Nega bozorlarimizda xurmo eng arzon meva?  

17:35 09 Noyabr 2021 Jamiyat
1292 0

Yurtimiz bog‘lari sharbatga to‘ldi. Shu kunlarda saxiy kuzning yana bir tuhfasi  bo‘lgan xurmo pishdi. Bu meva daraxtini Farg‘ona vodiyida deyarli har bir xonadon hovlisida uchratishingiz mumkin.  Shu bilan birga bozorlarimizda ushbu olovrang mevaning narxi negadir hamisha arzon bo‘ladi. Tadbirkorlar bunga baʼzi navlarining taʼmi taxirligini, sifati tez buzilishini sabab qilib ko‘rsatadilar.

Aslida olma, anor, uzum, nok singari boli tilni yoradigan mevalarimiz ichida xurmo tarkibi natriy, kaliy, magniy, temir moddalariga anchayin boy ekanini hamma ham bilavermaydi. Qadimiy tabobatda ham, zamonaviy tibbiyotda ham xurmo saraton hujayralari ildizini quritish xususiyatiga ega ekanligi uchun alohida qadrlanadi.

Hozirgi kunda kardiologlar yurakni quvvatlantirish uchun “Asparkam” tabletkasi yoki inyeksiyasi, nevrologlar esa bosh og‘rig‘i, miya qon tomirlarining torayishi oqibatida kelib chiqadigan kasalliklarni davolashda “Lizin” inyeksiyasidan foydalanishni tavsiya etadi. Farg‘ona shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi xususiy amaliyot shifokori Valisher Ibragimovning qayd etishicha, bir dona xurmoda 0,079 gramm asparagen kislotasie, 0.045 gramm lizin va 310 mg kaliy mavjud. Demak, kuniga uch-to‘rtta xurmo isteʼmol qilishga odatlanish yurak va bosh og‘rig‘i xastaliklaridan xalos etadi.

Ayni paytda xurmo yetishtirish borasida yurtimizda Surxon vohasi peshqadam. Lekin bu meva Farg‘ona vodiyida aholi tomorqalari, hatto tog‘li va cho‘l hududlarida ham parvarishlanib, mo‘l hosil olishga erishilayotganini qayd etish o‘rinli.

Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi xurmo mirishkori Abdurasul Mirzayevning  aytishicha, xurmo daraxtlarining bir tupidan o‘rtacha 200-300 kilogramm hosil olish mumkin. Ayni kunlarda aholi tomorqalaridagi bir tup xurmo daraxtidan 150 kilogrammgacha hosil yig‘ishtirib olinyapti.

-Vositachi tadbirkorlar (brokerlar) xonadonimizdan xurmoning bir kilosini 2 ming so‘mdan ulgurji narxda olib, eksport qiluvchilarga 3 ming so‘mdan o‘tkazishadi, - deydi Abdurasul aka. – Bozorlarimizda esa chakana narxda 4-5 ming so‘mdan sotilmoqda. Xurmodan olinadigan daromad kamligi bois uning o‘rniga gilos, uzum, olma singari mevalarni ekish tobora urfga kirayotganini ham aytish kerak.   

Ammo katta mehnat talab qilmaydigan,  kasallikka, sovuqqa chidamli, ko‘p meva beradigan, shifobaxsh xurmoning yangi navlarini ko‘paytirish davr talabi. Chunki bugun bog‘bon tabiat noqulayliklaridan ko‘p qiynalmoqda. Shu bois xurmo yetishtirishga ham ilm-fan yutuqlarini, innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish kerak, nazarimizda.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Xitoy, Koreya Respublikasida xurmo daraxtidan mebel jihozlari, AQSHda esa sport anjomlari tayyorlash ancha ommalashgan. Turkiya xurmoni qayta ishlash bo‘yicha jahon bozorida ulkan salohiyatga ega mamlakat hisoblanadi. Bizda esa xurmo daraxti o‘tin sifatida ishlatilayotgani, mevasi suv tekinga sotilayotgani taassufli. Bu borada tajribali bog‘bonlar, tomorqa egalari hamda tadbirkorlar mushtarak maqsad yo‘lida o‘zaro birlashib, xurmoni shunchaki arzon meva sifatida sotish emas, sanoat usulida qayta ishlash, mebelchilik tarmoqlari faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish borasida jiddiy harakat qilishlarini zamonning o‘zi taqozo etmoqda.

                          Botir Madiyorov, “Xalq so‘zi”.  

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?