Nukus pedagogika instituti qoshida bogʻcha ochiladi
Foto: “Xalq soʻzi”
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun matbuot anjumani oʻtkazildi.
Tadbir avvalida institut rektori Bayrambay Utemuratov OAV vakillarini taʼlim muassasasida joriy qilinayotgan yangiliklar bilan tanishtirib, amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Jurnalistlar dastlab, institutda yangidan jihozlangan Maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyachi pedagoglarining malakasini baholash markazi, chet tillaridan sertifikat olish uchun imtihonlarni topshirishga moʻljallab tayyorlangan xonalar bilan yaqindan tanishdilar.
Maʼlumot berilishicha, eng soʻnggi rusumdagi axborot texnologiyalari, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan ushbu xonalarda Qoraqalpogʻistonning tumanlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil qilish hamda test sinovlarini shaffof oʻtkazish imkoniyatlari yaratiladi. Mazkur tizim ishga qoʻshilgach, Toshkent shahriga borib malaka oshirishga imkoniyati, oilaviy sharoiti boʻlmayotgan oʻqituvchilar Nukus shahrida malakasini oshirish va ularga malaka sertifikatini berish tartibi joriy etiladi.
Muloqot davomida institut rektori hali mamlakatimizning boshqa oliy taʼlim muassasalarida yoʻlga qoʻyilmagan, yana bir yangilikni, yaʼni oliy oʻquv yurti qoshida maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilayotgani haqida aytib oʻtdi.
— Taʼlimni rivojlantirishda ham klaster tizimiga oʻtishni rejalashtirmoqdamiz, — dedi Institut rektori Bayrambay Utemuratov. – Biz faqat oliy taʼlimni emas maktabgacha, maktab va oliy taʼlimni uzviy bogʻlagan holda yondashuvni qoʻllasak natijadorlik oshadi. Masalan, mana shu institut qoshida qurilayotgan bolalar bogʻchasining ishga tushishini olib qaraylik: Aytaylik, sirtqi boʻlimdagi talaba farzandlari bilan oʻqishga kelishga qiynalishi mumkin. Agarda shu yerning oʻzida bogʻcha boʻlsa ular uchun ham, yuqori kurs talabalari farzandlarini ushbu bogʻchaga joylashtirish uchun ham qulaylik boʻladi. Shunda talabalar farzandlaridan koʻngli toʻq va olgan bilimlari ham samarali boʻladi
Matbuot anjumanida joriy oʻquv yiliga qabul jarayonlari boʻyicha ham maʼlumot berildi. Bu borada ham Nukus davlat pedagogika institutida abituriyentlarni ingliz tili yoʻnalishi boʻyicha qabul qilishda test sinovlaridan tashqari ingliz tilida yozish, oʻqish, tushunish kabi sinovlar joriy qilinayotgani taʼkidlab oʻtildi. Bu ham pedagogika institutini bitirib chiqqan kadrlar kelgusida maktab oʻquvchilariga sifatli taʼlim berishni kafolatlashga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida institut faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib kelayotgan bir guruh jurnalistlarga 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan esdalik sovgʻalar topshirildi.
Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring