Navoiyda zamonaviy bugʻ-gaz qurilmalari mukammal taʼmirlanmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
“Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilgan investitsion loyiha — bugʻ-gaz qurilmalarining oʻrnatilishi bilan mamlakatimiz energetika tarmogʻida ilk bor zamonaviy texnologiyalarga asoslangan boshqaruv tizimi joriy etilgan edi. Eng muhimi, anʼanaviy texnologiyada 1 kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 400 va undan ortiq gramm shartli yoqilgʻi sarflangan boʻlsa, zamonaviy bugʻ-gaz qurilmalari tufayli bu xarajat 234-235 grammga qadar pasaytirildi.
Shunday qurilmalardan biri — 1- bugʻ-gaz qurilmasi 2012-yilda bunyod etilgan boʻlib, loyiha Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation and MHPS” kompaniyalari konsorsiumi tomonidan amalga oshirilgan edi.
Bugun quvvati 478 MgVatt boʻlgan mazkur qurilmada 2023-2024-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish dasturi doirasida bugʻ-gaz trubinalari hamda mexanik energiyani elektr energiyasiga aylantirib beruvchi generatorlarida mukammal taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Unga kunchiqar yurt mutaxassislari ham jalb etilgan.
— Bugʻ-gaz qurilmasini taʼmirlash ishlari qatʼiy belgilangan grafik asosida olib borilmoqda, — deydi yaponiyalik muhandis Xaruki Inao. – Unga koʻra, mukammal taʼmirlash ishlarini joriy yil oktyabr oyining uchinchi oʻn kunligida yakunlaymiz.
Mavsumga tayyorgarlik doirasida stansiyaning 4- energiya blogida ham taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Energiya blok bir sutkada 11 million 472 ming kilovatt soat elektr hamda 1 ming 32 Gkl issiqlik energiyasi ishlab chiqaradi. Aksionerlik jamiyati bosh muhandisi oʻrinbosari Nurali Pirnazarovning taʼkidlashicha, taʼmirlash ishlari tugaganidan soʻng quvvat oshib, 478 MgVatt elektr va 43 Gkl issiqlik energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bu 1,5 million aholining elektr energiyasi va butun Navoiy shahri xonadonlarining issiqlik energiyasiga boʻlgan ehtiyojiga teng demakdir.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, elektr energiyasi nainki sanoat va xalq xoʻjaligi tarmoqlarini harakatlantiruvchi quvvat, balki har bir mamlakat aholisining turmush farovonligini belgilovchi omil hamdir. Shu bois mamlakatimiz energetikasi tizimidagi barqarorlik ularning ertangi kunga ishonchini yuksaltirishi tabiiy.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring