Navoiyda turkiy xalqlar adiblari ishtirokida “Mumtoz sheʼriyat” xalqaro festivali boʻlib oʻtmoqda

Foto: «Xalq soʻzi»
Mamlakatimiz Prezidentining 2022-yil 29-iyuldagi “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida shu yilning mart oyida Navoiy shahrida turkiy xalqlar adiblari ishtirokida “Mumtoz sheʼriyat” xalqaro festivalini oʻtkazish vazifasi qoʻyilgan edi.
Shu kunlarda Navoiy shahrida TURKSOY Yozarlar birligi,Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat va turizm vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida “Mumtoz sheʼriyat” xalqaro festivaliga start berildi.

Taʼkidlash joizki, TURKSOY Yozarlar birligi yaqinda Anqara shahrida turkiy tilli davlatlar ijodiy tashkilotlari rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan yigʻilishda taʼsis etilib, uning ilk yigʻilishini Navoiy shahrida oʻtkaziladigan “Mumtoz sheʼriyat” festivali doirasida tashkil etish taklifi barcha ishtirokchilar tomonidan bir ovozdan maʼqullangan edi.
Ushbu nufuzli festivalning ulugʻ mutafakkir shoir Alisher Navoiy nomi bilan atalgan shaharda oʻtayotgani nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun turkiy olam ahli qalbida cheksiz faxr va gʻurur tuygʻularini uygʻotib, hazrat siymosiga ulkan ehtirom timsoli boʻlib xizmat qilayotir. Boisi hazrat Navoiy turk (oʻzbek) tilini dagʻal til, unda nozik his-tuygʻularni nafis tarzda ifodalab boʻlmaydi, degan gʻayri ilmiy fikrlar hukmron bir sharoitda ushbu tilni himoya qilish uchun kurash bayroqdori sifatida maydonga chiqib, uning boyligini, qudrat va salobatini,cheksiz imkoniyatlarga ega ekanligini ham manzum, ham mansur asarlari orqali isbotlab bergan edi.

Festivalga TURKSOY tashkiloti Bosh kotibi Sulton Rayev, Turksoy Yozarlar birligi faxriy raisi, jahon adabiyotining yorqin vakili Anor Rzayev, Turksoy Yozarlar birligi hamda Qozogʻiston yozuvchilar uyushmasi raisi Ulugʻbek Yesdavlat bilan bir qatorda Yevroosiyo, Turkiya, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tatariston, Boshqirdiston Yozuvchilar uyushmalarining vakillari ham tashrif buyurdi. Festival ishtirokchilari ochilish marosimida mazkur tadbir nafaqat adabiyotlar, balki xalqlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtirishiga xizmat qilishini taʼkidladilar.
— Biz bir qushning ikki qanotimiz, — dedi Ulugʻbek Yesdavlat. — Adabiy aloqalarimiz nihoyatda uzoq tarixga ega. Shu aloqalar tufayli, maʼnaviyatimiz, milliy qadriyatlarimiz, anʼanalarimiz bir-birini toʻldirib boyib keladi.
Festival dasturi adabiy tadbirlar bilan cheklanib qolmaydi. Tadbir ishtirokchilari adabiy anjuman doirasida yurtimizning goʻzal va obod maskanlarini borib koʻradilar, chehrasi va qalbida nur balqqan yurtdoshlarimiz bilan samimiy suhbatlar qurishlari ham festival mundarijasidan oʻrin olgan.

Bugun esa oʻz shukuhi bilan olam-olam quvonch baxsh etayotgan bahorning goʻzalligidan zavqlanib, shaharning “Maʼrifat bogʻi”da sumalak sayli va folklor-etnografik jamoalarning qoʻshiq va tomoshalaridan, “Farhod” madaniyat saroyida oʻtadigan “Vatan manzumasi” adabiy-maʼrifiy dasturdan bahramand boʻldilar.
Turkiy dunyo adabiy muhitida gʻoyat nufuzli mazkur xalqaro anjuman mamlakatimizda keyingi yillarda barcha tarmoqlarda boʻlgani kabi soʻz sanʼati sohasida ham chuqur islohotlar, yangilanishlar samarasidir. Shu haqda soʻz ketarkan, avvalo, “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildligi hamda “Istiqlol davri oʻzbek navoiyshunosligi” kitobining 30 jildligi, Alisher Navoiyning qozoq tilida chop etilgan “Xamsa” asari taqdimotlari turkiy tillarda ijod qiladigan shoir-yozuvchilarda chuqur taassurot qoldirishi shubhasiz.
Festival oʻz ishini davom ettirmoqda.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
- “JCH-2026”ga Osiyodan toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmani qoʻlga kiritgan terma jamoalar maʼlum
- Shomurodovning koʻz yoshlari, Fayzullayevning raqsi va muxlislar hayqirigʻi — Mundial eshiklarini ochgan oʻyindan fotoreportaj
- Toshkent davlat tibbiyot universitetining “Bitiruvchi – 2025” tantanali marosimi boʻlib oʻtdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring