Nukus shahridagi ogʻir hududlar obod boʻlmoqda
Foto: Халқ сўзи
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yilning 24-fevral kuni Nukus shahridagi “Chimboy guzari” mahallasida “Obod mahalla” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish barobarida Qoraqalpogʻiston markazida ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ogʻir yettita mahalla borligini taʼkidlab, ularni ham obod qilish, yoʻlini, suvini, elektr energiyani yaxshilash, bir soʻz bilan aytganda, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish yuzasidan koʻrsatmalar bergan edi.
Ayni kunlarda ana shu ogʻir hududlar deb topilgan «Jeke terek», “Qizilqum”, “Qum ovul”, “Qutli makon”, «Qoʻskoʻl», “Boʻz ovul” va «Tele oray» mahalla fuqarolar yigʻinlarida qurilish va obodonlashtirish ishlari qizgʻin pallaga kirgan. Bir tomonda ichimlik suvi quvurlari yotqizilayotgan boʻlsa, boshqa tomonda koʻchalarga shagʻal-tosh toʻshalmoqda, yana birida simyogʻochlar temir-betonlarga almashtirilib, elektr liniyalari yangilanmoqda.
— Mahallalarni obod qilish ishlari belgilangan reja asosida suv tarmoqlarini yangilashdan boshlandi, — deydi Nukus shahar suv taʼminoti filiali bosh muhandisi Jandulla Dostnazarov. — Negaki, avvalo, suv tarmogʻi soz boʻlsa, keyinchalik yoʻl va boshqa qurilish-obodonlashtirish ishlari izchil davom etadi. Ogʻir hudud deb topilgan mahallalarda 9 milliard 223 million soʻm mablagʻ hisobidan 52 kilometrdan ortiq suv tarmoqlarini yangidan tortish nazarda tutilgan. Hozirgi kunda har bir mahallada bitta qurilish brigadasi va 2 ta maxsus texnika va 15 nafar ishchi-xodimlar jalb qilingan.
«Tele oray» mahalla fuqarolar yigʻini Terekzar koʻchasida yashovchi Artikbay ogʻa Yerejepovning aytishicha, eski suv tarmoqlarining koʻp qismi bugungi infratuzilma talablariga javob bermagan. Sababi, oldinlari bu hududlarda aholi tarqoq yashagan va ayrim suv tarmoqlari aholining oʻzlari tomonidan hashar yoʻli bilan qurilgan. Oʻz navbatida bu ayrim hududlarda suv bosimining pastligidan yoki hududlarda tez-tez avariya holatlari, yaʼni suv tarmoqlari nostandart boʻlgani bois bosimga dosh bermay qolgan vaziyatlar yuzaga kelib turgan.
Shu kunlarda bu mahallaga «Aralqurilish montaj stroy» MCHJ tomonidan yangi suv tarmogʻi tortilmoqda. Suv tarmogʻi yangilangan koʻchalarga qum-shagʻal yotqizilib, boshqa kommunikatsiya tarmoqlarini yangilovchi ishchi guruhlar izma-iz ogʻir hududlarni obod maskanga aylantirmoqda.
Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring