Oila masalalari ilmiy-innovatsion yondashuv asosida o’rganilmoqda
Anjuman
“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi “Sog’lom oila — sog’lom jamiyat” kontseptual g’oyasini hayotga tatbiq etishga yo’naltirilgan yagona davlat siyosatini olib boradi, oilaning reproduktiv salomatligi va demografik rivojlanishini, uning farovonligi va xotirjamligini oshirish masalalarini kompleks o’rganadi.
Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo’llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmonida belgilangan ushbu vazifalar ijrosi qay darajada ta’minlanmoqda? Poytaxtimizda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan o’tkazilgan anjumanda ushbu savolga atroflicha javob izlandi.
O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda o’tkazilgan tadbirda siyosatshunoslar, huquqshunoslar, olimlar, professor-o’qituvchilar, soha mutaxassislari, davlat va nodavlat, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, markaz notinch va muammoli oilalarni aniqlash va ularning manzilli ro’yxatlarini tuzish, ma’naviy-axloqiy muhitni sog’lomlashtirish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, oila-nikoh munosabatlari sohasida amaliyotni o’rganish va tajriba almashish maqsadida davlat organlari, jamoat tashkilotlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan o’zaro hamkorlikda faoliyat olib bormoqda.
Anjumanda “O’zbekistonda oilaning demografik rivojlanishi”, “Reproduktiv salomatlikni himoya qilish va oilani rejalashtirish”, “Tarixiy-madaniy an’analar va zamonaviy oila modeli”, “Koreyada namunali oilaning modeli”, “Oilaviy munosabatlarning ijtimoiy-psixologik muammolari va ularni hal etish yo’llari”, “Oilani samarali qo’llab-quvvatlashning xalqaro amaliyoti” va boshqa muhim mavzularda taqdimotlar o’tkazildi.
Ishtirokchilar oila-nikoh munosabatlari sohasidagi ilg’or xorijiy amaliyotni ilmiy tahlillarga tayangan holda chuqur o’rganish, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan uzviy hamkorlik qilish va tajriba almashishni yo’lga qo’yish, yoshlarga oilaviy munosabatlarning huquqiy va psixologik asoslarini o’rgatish, ajrashishlarning oldini olish borasida o’z mulohazalarini bayon etdilar. Shuningdek, oiladagi ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash borasida tizimli targ’ibot-tashviqot ishlarini yo’lga qo’yish, ilmiy-ma’rifiy adabiyotlar, risolalar, o’quv-uslubiy, tahliliy qo’llanmalar tayyorlash va tarqatish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali zamonaviy namunali oilaning mezonlarini ishlab chiqish masalalarida kreativ fikr-mulohazalar o’rtaga tashlandi.
Qizg’in bahs-munozaralar, savol-javoblarga boy o’tgan anjumanda “O’zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash” Kontseptsiyasi loyihasini ishlab chiqish yuzasidan bildirilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirildi, istiqbolda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.
Dilshod KARIMOV,
“Xalq so’zi” muxbiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring