Navoiyda “Parlament oʻyinlari” sport musobaqalarining viloyat bosqichi oʻtkazildi

14:29 01 Mart 2021 Sport
799 0

Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 30-dekabridagi qaroriga koʻra, ushbu musobaqada xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va devoni xodimlari sportning futbol, voleybol, badminton va stol tennisi turlari boʻyicha uch bosqichda bellashishadi.

Musobaqaning dastlabki — viloyat bosqichida Navoiy viloyatining 8 tuman, uch shahar hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari pley-off tizimida oʻzaro kuch sinashdilar.

— Mazkur bellashuvlar musobaqaning hududiy bosqichi oldidan oʻziga xos yigʻin boʻldi, — deydi xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi raisining oʻrinbosari — Kengash kotibiyati mudiri Jamoliddin Hamroyev. — Boisi aynan shu musobaqada har bir deputatning jismoniy va ruhiy imkoniyatlari sinovdan oʻtkazilib, chinakam jamoa shakllantiriladi.

Taʼkidlash joiz, hududiy bosqichlar gʻoliblari yakunda Respublika Oliy Majlisi Senati raisi kubogi uchun bellashishadi. Musobaqa turli dastur va qarashlarga ega deputatlarning bir jamoa boʻlib gʻoliblik uchun kurashishlari bilan birga, jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanishlari hamda sogʻlom turmush tarzi boʻyicha yana-da qatʼiy hayotiy koʻnikmalarga ega boʻlishlari uchun oʻziga xos imkoniyat hamdir.

Musobaqaning viloyat bosqichi gʻoliblari diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?