Nukusdagi maktab “Buyuk Britaniyaga sayohat” yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi

17:03 11 Avgust 2022 Jamiyat
764 0

Foto: Xalq so‘zi

Xabaringiz bor, joriy yilning 3-5-avgust kunlari Toshkent shahrida Prezident sovrini uchun “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovining final bosqichi boʻlib oʻtgan edi. Ushbu tanlovda Qoraqalpogʻiston Respublikasidan Nurzada Matjanova oʻqib tushunish (reading) koʻnikmasi boʻyicha eng yuqori natija koʻrsatgan ishtirokchi sifatida eʼtirof etildi.

Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi mazkur tanlov natijalari boʻyicha hududlardagi maktablar reytingini eʼlon qildi. Unga koʻra, qoraqalpogʻistonlik Nurzada Matchanova tahsil olayotgan Nukus shahridagi 27-sonli umumtaʼlim maktabi 163.4 ballni qoʻlga kiritib, eng yaxshi natija koʻrsatgan maktablar roʻyxatida 4-oʻrinni egalladi.

— Ushbu nufuzli tanlovda Nurzadadan tashqari yana 4 nafar oʻquvchimiz faol ishtirok etdi, — deydi Nukus shahridagi 27-sonli umumtaʼlim maktabi direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Venera Uteshova. — Davlatimiz rahbarining 2021-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingach, Xalq taʼlimi vazirligining tegishli koʻrsatmalari asosida “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanloviga puxta tayyorgarlik koʻra boshladik. Bu yilgi tanlovda 8 mingdan oshiq maktab jamoalari ichida bizning maktab 4-oʻrinni egalladi. Albatta, erishilgan yutuqlarda maktabimiz chet tili oʻqituvchilari Azamat Sultamuratov, Aziz Aytimbetov va Amangul Tajimuratovaning katta hissasi bor. Ular kasbiy tajribasi va mahoratiga tayanib, oʻquvchilarda xorij tillarini chuqur oʻrganishga boʻlgan qiziqishni oshirishga astoydil harakat qilishgani bugun oʻz natijasini bermoqda.

Yana bir eʼtiborli jihati, maktab jamoasi “Buyuk Britaniyaga sayohat” yoʻllanmasini ham qoʻlga kiritdi. Ushbu taʼlim yoʻnalishidagi sayohatga chet tili oʻqituvchisi Amangul Tajimuratova besh nafar shogirdi bilan borishi rejalashtirilgan.

Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?