Noyob Buxoro jayronlari

17:55 08 Avgust 2024 Jamiyat
594 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi Qizilqum choʻlining janubi-gʻarbiy qismi, Qarnabchoʻl massivida joylashgan. Hududining umumiy maydoni 16 ming 522 gektar. Shuning 5145 gektarini sim toʻsiq bilan himoyalangan hudud tashkil etadi. Bu yerda qushlarning 257 turi, sutemizuvchilarning 36, baliqlarning 15, sudralib yuruvchilarning 18, suv va quruqlikda yashovchilarning 2 turi uchraydi. Umurtqalilarning 57 turi noyob sanaladi. Umurtqasizlarning 700 ga yaqin turini uchratish mumkin.

Pitomnik faunasi xilma-xil. Asosiy hududda koʻpaytirilayotgan jayron, qulon, Buxoro togʻ echkisi va prjeval otlaridan tashqari, kaltakesak, boʻz echkemar, ilonlarning bir necha turi, choʻl toshbaqasi, tulki, toʻqay mushugi, qamish mushugi, katta qarqara, saqoqush, oʻrdak, qora tasqara, choʻl burgutlari bor.

— Zimmamizga yuklatilgan asosiy vazifa ayrim noyob hayvon turlarini saqlash, tiklash, koʻpaytirish, ularning biologiyasini oʻrganish, tabiiy xilma-xillikni asrash, ekologik taʼlim va turizm hisoblanadi, — deydi pitomnik rahbari Jamshid Hoshimov. — Uzun ignali kirpi, mitti qoʻshoyoq, turkman quloni, preval oti, Buxoro xonguli, Buxoro togʻ qoʻyi kabilar “Qizil kitob”ga kiritilgan. Bu roʻyxatda jayronlar ham bor. Soʻnggi hisob-kitoblarga qaraganda, maskanda 850 tagacha jayron yashayapti.

Ularning yovvoyi tabiat qoʻynida erkin yurganini koʻrish maroqli. Pitomnikda bizga saksovulzor-u yulgʻunzorlar oralab chamasi 10-15 chaqirim masofada sayohat qilish imkoniyatini yaratib berishdi. Jayronlar tabiatan hurkak. Sharpani olisdan sezgan zahoti oʻzlarini xavfsiz joyga olib, atrofni hushyorlik bilan kuzatishdi. Aytishlaricha, ular 500 metr masofani shamoldek yelib, bir zumda bosib oʻtadi. Keyin nafas rostlab, yirtqich hayvonlardan xalos boʻlish, iz yoʻqotish niyatida oʻzidan gʻalati bir hid taratadi. Toʻgʻri, pitomnik hududida boʻrilar yoʻq. Lekin yovvoyi tabiat qoʻynida har qanday jonivorning kushandasi uchrab turadi. Shoqol va tulkilar shular jumlasidan.

Jayronlar guruhlarga boʻlingan holda yuradi. Bolasiga mehr-oqibatli. Deylik, tugʻish davrida saksovulzorlarni tark etib, ataylab yaydoq dalaga keladi. Negaki, bu kimsasiz joylar xiyla bexavotir. Yon-atrofni sinchkovlik bilan kuzatish uchun qulay. Ular shu tariqa hali dunyoning ne-ne koʻrgiliklari borligidan bexabar ojiz va notavon bolalarini koʻz qorachigʻidek asraydi. Ularni beshafqat shoqol-u tulkilar hamlasidan himoya qiladi. Jayronlarning oʻz bolalari tinchini, gʻamini oʻylaganini koʻrib, tabiat deb atalmish buyuk musavvirga tahsin aytging keladi. Ne ajabki, dunyodagi hamma onalar tinchlig-u xotirjamlikni, farzandining baxt-u iqbolini har narsadan afzal biladi.

Sirasini aytganda, dunyo boʻylab ekologik muammolar yuzaga qalqib chiqayotgan, iqlim oʻzgarishlari roʻy berayotgan pallada hech bir jonzotga oson tutib boʻlmaydi. Shu nuqtayi nazardan davlatimiz tomonidan mazkur pitomnikning tashkil etilgani, hayvonot dunyosini asrab-avaylash uchun zarur sharoitlar yaratilgani eʼtiborga loyiq.

— Pitomnikda oʻz kasbining fidoyilari ishlaydi, — deydi ekologiya sohasi faollaridan biri Jahongir Sharipov. — Bilasiz, bu yerda yoz oʻta issiq, qish sovuq keladi. Qishning qirchillamasida pitomnik xodimlarining sovuqdan aziyat chekayotgan jayron bolalarini bagʻirlariga bosib oziqlantirishgani, ularni sogʻ-salomat onalari bagʻriga qaytarishgani guvohiman.

Biz bepoyon hududda jayronlar uchun alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatilayotgani shohidi boʻldik. Kimsasiz saksovulzor-u inson qadami yetmagandek tuyuladigan yaydoq qirlarda ular uchun maxsus ovqatlantirish joylari barpo etilgan. Qizigʻi, bu goʻshalar shunday qilinganki, ularga faqat jayronlargina kira biladi. Yirtqich hayvonlar ular rizqiga sherik boʻlolmaydi.

Pitomnik hududidagi Oʻrdakli koʻli atrofidan oʻtarkanmiz, jayronlarning navbatdagi galasiga koʻzimiz tushdi. Ular odatdagidek, oʻta sezgirlik bilan bexavotir joylarni moʻljal olib shamoldek yugurib ketayotgandi. Tabiatimizning ajralmas bir boʻlagi sanalgan bu nozik va kamyob jonivorlarga qarata beixtiyor, “Bor boʻling, omon boʻling” deging keladi!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер