Obod mahallalar koʻpaymoqda

13:59 24 Fevral 2025 Jamiyat
124 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Bugun mahallalar aholi muammolarini yechishga qodir idora sifatida oʻzini tobora yaqqol namoyon etmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan boshlangan joylardagi ogʻir hududlar deb belgilangan aholi manzillarida “Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” mezonlari asosida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Samarqand viloyatidagi toʻrt sektordan eng ogʻir sharoitdagi bittadan mahalla tanlab olinib, yoʻl xaritalari ishlab chiqildi. Narpay tumanidagi Boʻston mahallasi ham sharoiti ogʻir hududlardan hisoblanadi. Mahalla Boʻston va Qoʻshtepa qishloqlaridan iborat boʻlib, 546 xonadon mavjud. Shundan 28 ta sharoiti ogʻir, nogironligi bor, boquvchisi yoʻq xonadonlar aniqlandi.

Mahallada infratuzilmani rivojlantirish uchun viloyatdan 23 ta, tumandan 45 ta tashkilot biriktirilgan. Qoʻshtepa qishlogʻidagi 120 oʻrinli 58-umumtaʼlim maktabida qariyb 300 nafar oʻquvchi taʼlim oladi. Dastur doirasida “Maroqand sifat” klaster korxonasi ushbu qishloqda 300 oʻrinli yangi maktab qurishni rejalashtirmoqda. Yangi maktab foydalanishga topshirilgandan soʻng, eski maktab binosi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga moslashtiriladi. Bu yerdagi yerosti ichimlik suvi aholi isteʼmoli uchun yaroqsiz hisoblanadi. Yuqori hududdagi tabiiy buloq suvini jamlab boshqa mahallalar qatorida “Boʻston” qishlogʻiga ham quvurlar keltirilib, soatbay toza suv berilmoqda. Endilikda shu buloqni taʼmirlab, 15 kilometr tarmoq tortish rejalashtirilgan. Mahallada tabiiy gaz yoʻqligi tufayli aholini suyultirilgan gaz ballon bilan taʼminlash uchun xonadonlar toʻliq xatlovdan oʻtkazildi. Xatlovda aniqlanishicha, qoʻshimcha 270 dona maishiy gaz balloniga ehtiyoj seziladi.

— Dastur doirasida respublika byudjetidan qoʻshimcha 1 milliard soʻm mablagʻ ajratilmoqda, — deydi “Boʻston” mahallasi raisi Feruza Qarshiyeva. — Bu mablagʻ yoʻllarni taʼmirlash, elektr energiyasi va ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, ijtimoiy masalalarni yechish va aholiga qulay turmush sharoiti yaratishga sarflanadi.

“Boʻston” mahallasi Prezidentimizning 2023-yil 10-oktyabrdagi “Yoʻl xoʻjaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tumandagi 7 ta, viloyatda 101 ta ogʻir mahalla toifasiga kiritilgan. Bunday ogʻir hududlardagi aholini kambagʻallikdan chiqarish uchun tomorqa xoʻjaliklarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

“Boʻston”, “Yangiariq” mahallasining bir qismi, yaʼni 5043 nafar aholisiga koʻp tarmoqli poliklinikaning “Oybek” filiali tibbiy xizmat koʻrsatadi. Mahalla binochi yonida qoʻshimcha tibbiy konteyner ham oʻrnatilgan. Unda uch nafar hamshira aholiga tibbiy xizmat koʻrsatib kelmoqda. Bu aholining tibbiy xizmat uchun uch-toʻrt kilometr masofaga qatnashining oldini oladi.

— Mahallada 546 xonadon, 654 oila, 2505 nafar aholi istiqomat qiladi, — deydi “Boʻston” mahallasidagi hokim yordamchisi Nurali Togʻayev. — 131 ta kambagʻal oila, 140 nafar ishsiz fuqaro roʻyxatga olingan. Ishsizlik darajasi 20 foizni tashkil qiladi. Mahallamizdagi 10 ta kambagʻal oilaning xonadoni “Optima agro” klaster fermer xoʻjaligi tomonidan taʼmirlanadi. Shundan 4 tasi yangidan quriladi. Aholini kambagʻallikdan chiqarish uchun chorvachilikni rivojlantirish, banklarning koʻmagida qoʻshimcha drayver sifatida bogʻdorchilik, uzumchilik yoʻnalishini yoʻlga qoʻyish choralari koʻrilmoqda. “Qoʻshtepa” qishlogʻida aholi tasarrufida oʻrtacha 20 sotixdan, “Boʻston” qishlogʻida oʻrtacha 8-10 sotixdan tomorqa maydoni mavjud. Ammo sugʻorish muammosi tufayli yerdan foydalanish imkoniyati past. Hozirda “Qoʻshtepa” qishlogʻiga tomorqa uchun suv keladi. “Boʻston” qishlogʻida tomorqani sugʻorishning imkoni yoʻq. Klaster korxonasining nasosidan foydalangan holda suv yetkazib berish orqali tomorqa dehqonchiligini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Hozirda mahallada xorijga ishlashga ketgan 32 nafar fuqaro bor. Ular bilan bogʻlanib, ishga joylashtirish choralari koʻrilmoqda. Mahalladagi eng nochor 28 oila tijorat banklariga biriktirilib, ularning har biriga imtiyozli shartlar asosida 100 boshdan tovuq berish rejasi ishlab chiqilgan.

— Qishlogʻimiz 1970-yillarda tashkil qilingan. Oʻshanda bir nechta uy boʻlgan boʻlsa, hozir 275 ta xonadon, 1400 aholi bor, — deydi “Qoʻshtepa” qishlogʻi oqsoqoli Abdusalom Gʻulomov. — Ayni paytda qishloqda 17 ta ichki koʻcha bor. Yil boshidan buyon shu koʻchalarga 470 mashina qizil qum toʻshaldi. Bu shagʻaldan mustahkam. Biz uchun arzon. Elektr tarmoqlari uchun 80 ta beton ustun oʻrnatildi. Yopiq kabellar tortildi. 1 ta 250 kVtlik yangi transformator qoʻyildi. Xonadonlar oʻrganilib, ehtiyoji bor oilalarga gaz ballon berish choralari koʻrilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер