«Odamlar menga ishonishlari uchun meni koʻrishlari kerak» — Qirolicha Yelizaveta II 70 yillik hukmronligi qanday muvaffaqiyat va xatolar bilan tarixda qoldi?

01:04 10 Sentyabr 2022 Dunyo
2445 0

Foto: Tim Graham / Getty Images

Joriy yilning 8-sentyabr kuni Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya qirolichasi Yelizaveta II 96 yoshida hayotdan koʻz yumdi. U Buyuk Britaniya va dunyoda eng uzoq hukmronlik qilgan monarxga aylandi. Qirolicha oʻz hukmronligining 70 yillik davrida texnologiyalarning jadal rivojlanishi, koinotning zabt etilishi, qurollanish poygasi, sotsialistik tizimning yemirilishi va dunyoning butunlay oʻzgarishi, iqtisodiy inqirozlar guvohi boʻldi. Yelizaveta II taxtda boʻlganida Britaniyaning oʻzi oʻzgardi. Uning davrida mamlakatda 15 bor bosh vazir almashdi — Uinston Cherchilldan Liz Trassgacha.

Xoʻsh, Yelizaveta II Buyuk Britaniya monarxiyasi qiyofasini qanday oʻzgartirdi va uning hukmronligi qanday esda qoladi? Quyida shu haqda.

Kutilmagan omad

Yelizaveta II ning goʻdaklikdagi portreti. Rassom Jon Sent-Heliyer Lander tomonidan chizilgan.

Yelizaveta II qirol Jorj V ning ikkinchi oʻgʻli shahzoda Albert oilasida tugʻilgan va umuman olganda, hech qachon malika boʻlmasligi kerak edi.

1936-yilda Jorj V vafotidan keyin taxtga uning katta oʻgʻli Edvard oʻtirdi. Biroq, tez orada mamlakatda konstitutsiyaviy inqiroz boshlandi. Bunga yangi qirolning ajrashgan amerikalik sotsialist Uollis Simpsonga uylanish istagini eʼlon qilgani sabab boʻldi.

Nikohga hukumat va Anglikan cherkovi qarshilik koʻrsatdi. Negaki, sobiq turmush oʻrtogʻi tirik boʻlgan ajrashgan ayolga uylanish diniy tamoyillarga mutlaqo zid edi. Ammo yon-atrofdagi katta bosimga qaramay, Edvard oʻz sevgisi foydasiga tanlov qildi va taxtdan voz kechdi. Uning ukasi Albert qirol boʻldi, toj kiyishdan keyin u Jorj VI ismini oldi va yosh malika Yelizaveta taxt uchun birinchi raqamli vorisga aylandi.

Murakkab debocha

Vindzor gersogi Edvard rafiqasi Uollis Simpson bilan. U Uollis Simpson uchun taxtdan voz kechgan edi. 1937-yil 3-iyun. Fransiya.

1952-yil 6-fevralga oʻtar kechasi Jorj VI trombozdan vafot etadi. Otasining oʻlimi haqidagi xabarni Yelizaveta Keniyada eshitadi va u Buyuk Britaniya qirolichasi sifatida Londonga qaytib keladi.

“Men yoshligimda zimmasiga yuklangan bu ogʻir yukda Xudodan yordam soʻrayman”, degan edi u oʻshanda.

Yelizaveta taxtni ancha qiyin vaziyatda egalladi. Chunki otasi davrida Britaniya imperiyasining qulashi boshlangan edi — Hindiston, Pokiston, Birma va Seylon mustaqillikka erishgandi. Falastin oʻrnida yosh yahudiy Isroil davlati paydo boʻldi. Xalqaro vaziyat ham ogʻir edi: dunyo Ikkinchi jahon urushi oqibatlaridan endigina tiklanayotgan va SSSR va AQSH oʻrtasidagi sovuq urush allaqachon kuchayib ketgan davr edi.

Teleekranlar malikasi

Qirolicha Yelizaveta II va Edinburg gersogi Yelizavetaning toj kiyish marosimidan soʻng Bukingem saroyi balkonidan olomon tomon qoʻl silkitmoqda. London, 1953-yil 2-iyun. Foto: Keystone/Hulton arxivi/Getty Images

Yelizavetaning toj kiyish marosimi 1953-yil 2-iyunda boʻlib oʻtdi. Mamlakat tarixida ilk bor marosim televideniye orqali namoyish etildi. Uni butun dunyo boʻylab millionlab odamlar kuzatib borishdi va koʻplab britaniyaliklar hatto buning uchun birinchi televizorlarini sotib olishdi.

“Odamlar menga ishonishlari uchun meni koʻrishlari kerak”. Bu gap biograflarning fikriga koʻra, qirolichaning deyarli 70 yillik hukmronligi davrida bir necha bor yangragan.

Cherchillning gʻazabi

Qirolicha Yelizaveta II Hamdoʻstlik bosh vazirlari va rahbarlari, jumladan Uinston Cherchill bilan. 1952-yil dekabr. 
Foto: PA Images/Getty Images

25 yoshli qirolicha bilan gaplashishi kerak boʻlgan birinchi Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill edi. U juda gʻayrioddiy va muloqot qilish juda qiyin siyosatchi edi. Tarixchilarning taʼkidlashicha, Cherchill taxtda “yosh bola” oʻtirganidan shunchalik gʻazablanganki, u hatto gʻazabdan yigʻlagan ham ekan.

Biroq, vaqt oʻtishi bilan uning qirolichaga boʻlgan munosabati oʻzgardi va hatto ular oʻrtasida doʻstlik paydo boʻldi. Yelizaveta II bosh vazirlar bilan muntazam ziyofatlar amaliyotini Cherchilldan boshlagan va bu uning oʻlimigacha davom etdi — qirolicha oʻlimidan ikki kun oldin, 6-sentyabrda Liz Trassni Buyuk Britaniya bosh vaziri etib tayinlagan va ushbu tayinlov munosabti bilan uyushtirilgan ziyofatda qatnashgan edi.

Suvaysh inqirozi

Harbiylar va Westland Whirlwind vertolyotlari HMS Theseus samolyot tashuvchisi kemasida. Port-Said shahri, Misr, 1956-yil. 
Foto: PA Images/Getty Images

Cherchill 1955-yilda sogʻligʻi yomonlashgani sababli isteʼfoga chiqdi. Bu lavozimda uning oʻrnini konservativ Entoni Eden egalladi. Biroq, 1956-yilda boshlangan Suvaysh inqirozi tufayli uning bosh vazirligi qisqa muddatli va juda muvaffaqiyatsiz boʻldi.

Misrning yangi hokimiyatlarining AQSH va Buyuk Britaniya bilan qarama-qarshiliklari, shuningdek, ikki Gʻarb davlatining Asvan toʻgʻoni qurilishini moliyalashtirishdan bosh tortishi Qohirani Suvaysh kanalini milliylashtirishga undadi. Bunga javoban kema arteriyasi ulushlarining bir qismiga egalik qilgan Buyuk Britaniya Misrga hujum qilish uchun Fransiya va Isroil bilan yashirin shartnoma imzoladi.

Harbiy muvaffaqiyatlarga qaramay, Buyuk Britaniya va Fransiya AQSH, SSSR va Birlashgan Millatlar Tashkilotining kuchli bosimiga duch keldi va oʻz qoʻshinlarini olib chiqishga majbur boʻldi. Operatsiyaning muvaffaqiyatsizligi Edenni isteʼfoga chiqishga majbur qildi.

Imperiyaning qulashi

Ganaliklar Britaniya imperiyasidan oʻz mustaqilligini nishonlamoqda. 1957-yil. Foto: Getty Images

Suvaysh inqirozi Buyuk Britaniyaning dunyodagi mavqeini keskin silkitib yubordi: mamlakat jahon yetakchisi maqomini yoʻqotib, AQSHga qattiq qaram boʻlib qolgani maʼlum boʻldi. Bu Yelizaveta IIning otasi davrida boshlangan Britaniya koloniyalarini yoʻqotish jarayonini tezlashtirdi.

Ganadan boshlab, Afrikadagi boshqa Britaniya koloniyalari birin-ketin mustaqilliklarini eʼlon qila boshladi. Dekolonizatsiyani Edendan keyin bosh vazir boʻlgan Garold Makmillan qoʻllab-quvvatladi. “Bu qitʼada oʻzgarishlar shamoli esmoqda. Buyuk Britaniya esa bu bilan hisoblashishi kerak”, Keyptaunda soʻzlagan nutqida Garold Makmillan.

Britaniya imperiyasining qulashi nihoyat 1997-yilda Gonkongning Xitoy Xalq Respublikasiga oʻtishi bilan yakunlandi. Uning oʻrniga atigi 16 davlatdan iborat Millatlar Hamdoʻstligi tashkil etildi.

Janobi Oliyalarining eng buyuk xatosi

Qirolicha Yelizaveta II va shahzoda Filipp Aberfanda. 1966-yil 29-oktyabr. Foto: Syndication / Mirrorpix / Getty Images

1966-yilda Buyuk Britaniya dahshatli fojiadan karaxt ahvolga qoldi: Janubiy Uelsdagi Aberfan qishlogʻidagi koʻmir konida toshlarning qulashi oqibatida koʻchki yuz berib, bir necha daqiqada togʻ etagida joylashgan maktabni bosib qoldi. Oqibatda 144 kishi halok boʻldi. Qurbonlarning 28 nafari kattalar va 116 nafari bolalar boʻlib, ularning aksariyati 7-10 yosh atrofida edi. Ushbu fojia sabab Aberfan butun bir avlodini yoʻqotdi.

Yelizaveta II turmush oʻrtogʻi Filipp Aberfanga yuboradi. Chunki uning voqea joyiga borishi qutqaruv operatsiyalarini toʻxtatib qoʻyishiga sabab boʻlishidan qoʻrqqan.

“Odamlar menga chalgʻib, vayronalar ostidan topilishi mumkin boʻlgan bir bolani sezmasliklari mumkin edi”, deya izohlagan edi oʻshanda qirolicha oʻz qarorini.

Yelizaveta jabrlangan qishloqqa fojiadan sakkiz kun oʻtib borgan va uzoq vaqt tanlaganidan pushaymon boʻlgani bildirgan.

«Butun hukmronligimdagi eng katta xatolardan biri bu Aberfanga avvalroq kelmaganim», degan edi u keyinroq yaqinlariga.

Irlandiyadagi tartibsizliklar

Politsiya inspektori oʻlimiga sabab boʻlgan politsiya boʻlimidagi portlash oqibatlari. Belfast, Shimoliy Irlandiya, 1971-yil noyabr. Foto: AP

1960-yillar oxirida Shimoliy Irlandiyada mintaqaning Buyuk Britaniyadan mustaqilligi va uni Irlandiya Respublikasi bilan birlashishi uchun harakat kuchaydi. “Respublikachilar” va «sodiqchilar» oʻrtasidagi “tartibsizlik” deb nomlangan qonli toʻqnashuvning shartli sanasi 1969-yil deb hisoblanadi. Keyin ikkala lager tarafdorlari Shimoliy Irlandiyaning Londonderri shahrida koʻp kunlik koʻcha jangi uyushtirishdi.

Shimoliy Irlandiya hukumati rahbari Londondan Britaniya qoʻshinlarini olib kelishni soʻradi. 1971-yilda ayirmachi Irlandiya Respublika armiyasi birinchi britaniyalik askarni oʻldiradi. Umuman olganda, 38 yillik mojaroda har ikki tomondan 3,5 ming kishi halok boʻlgan.

Londonderridagi “Qonli yakshanba”

Shimoliy Irlandiyaning Londonderri shaharchasi koʻchalarida “Qonli yakshanba” voqealaridan keyin yongʻin. 1972-yil fevral. Foto: Mishel Laurent / AP

1972-yil 30-yanvarda Britaniya harbiylari Londonderridagi tinch namoyishni oʻqqa tutadi. 13 nafar qurolsiz namoyishchi, jumladan oʻsmirlar va bir ruhoniy halok boʻladi. Guvohlarning aytishicha, harbiylar qochishga yoki yaradorlarga yordam berishga uringanlarni sovuqqonlik bilan otgan va tez yordam mashinalarini yaqinlashtirmagan.

Tarixga “Qonli yakshanba” nomi bilan kirgan bu voqea nafaqat irlandiyalik ayirmachilar, balki koʻplab britaniyalik siyosatchilarni ham gʻazablantiradi. Oʻsha yili namoyishchilarni oʻqqa tutgan askarlarga qoʻmondonlik qilgan podpolkovnik Derek Uilford Yelizaveta II tomonidan Britaniya imperiyasi ordeni bilan taqdirlanishi bu gʻazabni yanada orttiradi.

Xonim qirolichaga qarshi

Qirolicha Yelizaveta II va Bosh vazir Margaret Tetcher Hamdoʻstlik hukumatlari rahbarlarining uchrashuvida. Lusaka, Zambiya, 1979-yil oktyabr. Foto: Tom Stoddart / Getty Images

1979-yil 4-mayda Buyuk Britaniya tarixida birinchi marta ayol kishi, yaʼni Margaret Tetcher bosh vazir boʻldi. U oʻzining qattiqqoʻlligi va moslashuvchanligi uchun “Temir xonim” laqabini oladi. Tetcherning rahbarligida Buyuk Britaniya Argentina bilan Folklend orollari uchun urushga kirdi. Harbiy kampaniyaning muvaffaqiyati Suvaysh inqirozi uchun oʻziga xos qasos boʻldi va koʻp jihatdan Tetcherning bosh vazirlik lavozimini belgilab berdi. U hozirgacha eng yorqin va eng muvaffaqiyatli Britaniya siyosatchilaridan biri hisoblanadi.

Bir qarashda, Tetcher va Yelizaveta II Britaniyaning boshida turgan, bir-biridan atigi olti oylik farq bilan tugʻilgan ikki ayol til topishishi kerak edi. Biroq, ikkalasining tarjimayi holi va matbuot ular oʻrtasidagi munosabatlar juda keskin boʻlganini koʻrsatadi.

1986-yilda “The Sunday Times” gazetasi Yelizaveta IIning yordamchilariga iqtibos keltirgan holda qirolicha oʻz bosh vazirining siyosatidan juda norozi boʻlganini xabar qilgan edi. Tetcher Janubiy Afrikada aparteidga qarshi sanksiyalarni qoʻllashni qatʼiyan rad etadi, bu Qirolichaning fikricha, Britaniyaning mintaqadagi boshqa davlatlar bilan munosabatlariga putur yetkazadi va Hamdoʻstlikning qulashiga olib kelishi mumkin. Oʻz navbatida, Bukingem saroyi ommaviy axborot vositalaridagi ushbu xabarlarni rad etadi.

Qurol ostidagi toj

Qutqaruvchilar jasadni suvdan olib chiqishdi. Fojia Irlandiya respublika armiyasi (IRA) jangchilari qirolichaning amakivachchasi graf Lui Mauntbatten boʻlgan yaxtani portlatib yuborishi natijasida roʻy berdi. Irlandiya, 1979-yil 27-avgust. Foto: Maksvell / AP

Irlandiyadagi “tartibsizliklar” susaymadi. 1979-yil 27-avgustda IRA jangchilari Yelizaveta IIning amakivachchasi, 79 yoshli lord Lui Mauntbattenning yaxtasini portlatib yuborishadi. U oilasi bilan Irlandiya shimoli-gʻarbidagi yozgi uyda dam olayotgan va oʻsha kuni baliq ovlashga ketayotgan edi. Mauntbatten bilan birga uning nabirasi, qizining qaynonasi va yaxtada ishlagan irlandiyalik bola ham halok boʻladi. Oʻsha kuni IRA Irlandiya shimoli-sharqida Britaniya konvoyini ham portlatib yubordi, natijada 18 nafar askar halok boʻldi.

1984-yil 12-oktyabrda irland ekstremistlari Britaniya Konservativ partiyasining qurultoyi boʻlib oʻtayotgan Braytondagi Grand Hotelni bombardimon qiladi. Besh kishi halok boʻladi, 30 dan ortiq kishi yaralanadi. Bosh vazir Margaret Tetcher moʻjizaviy tarzda hujumdan omon qoladi.

Uzoq kutilgan yarashuv

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta Shimoliy Irlandiya birinchi vaziri oʻrinbosari Martin MakGinnes bilan qoʻl berib koʻrishmoqda. Uning yonida birinchi vazir Piter Robinson turibdi. Belfast, 2012-yil 27-iyun. Foto: Pol Fayt / Reuters

1990-yillarda tinchlik jarayoni boshlanadi, uning asosiy natijasi 1998-yilda Belfast bitimining imzolanishidir. 2011-yilda qirolicha Yelizaveta II 100-yil ichida Irlandiya Respublikasiga tashrif buyurgan birinchi Britaniya monarxiga aylandi. Va 2012-yilda qirolicha birinchi marta amakivachchasini oʻldirish paytida guruhni boshqargan IRAning sobiq rahbari bilan uchrashdi va uning qoʻlini siqdi.

“Bu voqealar barchamizga, koʻpchiligimizga taʼsir qildi va ogʻriqli meros boʻlib qolmoqda. Biz halok boʻlganlar yoki yaralanganlarni va ularning oilalarini hech qachon unuta olmaymiz. Orqaga nazar tashlaydigan boʻlsak, biz hammamiz nimanidir boshqacha qilishimiz yoki umuman qilmasligimiz kerakligini tushunamiz”, dedi qirolicha Dublindagi nutqida.

Monarxiya evolyutsiyasi

1985-yilda Endi Uorxol tomonidan chizilgan Yelizaveta II portreti. Qirolichaning yubileyi munosabati bilan kartina Sothebyʼsda namoyish etilgan. London, 2022-yil may. Foto: Alberto Pezzali / AP

Britaniya va dunyo bilan bir qatorda Britaniya monarxiyasining oʻzi ham tez oʻzgarib bordi. Yelizaveta II davrida u tobora ochiq boʻlib bordi: Bukingem saroyiga ekskursiyalar tashkil etila boshlandi va qirollik oilasi aʼzolari hayotidagi asosiy voqealar ommaviy tarzda butun dunyoga efirga uzatildi.

Qirollik oilasi aʼzolarining ham protokoldan chiqa boshladi. Ular oddiy britaniyaliklar kabi kiyinib, hatto jamiyatning quyi qatlamlari vakillari bilan turmush qurdi.

Xalqqa yanada yaqinroq

Yelizaveta II va shahzoda Filipp “Qirollik yurishida”. Foto: Tim Graham/Getty Images

Britaniya qirolichasi koʻpincha oʻzgarish uchun oʻzidan boshlardi. 1970-yilda Yelizaveta II aholi bilan muloqot qilishning yangi amaliyotini joriy etdi. “Qirollik yurishi” deb nomlangan ushbu tadbirlarda u shahar koʻchalari boʻylab sayr qilar, oddiy odamlar bilan salomlashib, muloqot qila boshladi. Va 1992-yildan boshlab, Britaniya monarxi hatto soliq toʻlashni boshladi.

Bundan tashqari, Britaniya qirolichasi hazil tuygʻusidan xoli emas edi: u Londondagi Olimpiya oʻyinlarining ochilish marosimida nabirasi shahzoda Garri bilan birgalikda AQSH prezidenti Barak Obamaga hazil videomurojaat yoʻllaydi.

“Keling, oʻzimizni juda jiddiy qabul qilmaylik. Hech birimiz donolikka monopoliyaga ega emasmiz”, deyiladi monarxning oʻsha murojaatida.

Qirolicha betaraf boʻlganmi?

Qirolicha Yelizaveta II oilasi davrasida. Chapdan oʻngga malika Anna, shahzoda Endryu, shahzoda Filipp, qirolicha, shahzoda Eduard va shahzoda Charlz. Bukingem saroyi, 1972-yil. Foto: Fox Photos / Getty Images

Yelizaveta II hech qachon siyosiy pozitsiyasini bildirmagan va hukumatining harakatlarini tanqid qilmagan. Ammo bu Britaniya qirolichasi oʻz vatanida va jahonda roʻy berayotgan muhim voqealarni eʼtiborsiz qoldirganini anglatmaydi: uning soʻzlari hamisha tinchlikka intilish bilan sugʻorilgan, ogʻir va mashaqqatli damlarda xalqni ruhlantirgan, yorugʻ kelajakka umid baxsh etgan.

“Men sizni jangga olib bormayman va qonun yozmayman. Men yuragimni va oʻz sadoqatimni ushbu eski orollar va Buyuk Britaniya xalqiga bagʻishlashim mumkin”, degan edi monarx.

Yashirin taʼsir

Qirolicha Yelizaveta Qirollik havo kuchlari bazasiga tashrif buyurayotganda tabassum qiladi. Marhem, Angliya, 2008-yil 4-fevral.
Foto: Getty Images

Yelizaveta II ning Buyuk Britaniyaning siyosiy hayotidagi oʻrni faqat rasmiy, deb oʻylash xato boʻladi. “Guardian” gazetasi oʻtkazgan tekshiruvda qirolicha va uning advokatlari qirollik oilasi manfaatlariga mos keladigan qonunchilikka oʻzgartirish kiritish uchun lobbichilik qilishga muvaffaq boʻlgani aniqlangan.

Buning uchun ular “qirollik roziligi” tartib-qoidasidan foydalanishadi, unga koʻra, agar qonun loyihasi qirollik oilasining imtiyozlari va shaxsiy manfaatlariga daxldor boʻlishi mumkin boʻlsa, parlament monarxning roziligini olishi kerak.

Misol uchun, Milliy arxiv hujjatlariga koʻra, 1970-yillarda Yelizaveta IIning shaxsiy advokati vazirlarga monarxning ulushini oshkor qilmaslik uchun Moliyaviy shaffoflik toʻgʻrisidagi qonun loyihasini oʻzgartirishni talab qilib, bosim qilgan.

Turmush oʻrtogʻining oʻlimi

Qirolicha Yelizaveta va uning turmush oʻrtogʻi shahzoda Filipp Maltadagi asal oyida. Shahzoda bu yerda Qirollik dengiz flotida xizmat qilgan. 1947-yil. Foto: Getty Images

2021-yil 9-aprelda Yelizaveta IIning turmush oʻrtogʻi shahzoda Filipp 99 yoshida, yuz yillik yubileyiga ikki oy qolganda vafot etdi. Ularning oʻgʻli shahzoda Endryuning soʻzlariga koʻra, yoʻqotish qirolicha hayotida katta boʻshliq qoldirdi.

Biroq, eri vafotidan atigi toʻrt kun oʻtgach, Britaniya monarxi allaqachon qirollik vazifalariga qaytgan. Shuningdek, u Filippning dafn marosimida matonat va chidamlilik koʻrsatdi va u bilan vidolashuv marosimiga uning taxtga oʻtirishidan oldin yashagan Maltadan olingan fotosuratni olib ketdi.

Qorongʻi yubiley

Qirolicha platina yubileyini nishonlashda oilasi bilan oʻralgan: chapda - shahzoda Charlz rafiqasi Kamilla bilan, oʻngda - shahzoda Uilyam rafiqasi Ketrin va bolalari: shahzoda Jorj, malika Sharlotta va shahzoda Lui. Bukingem saroyi, 2-iyun, 2022-yil. Foto: AP

2022-yil iyun oyida Yelizaveta II oʻzining platina yubileyini – taxtga oʻtirganiga 70 yil toʻlishini nishonladi. Bayramlar harbiy parad, konsertlar va Qirolicha va qirollikka bagʻishlangan koʻplab koʻrgazmalar bilan birga boʻldi.

Ammo mamlakatda boshlangan siyosiy inqiroz tez orada bayramlar soyasida qolib ketdi. Dauning-stritdagi lokdaunnlarni buzgan partiyalar tufayli ishonchsizlik votumidan qochishga muvaffaq boʻlgan Bosh vazir Boris Jonson yangi janjalga aralashib qoldi. Ushbu janjal 7-iyul kuni bosh vazirni isteʼfoga chiqishiga majbur qildi.

Jonsonni oʻrnini hukmron Konservativlar partiyasi rahbari sifatida avval tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan Liz Trass egalladi. 6-sentyabr kuni Yelizaveta II Shotlandiyaning Balmoral qasrida Trassni Buyuk Britaniya Bosh vaziri lavozimiga tayinladi.

Qirolichaning oʻlimi

Foto: Getty Images

Uchrashuvda qirolicha juda charchagan, shekilli, shifokorlar Yelizaveta II ga dam olishni va 7-sentyabrga rejalashtirilgan Maxfiy kengash yigʻilishini bekor qilishni tavsiya qilishdi. Ammo tanaffusga qaramay, qirolichaning ahvoli yomonlashda davom etdi va bu shifokorlarni jiddiy tashvishga soldi. 8-sentyabr kuni taxt vorisi shahzoda Charlz va qirolichaning qolgan farzandlari, shuningdek, uning nevaralari shahzoda Uilyam va Garri Balmoralga joʻnab ketishdi.

Shu kuni Yelizaveta II 96 yoshida vafot etdi. Kutilganidek, ertasi kuni shahzoda Charlz Buyuk Britaniya qiroli deb eʼlon qilindi. Tez orada qirollik boʻylab motam safariga chiqdi va hududlar rahbariyati, shuningdek, oddiy fuqarolar bilan uchrashadi. Qirolichaning jasadi Shotlandiyadan Vestminster saroyiga koʻchiriladi. Yelizaveta IIning davlat dafn marosimi uning vafotidan 10 kun oʻtib, 18-sentyabr kuni Vestminster abbatligida boʻlib oʻtadi.

Fazliddin Abilov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?