻyicha dars bermoqdalar, amaliy mashgʻulotlarni olib bormoqdalar. Fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasining bu bosqichi malakali mutaxassislarni tayyorlash, amaldagi oʻquv qoʻllanmalari va darsliklarining sifatini yaxshilash, eng asosiysi, taʼlim samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Korxonalar va oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanadi.

Prezidentimizning koʻrsatmalarini hayotga tatbiq etishda oliy taʼlim muassasalarining yirik neft-gaz korxonalari bilan hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti hamda “Uzbekistan GTL” MCHJ korxonasi oʻrtasida ushbu oliy taʼlim muassasalarining tegishli yoʻnalishlari boʻyicha fakultetlarining oʻquv jarayonlarini amaliyot bilan birgalikda “Uzbekistan GTL” zavodida tashkil etish boʻyicha memorandum imzolandi.

* * *

Yaqinda “Uzbekistan GTL” korxonasi tomonidan mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida ishlab chiqarish va diplom oldi amaliyotlariga qabul qilish boʻyicha tanlov oʻtkazildi. Unda jami 800 nafar ishtirokchidan 102 nafari ushbu korxonada kengaytirilgan amaliyot oʻtash imkoniyatiga ega boʻldi. Ana shu iqtidorli yoshlarning 40 nafari, yaʼni 39 foizi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti talabalaridir.

Foto: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti Axborot xizmati

Ushbu amaliyot uchun oʻtkazilgan tanlovdan shuni anglash mumkinki, endi mehnat bozorida malakali mutaxassislarga talab ortadi. Natijada oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhiti yuzaga keladi. Bu, oʻz navbatida, ularni tinimsiz izlanishga, ijodkorlikka, yangilikka intilishga, faoliyatini isloh qilishga, professional oʻqituvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirishga undaydi. Prezidentimiz tomonidan bugun oldimizga qoʻyilgan vazifa ham ana shundan iborat.

Mazkur amaliyot davomida oʻz iqtidori, mehnatsevarligi, koʻnikmalarini amalda qoʻllay ola bilgan talabalar joriy yilning iyul-avgust oylarida ushbu zavodda ish oʻrganuvchi xodim sifatida muddatli mehnat shartnomasi asosida ish haqi toʻlanadigan ishga qabul qilinadi.

Bundan tashqari, “Uzbekistan GTL” neft-gaz-kimyo sanoati uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan yetakchi OTMlar uchun maxsus xonalar hozirlangan. Bu xonalar tajribasini oshirayotgan yosh olimlar uchun zavoddagi laboratoriyalarda oʻtkazgan tadqiqotlarini umumlashtirish, mutaxassislar bilan oʻzaro fikrlashish, ilmiy izlanishlar olib borish, turli uchrashuvlar, davra suhbatlarini tashkil etishga xizmat qilmoqda.

Bugun oliy taʼlim muassasalari ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni tobora mustahkamlab borishi zarur. Bu, oʻz navbatida, koʻplab oʻquv qoʻllanmalar va darsliklarni ana shu korxonalardagi texnologiyalar, laboratoriyalar asosida shakllantirishni taqozo qiladi. Davr shiddat bilan oʻzgaryapti. Yurtimiz sanoati kun sayin rivojlanyapti, xorijdan yangidan-yangi texnologiyalar kirib kelyapti. Bizning kadrlar ularni bemalol boshqara olishi uchun ham oʻqitish metodlarimizni faqat nazariy emas, koʻproq amaliy jihatdan kuchaytirishimiz lozim. Zamon bilan hamqadam boʻlmasak, orqada qolamiz.

* * *

Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida oliy taʼlim bilan qamrov darajasini joriy yilda 38 foizga, 2026-yilga qadar 50 foizga yetkazish va taʼlim sifatini oshirish maqsadi ham oʻz aksini topgan. 2022-yilda qabul parametrlari kadrlar buyurtmachilari takliflari asosida shakllantiriladi. Buning natijasida taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi yuzaga keladi, oliy taʼlim muassasalari talabdan kelib chiqib mutaxassis tayyorlaydi.

Foto: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti Axborot xizmati

Ishlab chiqarish, ilm fan va taʼlim oʻrtasidagi integratsiyani  takomillashtirish maqsadida viloyatdagi 61 ta ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlik shartnomalari tuzilgan. Bu kelishuvlarga muvofiq, “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ, “Uzbekistan GTL”, «Oʻzburgʻuneftgaz» AJ, Muborak neft va gazni qayta ishlash zavodi, «Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi» AJ, “Muborak issiqlik elektr markazi” AJ, «Oʻzstandart» agentligi Qashqadaryo filiali, “Qarshi yogʻ-ekstraksiya” MCHJ, Qashqadaryo viloyati Markaziy banki, “Koson yogʻ-ekstraksiya” MCHJ kabi korxonalar va tashkilotlardan dars jarayoniga 74 nafar mutaxassis xodim, shundan talabalarning bitiruv malakaviy ishlariga, magistrlik dissertatsiyalariga va doktorantlarga ilmiy rahbarlik qilish uchun 31 nafar malakali mutaxassis jalb etildi.

* * *

Davr talabidan kelib chiqib, institutimizda yil sayin yangi yoʻnalishlar ochilmoqda. Masalan, oxirgi 2 yilda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida 8 ta, magistratura mutaxassisliklari boʻyicha esa 15 ta yangi yoʻnalish tashkil etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab yangi “Logistika (agrologistika)”, «Bank ishi va auditi”, “Gidrotexnika qurilishi”, “Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini loyihalashtirish va ekspluatatsiyasi”, “Elektronika va asbobsozlik”, neft-gazni qayta ishlash sanoati obyektlari boʻyicha “Bino va inshootlar qurilishi” taʼlim yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. 2021/2022 oʻquv yilidan esa qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish boʻyicha kasb taʼlimi hamda mexatronika va robototexnika kabi yoʻnalishlari tashkil etildi.

Institutda ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish maqsadida 8 ta ilmiy maktab tashkil etilgan, mutaxassislik kafedralari qoshida 9 ta ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat olib bormoqda.

Institutimiz dunyoning 95 ta nufuzli oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Imzolangan hamkorlik shartnomalari va memorandumlar doirasida 2020-2021 oʻquv yilida institut professor-oʻqituvchilaridan 3 nafari stajirovkaga, 4 nafar tadqiqotchi tayanch doktoranturaga jalb etildi. Joriy oʻquv yilida esa Yevropa Ittifoqi Erasmus+ loyihasi boʻyicha 18 nafar professor-oʻqituvchi va 20 nafar iqtidorli talaba almashinuv dasturlarida ishtirok etmoqda. Birgina misol, ayni paytda institut yosh olimlaridan 6 nafari Belarus milliy texnika universitetida stajirovka oʻtayapti.

2021-yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari mablagʻlari doirasida “Boʻlajak olim” tanlovida institutning yosh olimlari va iqtidorli talabalari – Setora Safarova, Gʻulom Roʻziqulov, Sherzod Qurbonov tomonidan taqdim etilgan    3 ta startap loyiha hamda “Transport vositalari muhandisligi” kafedrasi katta oʻqituvchisi Akmal Karimov ilmiy gʻoya tanlovi gʻolibi, deb topildi va ularning ilmiy izlanishlari jami 364 million soʻm miqdorida moliyalashtirildi.

Bir soʻz bilan aytganda, fan, taʼlim va integratsiyaning rivoji barcha sohalarda taraqqiyotning asosi boʻlib xizmat qiladi. Birinchi navbatida, oliy taʼlim muassasalari faoliyatida tub burilish yuz beradi, ular oʻrtasida sogʻlom raqobat muhiti shakllanadi. Natijada son salmogʻiga emas, balki taʼlim sifati samaradorligiga eʼtibor kuchayadi. Yangi avlod darsliklari koʻpayadi, oliygohlarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi va malakali mutaxassislarni tayyorlash imkoniyatlari ortadi. Aynan ana shu kadrlar, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, milliy sanoatimizning ravnaqiga munosib hissa qoʻshadigan “oltin fond”imizga aylandi.

Orifjon BOZOROV, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер