Oliy taʼlim muassasalarining 2023/2024 oʻquv yiliga tayyorgarligi muhokama qilindi

18:05 29 Avgust 2023 Jamiyat
851 0

29-avgust kuni Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligida respublika oliy taʼlim muassasalarining 2023/2024 oʻquv yiliga tayyorgarligi yuzasidan kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda respublikamizdagi barcha oliy taʼlim muassasalari rektorlari, prorektorlari va vazirlik masʼul xodimlari ishtirok etdilar.

Yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan “Besh tashabbus olimpiadasi” va “Talabalar ligasi” doirasida ommaviy sport musobaqalarini oʻtkazish lozimligi qayd etildi. 

Kun tartibidagi dolzarb masala — respublika oliy taʼlim muassasalarini yangi 2023/2024 oʻquv yiliga tayyorgarlik holati boʻldi. 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining oʻquv yili davomidagi yuklamasini 10-15 foizga kamaytirilishi boʻyicha amaliy choralar koʻrilgani taʼkidlandi. Kadrlar isteʼmolchilarining taklif va ehtiyojlari asosida 2023/2024 oʻquv yili uchun yangi tashkil etilgan 16 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va 23 ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha malaka talablari ishlab chiqildi va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlandi. 

Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati bilan hamkorlikda oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi talabalar uchun pedagogika, psixologiya, tarix, matematika, filologiya, biznes va boshqaruv, huquq, xorijiy til, sanʼat va madaniyat, sport, fizika ixtisosliklari boʻyicha 12 nomda (1 500 nusxada) 967 mln. soʻmlik oʻquv adabiyotlarini Brayl yozuvida chop etildi va oliy taʼlim muassasalarining axborot-resurs markazlariga yetkazildi.

Respublikadagi barcha davlat oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayoni sentyabr oyidan boshlanadi. Jumladan, Toshkent shahrida joylashgan aksariyat (85%) oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoni 1 va 4-kurs talabalar uchun 4-sentyabrdan, 2 va 3-kurs talabalari uchun oʻquv jarayoni 11-sentyabrdan boshlanadi. Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalaridagi dars jarayonlarini boshlanish vaqtlari oliy taʼlim muassasalarining joylashgan hududi va transport qatnovini hisobga olgan holda belgilandi (jumladan, soat 8:00; 8:30; 9:00 da). 

I.Abdurahmonov yangi oʻquv yilidagi dastlabki oʻquv mashgʻulotlari mamlakatimiz mustaqilligi va amalga oshirilayotgan islohotlarga doir maʼruzalar shaklida taniqli hamda mashhur olim va arboblar tomonidan oliy taʼlim muassasalarida oʻtkazilishi boʻyicha alohida topshiriq berdi. 

Oliy taʼlim sohasi boʻyicha 2023-yil yakuniga qadar bajariladigan ustuvor vazifalar belgilab oʻtildi. Xususan, har yili 5 ming nafar professor-oʻqituvchilarni tajriba almashish uchun, 200 nafar yosh olimlarni ilmiy daraja olish uchun xorijiy ilmiy tashkilotlarga yuborish, stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktorantura hamda maqsadli doktorantura kvotalari sonini bosqichma-bosqich oshirish masalalari alohida muhokama qilindi. 
Shuningdek, talabalarni turar joylari bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. 
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan bu yildan 1 bosqich talabalarni yotoqxonaga onlayn joylashtirish boshlandi. Bugungacha 45 mingdan ortiq arizalar onlayn shaklda qabul qilindi. Ijtimoiy imtiyozlarga ega talabalarga bugun, 29-avgust kuni, tizim ochilishi, yaʼni ariza topshirgan shu kontingentga yotoqxonadan joy ajratilgani haqidagi xabarnomalarni yuborish boʻyicha topshiriq berildi.

Ijaraga joylashtirishda ham hukumat qarori bilan sentyabr oktyabr oylarida ijara toʻlovining bir qismini ijara shartnomasini talab qilmasdan toʻlab berishga ruxsat berildi. Shuning uchun talabalarni turar joy bilan taʼminlash, ijara xonadonlariga joylashtirish, ularga ijara toʻlovining bir qismini muammosiz toʻlab berilishini taʼminlash  kabi masalalarni barcha rektorlar oʻz qoʻllariga olish shartligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?