Odamlarga yaxshilik qilaman...
Foto: Xalq so‘zi
Toshkent shahridan “Nasaf” tezyurar poyezdiga chiqdim. Kupedagi hamrohlar bilan tez til topishib ketdik. Hash-pash deguncha Samarqandga yetib keldik. Poyezd Samarqandda 31 daqiqa toʻxtar ekan. Pastga tushdim, odamlar nimadir xarid qilyapti. Yoʻlovchilarning koʻpchiligi Samarqand nonini koʻtarib olishgan. Vokzalning torgina yoʻlagida ikkitagina “qoʻlbola” doʻkonda yeguliklar, salqin ichimliklar sotilmoqda. Shunda men ham uyga hech narsa xarid qilmaganim yodimga tushib, doʻkon yoniga bordim. Konfet, qand-qurs, non xarid qilish taraddudiga tushdim.
Qarasam, choʻntakda naqd pul chatoq, plastik kartada esa yetarlicha bor. Aksiga olib sotuvchi “bizda plastik ishlamaydi” deb qoldi. “Endi uyga quruq qoʻl bilan boramanmi?” deb oʻylanib qoldim.
Shunda bir notanish yigitcha jonimga aro kirdi. “Siz istagan narsangizni xarid qiling, men naqd pul beraman” dedi. Quvonib ketdim. Ancha muncha, toʻgʻrirogʻi, 100 ming soʻm atrofida savdo qildim. Shunda boyagi yigitcha sotuvchidan necha soʻm boʻlganini soʻradi va mening xaridim uchun toʻlovni amalga oshirdi.
Men choʻntagimdan telefonimni olib, “hozir sizga «klik” qilib, pulni oʻtkazib beraman» dedim. Hojatbaror yigitcha oʻzining vagoniga chiqib ketar ekan, “qoʻyavering aka, siz ham kimgadir yaxshilik qiling” dedi va qoʻllari bilan “xayr” ishorasini qilib gʻoyib boʻldi.
Men esa qoʻlimdagi shuncha narsa bilan yoʻl oʻrtasida toʻxtab qoldim. Provodnikning “tez keling aka, poyezd yuradi” degan gapi xayolimni boʻlib yubordi. Oʻzimning “16” vagonimga qarab yugurdim. Oʻrindiqqa kelib oʻtirganimda qoʻlimdagi narsalarga qarab oʻsha yigitcha haqida oʻyladim. “Nahotki, dunyoda shunday hojatbarorlar ham bor, nahotki, birovga chin yurakdan yaxshilik qilishning qadri shunchalar ulugʻ boʻlsa”. Shunda Uinston Cherchillning “Nima qilsang senga qaytadi” degan hikmati yodimga tushdi va oʻzimga oʻzim vaʼda berdim: endi men ham odamlarga qoʻlimdan kelganicha yaxshilik qilaman...
Faxriddin BOZOROV, “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring