Odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslarga haq toʻlash tartibi qanday?
Illyustrativ foto
Fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlarini va qonun himoya qilinadigan manfaatlarini amalda taʼminlanishi, ularning buzilgan huquqlarining tiklanishi bevosita sud hokimiyatining mustaqilligi, qonuniy, adolatli va asoslantirilgan qaror qabul qilishi bilan baholanadi.
Haqiqiy odil sudlovni amalga oshirish va pirovardida fuqarolar va tadbirkorlarning haq-huquqlarini himoya qilish borasida ijobiy natijalarga erishish, sud qarorlarini qayta koʻrishdagi bir-birini takrorlovchi amaliyotlarga chek qoʻyish, tortishuv prinsipini taʼminlash, investorlar huquqlarining sud himoyasida boʻlishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur jarayonda sudga va taraflarga dalillarni toʻplash va isbotlashda yordam koʻrsatishda koʻmaklashuvchi shaxslarni oʻrni beqiyosdir. Shundan ham ularni sud jarayoniga jalb etishni ragʻbatlantirish, ularga sud ishida ishtiroki uchun haq toʻlash va boshqa summalarni berish masalalari ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashuvchi shaxslarga haq toʻlash umumiy tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy Protsessual Kodeksining 117-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik Protsessual Kodeksining 134-moddasiga asosan toʻlanishi keltirib oʻtilgan.
Lekin, aynan haq toʻlash mexanizmi boʻyicha 1992-yil 3-iyulda qabul qilingan va 2022-yil 5-noyabrgacha amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “Guvohlar, jabrlanuvchilar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarning qilgan xarajatlarini toʻlash tartibi va miqdorlari toʻgʻrisida”gi 661a-XII-sonli qaroriga asosan haq toʻlab kelingan edi. Mazkur hujjat oʻrniga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28 oktyabrdagi “Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlarni hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 570-sonli qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan nizomga asosan endilikda ishga koʻmaklashuvchi shaxslarga ularning doimiy yashash joylaridan tashqaridagi hududlarda oʻtkaziladigan protsessual harakatlarni amalga oshirish joyiga kelib-ketish xarajatlari, turarjoy bilan bogʻliq xarajatlari (mehmonxona yoki turarjoy ijarasi), kundalik xarajatlari, ekspert, tarjimon, mutaxassisga ishda ishtirok etishda oʻz vazifalarini bajarganligi uchun (ushbu vazifalar xizmat topshirigʻi tartibida bajarilgan hollar bundan mustasno), doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilar va ularning qonuniy vakili, guvohlar va xolislarga ishda ishtirok etishga ularni odatdagi mashgʻulotidan qoldirilganlik (chalgʻitganlik) uchun haq toʻlanadi.
Agarda qonunchilik hujjatlarida manfaatdor tomonlar oʻrtasida shartnoma tuzilishi nazarda tutilgan boʻlsa, ishda ishtirok etishga jalb etilganlik uchun shartnomada belgilangan miqdorda va tartibda haq toʻlab beriladi. Ishga koʻmaklashuvchi shaxslarga toʻlanishi lozim boʻlgan xarajatlar fuqarolik, iqtisodiy sud ishlari boʻyicha tegishli iltimosnoma bilan murojaat qilgan taraf tomonidan sudning depozit hisobvaragʻiga oldindan kiritilgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.
Ishga koʻmaklashuvchi shaxslarga toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlarni hisoblash tartibi:
Transport vositalari orqali kelib-ketish boʻyicha yoʻl xarajatlari –
a) umumiy foydalaniladigan transportning barcha turlarida yurish (taksidan tashqari) qiymati:
umumiy foydalaniladigan transportning ishda koʻmaklashuvchi shaxsga tegishli tasdiqlovchi hujjatlari asosida.
Bunda “biznes” (havo yoʻllari transporti) va “VIP” (temir yoʻl transporti) tarifidan arzon boʻlgan barcha turlari boʻyicha chipta qiymati hamda “biznes” (havo yoʻllari transporti) va “VIP” (temir yoʻl transporti) tarifi boʻyicha chipta qiymatining 70 foizi miqdorida toʻlov amalga oshiriladi;
b) transportda yoʻlovchilarni davlat tomonidan majburiy sugʻurtalash boʻyicha toʻlovlar;
v) tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda, yoʻlda yurish hujjatlarini oldindan sotish, samolyot va poyezdlarda joylarni bronlash xizmatlari boʻyicha toʻlovlar;
g) yoʻl hujjatlari mavjud boʻlmagan taqdirda, har bir kilometrga bazaviy hisoblash miqdorining 0,1 foizi miqdorida.
Turarjoy bilan bogʻliq xarajatlar –
bir kunlik qoplash (mehmonxona yoki turarjoy ijarasi) miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravaridan oshmasligi lozim. Turarjoyda yashaganligi boʻyicha xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan hollarda, har bir sutka uchun belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida qoplanadi.
Mehmonxona xizmatidan foydalanganlik uchun xarajatlar –
mehmonxonada yashagan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatilgan yashash xarajatlari uchun sarflangan mablagʻlarni tasdiqlovchi chek yoki qonunchilik hujjatlarida belgilangan shakldagi boshqa hujjat;
mehmonxonada yashash bilan bogʻliq xizmatlardan foydalanganlik uchun naqd pul yoki toʻlov kartalari yordamida haq toʻlanganligini tasdiqlovchi kassa cheki, agarda toʻlovlar kassa apparatisiz toʻlangan boʻlsa, toʻlovning boshqa shakllar orqali amalga oshirilganligini tasdiqlovchi kirim orderi.
Doimiy yashash joyidan tashqarida yashash bilan bogʻliq kundalik xarajatlari –
uchun haq bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan quyidagi koeffitsiyentlarda, jami 0,35 gacha miqdorda toʻlanadi:
ovqatlanish (alkogol va tamaki mahsulotlari bundan mustasno) xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlar (cheklar) taqdim etilganda — 0,25 gacha miqdorda toʻlanadi;
boshqa xarajatlari uchun — 0,10 miqdorida toʻlanadi.
Bunda umumiy ovqatlanish obyektlarida xaridni amalga oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlar (cheklar) taqdim etiladi.
Alohida aytish joizki, doimiy ish haqi olmaydigan guvohlarga odatdagi mashgʻulotlaridan qoldirilganligi (chalgʻitganligi) uchun toʻlov miqdori amalda ularning sarflangan vaqti va belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
Ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlarga toʻlanadigan haq miqdori –
bajarilgan ish uchun haq manfaatdor tomonlar oʻrtasida tuzilgan shartnomalar yoki ushbu Nizomda belgilangan miqdorda toʻlanadi.
Ekspert va mutaxassisga masʼul organlar (mansabdor shaxslar) topshirigʻiga koʻra bajargan ishi uchun soatiga bazaviy hisoblash miqdorining 0,10 koeffitsiyenti miqdorida haq toʻlanadi.
Tarjimonga masʼul organlar (mansabdor shaxslar) topshirigʻiga koʻra bajargan ishi uchun toʻlanadigan haq miqdori mazkur Nizomga 1-ilovada keltirilgan jadval asosida hisoblanadi.
Bir tarjimon tomonidan har bir koʻrsatilgan xizmati uchun alohida toʻlov amalga oshiriladi.
Ishga koʻmaklashuvchi shaxslarga mablagʻlarni toʻlash tartibiga asosan talabgor ariza bilan bir oy ichida tegishli masʼul organlarga (mansabdor shaxslarga) murojaat qiladi. Toʻlovlar masʼul organlarning (mansabdor shaxslarning) qarori yoki ajrimi asosida 10 kundan kechiktirilmagan muddatda toʻlanadi.
Tarjimonlarga toʻlanadigan haq miqdorlari tarjima tilining qiyinlik darajasidan kelib chiqib belgilanadi va bu quyidagi jadvalda keltirilgan:
Dadaxon XUDOYNAZAROV, Toshkent davlat yuridik universiteti oʻqituvchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring