Ohangaron tumanida yangi maktab binosi foydalanishga topshirildi

17:55 05 Sentyabr 2022 Jamiyat
795 0

Foto: Ohangaron tumani hokimligi Axborot xizmati

Bugun Ohangaron tumani “Chetsuv” MFY aholisi uchun katta shodiyona. Gap shundaki, Mustaqilligimizning 31 yilligi va yangi oʻquv yilining boshlanishiga ushbu mahallada yangi maktab binosi foydalanishga topshirildi.

Ichki ishlar vazirligi homiyligi asosida barpo etilgan muhtasham inshootning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Qutbiddin Burhonov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Erkin Salixov, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari polkovnik Yahyo Abdulhaqov, Toshkent viloyati IIBB boshligʻi general-mayor Tohir Aripov, tuman hokimi Abdurasul Abdullayev ishtirok etdi. 

Ohangaron tumani hokimligi Axborot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, tuman XTB tasarrufidagi 21-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida 469 nafar oʻquvchi tahsil olib kelgan. Mazkur maktabning Oqtosh qishlogʻida joylashgan filiali 6 ta sinfxonadan iborat boʻlgan va 186 nafar oʻquvchi boshlangʻich sinflarda tahsil olgan. 10-11-sinf oʻquvchilari esa 21-sonli oʻrta taʼlim maktabiga qariyb 8 kilometr masofani piyoda bosib oʻtib, qatnab oʻqishgan. Yogʻingarchilik damlarida esa oʻquvchilar maktabga qatnashga qiynalishar edi.

Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan maktab filialiga qoʻshimcha ravishda, jami 10 ta xona, jumladan, 6 ta sinfxona hamda oʻqituvchilar va kutubxona uchun 4 ta xonadan ibrat boʻlgan bir qavatli, maydoni 405 m2 boʻlgan yangi oʻquv binosi qurib bitkazildi. Qurib bitkazilgan maktab binosida Informatika va axborot texnologiyalari, fizika va matematika, yoʻl harakati qoidalarini oʻrganish, tarix va oʻquvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, kimyo va biologiya, rus va ingliz tillari fanlarini oʻqitishga moslashtirilgan sinfxonalar koʻrgazmali materiallar bilan jihozlandi. Xususan, sinfxonalar 12 dona doska, 78 dona parta 156 ta stul bilan jihozlandi, informatika va axborot texnologiyalari xonasiga 13 ta kompyuter jamlanmasi oʻrnatildi. Maktab kutubxonasi 500 dan ortiq adabiyotlar jamlanmasi bilan toʻldirildi.

Bu hali hammasi emas. Maktab filialining eski binosi ham kapital taʼmirdan chiqarildi. Eng asosiysi, ikkala bino ham zamonaviy usulda, yaʼni pol orqali isitish tizimiga moslashtirildi. Maktab atrofi toʻliq obodonlashtirilib, hududi devor bilan oʻralgan. Tungi yoritish chiroqlari oʻrnatilib, elektr taʼminotidagi vaqtincha uzilishlar davrida foydalanish uchun “dvijok” oʻrnatildi.

Ushbu maktab filialida taʼlim oluvchi oʻquvchilar sonidan kelib chiqib, unga umumiy oʻrta taʼlim maktabi maqomi hamda alohida 54 raqami berildi. Yaʼni, tumandagi maktablar soni 54 taga yetdi. Yangi maktabda 27 shtat birligidan iborat oʻqituvchilar jamoasi shakllantirildi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda olib borilayotgan islohotlarning qamrovi, mamlakatimizning olis burchaklarigacha istiqlol shabadalari yetib borayotganligini alohida taʼkidlab, Oqtosh koʻchasida yashovchi aholini, maktab oʻquvchilarini ushbu muqaddas dargoh bilan muborakbod etdi. Maktab binosi ochilishi marosimida IIV qoshidagi orkestr hamda sanʼatkorlar tomonidan mahalla ahli uchun konsert dasturi namoyish etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?