Oilalar mustahkamligi — jamiyat ertasining poydevoridir
Foto: Illustrativ foto
Oila — inson uchun eng muqaddas va ulugʻ dargohdir. Inson shu dargohda tugʻiladi, oʻsib-unib kamolga yetadi. Oilani jamiyatning ajralmas boʻlagidir.
Xalqimiz ham azal-azaldan oilani muqaddas, muborak dargoh sifatida eʼzozlagan, bu qoʻrgʻonga zavol yetmasligi uchun bor kuchu salohiyatini bagʻishlagan. Zero, oila birligi, undagi muhit farzandlarni xalqqa, vatanga munosib avlod qilib yetishtirish kabi masʼuliyatli vazifani oʻz yelkasiga olgan. Quyidagi yurtdoshlarimizning fikrlari, dil soʻzlari ham aynan shu haqda.
Gavhar IBODULLAYEVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan Madaniyat xodimi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi:
— Aslida ona sayyoramizda yashayotganlar — hammamiz bir oilaning bolalarimiz. Sizning siymongizda har bir zamindosh-qarindoshimizni eng mohir meʼmor — Allohning mumtoz bir sanʼati — hammamizni uzilmas rishtalar ila bir-birimizga chambarchas bogʻlab qoʻygan oila atalmish baxt qoʻrgʻonimiz bayrami bilan muborakbod etaman.
Bugun insoniyat boshidan kechirayotgan murakkab, fojiaviy holatlarning ildizini qayerdan izlasak ekan? Miyamizni yashinday kesib bir savol oʻtadi: Biz Odam Ato, momo Havvoning bolalari bir-birimizni qanchalik qadrladik?
Moddiy dunyoning ikir-chikirlari, yugur-yugurlarini deb nahot biz shu koʻyga tushdik? Nahot bir-birimizdan, oʻz uyim, oʻlan toʻshagim, issiq oʻchogʻim deb talpinadigan manzil-makonimizdan shuncha uzoqlashdik? Bir eshikdan kirib chiqib, bir dasturxondan non yeyuvchilarning koʻngil bogʻlariga, dil uylariga, yurak xonalariga bugun kimlar mehmon, nimalar uya qurmoqda?
Xalqaro oila kuni dunyo xalqlari uchundir ehtimol...
Bizning oʻzbek uchun har bir kun oila kuni emasmi? Davlatboshilarimiz ota-onamiz bedor, yoʻlimizga koʻz tikayotgan ekan, koʻzimiz quvonchi bolalarimiz koʻz oʻngimizda oʻynab-kulib oʻsayotgan ekan, ertalab tark etgan ostonamiz, kechqurun qaytgunimizcha joyida omon, eshiklarimiz qulfdan xoli, qozonimiz qaynab, dasturxonimiz yoziq turgan ekan — umrlik bayram shu emasmi bizga?!
Oila quvonchi, oila saodati, oila farogʻati, oila tarovati umrijovidoningizda taxt, boshingizda toj boʻlib tursin, Azizlar. Ulkan oilamiz — Ona yerimiz, jonajon vatanimiz — jannatmakon Oʻzbekistonimiz omon boʻlsin.
Boburjon SAʼDULLAYEV,
Xiva shahri Ogahiy nomidagi ijod maktabining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari:
— Oila jamiyatning asosiy boʻgʻini sifatida insoniy qadriyatlar, madaniyat va avlodlarning tarixiy davomiyligi, barqarorlik va rivojlanish omili boʻlib kelgan. Oila tufayli davlat tobora mustahkamlanib rivojlanmoqda, shu bilan birga xalqning turmush farovonligi ham oshmoqda.
Prezidentimizning 2018-yil 27-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur qarorda demografik rivojlanishni ragʻbatlantirish va oila farovonligi darajasini oshirish asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash Konsepsiyasi davlat ijtimoiy siyosatining tarkibiy qismi hisoblangan oila siyosati aholi bandligini va real daromadlarini izchil oshirib borishga, fuqarolar farovonligini oshirishga, ijtimoiy muhofaza qilish va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan. Shuningdek, konsepsiyadan kelib chiqqan holda jamiyatda zamonaviy oila modelini hamda “Oila jamiyat va davlat himoyasida” konstitutsiyaviy prinsipini toʻliq roʻyobga chiqarish, oila institutini mustahkamlash sohasidagi islohotlarni samarali amalga oshirish ham eʼtiborga olingan.
Oila — hurmat, hamjihatlik va mehr-muhabbatdan dars beruvchi ulugʻ maskandir. Oila farovonligi mamlakat taraqqiyoti va taraqqiyotining oʻlchovini belgilab berishini unutmagan millat hamisha yuksak marralarni zabt etishiga shubha yoʻq.
Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring