“Nevaramni izlab kutubxonadan topdim...”
Joʻraqul Maxsimov 74 yoshda. Turmushning achchiq-chuchugini totgan bu otaxon bilan suhbatlashgan kishi hayot qadru qimmati, oʻgʻil-qizlar tarbiyasi bilan bogʻliq bilimi, dunyoqarashini boyitib oladi. Bu bejiz emas. Buxoro viloyati Olot tumanidagi Muxtor mahallasida yashovchi otaxon esini tanibdiki, kitob mutolaa qiladi.
— Qaysi bir kuni nevaram Asadbekni izlab, uni mahalladoshim Shahnozaxon tashabbusi bilan ochilgan kutubxonadan topdim, — deydi u. — Juda xursand boʻldim. Sizga aytar boʻlsam, oilamizda nevaralar qoʻliga kitob tutgan mahal ularni boshqa yumush bilan chalgʻitmaslik odati bor. Axir, kitob — bilim manbai. Undan olgan bilim bilan birni emas, mingni yiqish mumkin.
Aytmoqchi, bundan toʻqqiz oycha avval mamlakatimizning shu chekka mahallasida yashovchi Shahnoza Navroʻzova saʼy-harakati bilan kutubxona ochilgan va bu nafaqat viloyat, balki respublikamizda ham koʻpchilik eʼtiborini oʻziga tortgan edi. Voqealar rivojidan oʻzib aytish lozimki, Yoshlar ishlari agentligi rahbariyati tomonidan bu kutubxonaga “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 12 ta planshet sovgʻa qilindi.
— Qishlogʻimizdagi 29-umumtaʼlim maktabida oʻqiganman, — deydi Shahnoza. — Keyin Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida tahsil oldim. Poytaxtimizdagi akademik litsey va oʻquv markazlarida ishladim. Besh yilcha Turkiyaning Istanbul shahrida ham oʻqib, ham ishladim. Qayerda boʻlmay meni bolalikdagi orzu —qishlogʻimda kutubxona ochish niyati tark etmadi. Kitoblarim, kamtarona boʻlsa ham sarmoyam bor edi.
Ona-yurtga qaytgan Shahnoza amaliy ishga kirishdi. Tuman hokimligi va boshqa xayrixoh tashkilotlar koʻmagi bilan unga qadrdon maktabidan xona ajratib berildi. Tinib-tinchimas qiz ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali savobtalab insonlarga murojaatlar yoʻlladi. Natijada ham kitob taʼminoti, ham mablagʻ masalasida yordam kela boshladi. Bu juda hayratlanarli: qisqa muddat ichida mahallaning 300 dan ziyod xonadoniga kutubxona kitoblari kirib keldi. Ayni paytda bu ziyo maskani aʼzolari soni 400 nafardan oshdi. Hozir bu yerda jahon va oʻzbek adabiyoti, turli fan va sohalarga oid, shuningdek, xorijiy tillarni oʻrganishga moʻljallangan 2200 dan ziyod kitob bor. Shahnoza bir qator nashriyotlar bilan hamkorlik aloqalarini ham oʻrnatgan. Kutubxona aʼzolari bu yerda mutolaadan tashqari, shaxmat-shashka oʻynash, internet vositasida xorijiy tillarni oʻrganish imkoniyatiga ega.
Aytmoqchi, har kun kech soat 23 00 ga qadar kutubxona chirogʻi oʻchmaydi. Bu yerda 13 yoshdan kichik kitobxonlar va yoshi katta aʼzolar bilan alohida- alohida u yoki bu kitob muhokamasi ham oʻtkaziladi. Turli nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar nomi aniqlanadi.
Maqolamiz boshida nomini tilga olganimiz Joʻraqul otaga kelsak, uning oʻzidan tashqari, ikki qizi, besh nafar nevarasi ham kutubxonaning faol aʼzosi sanalishadi.
— Yaqinda huzurimizga uch-toʻrt nafar ayol kutubxonani izlab keldi, — deydi Muxtor mahalla fuqarolar yigʻini raisi Yangiboy Joʻrayev. — Surishtirsam, ular qoʻshni Qorakoʻl tumanidan ekan. “Bu yerdagi kutubxona daragini eshitib unga aʼzo boʻlgani keldik”, deyishdi. Shunda Shahnoza qizimizning bu xayrli tashabbusidan koʻksim togʻdek koʻtarildi. Buyogʻini soʻrasangiz, mahallamiz jinoyatdan xoli hudud sanaladi. Bunda shu kutubxonaning salmoqli hissasi bor. Chunki ziyo maskani keksayu yoshning boʻsh vaqtlarini mazmunli, foydali oʻtkazishda qoʻl kelayapti. Masalaning shu tomonlarini hisobga olib, uni moliyalashtirish jihatlari oʻylab koʻrilsa ayni muddao boʻlardi. Chunki u ayni paytda shaxsiy sarmoya va homiylar koʻmagi evaziga faoliyat koʻrsatmoqda.
Bu gapda jon bor, albatta. Kitob insonni toʻgʻri yoʻlga boshlaydi. Tafakkurini boyitadi, aqlini charxlaydi, oqu qorani tanitadi, mustaqil hayotga tayyorlaydi. Zero, bunday beminnat ziyo maskani har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga arziydi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring