“Oʻxshasak oʻxshabmiz tuprogʻimizga...”

21:18 09 May 2022 Jamiyat
658 0

Foto: Халқ сўзи

Fargʻona viloyatining Buvayda tumanida mashhur, lekin oʻta sodda, oddiy va samimiy qishloq xoʻjaligi fidoyisi yashaydi. U tabarruk yetmish yoshda, ammo bir zum tinim bilmaydi. Shu bois qachon yoʻqlab borsak, dala shiyponi, paxta va bugʻdoy maydonida uchratamiz.

— Otamdan qolgan dalalar menga juda ham suyukli, — deydi Oʻzbekiston Qahramoni, «Patilaxon» fermer xoʻjaligi rahbari Patilaxon Ergasheva. — Tanish-bilishlar hazillashib, “Oddiy hayot tarzingiz, chapani feʼlingiz tuprogʻimizga oʻxshaydi”, deyishadi. Xalqimizga rizq-nasiba ulashishda, saxiylikda tuprogʻimizga oʻxshasak oʻxshabmizda!

9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Patilaxon ayani yoʻqlab bordik. Biroz betob boʻlishiga qaramay, dala uvatlarida aylanib yurgan ekan. Shirin diydor barchamizga xush kayfiyat ulashdi.

— Patilaxon Ergasheva, Lolaxon Murotova singari fermerlarimiz tom maʼnoda yurtimiz faxri, — deydi Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Fargʻona viloyati boʻlimi boshligʻi Maʼsudjon Sulaymonov. — Sababi, ular qishloq xoʻjaligi sohasida tajriba va mahorat maktabini yaratishdi. Ularning halol va sidqidildan qilayotgan mehnati har qancha eʼtibor va ragʻbatga munosibdir.

Patilaxon aya boshchilik qilayotgan fermer xoʻjaligining 36 nafar ishchisi joriy yilda 30,4 gektar yerga baraka urugʻini qadadi. Bu yil har gektar yerdan oʻrtacha 45 sentnerdan hosil olishga harakat qilishmoqda.

— Paxtamizga qoʻyilgan boykotning olib tashlanishi Oʻzbekistonga jahonning 331 ta brendlari eshigini ochdi. Bu yil oʻtgan yildagidan ham barakali yil boʻlishiga ishonamiz, — deydi Oʻzbekiston Qahramoni. — Chunki paxtamiz butun dunyoda eʼzozlanadigan, qadrlanadigan, undan tayyorlangan mahsulotlar jahonning barcha davlatlariga kirib boradigan boʻldi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?