Navoiy viloyat Ichki ishlar boshqarmasida “Ochiq eshiklar” kuni oʻtkazildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi bayrami va 9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan Navoiy viloyati IIBda Jamoatchilik kengashi vakillari bilan hamkorlikda “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazildi.
Tadbirga jurnalist va blogerlar, shuningdek, ommaviy axborot vositasi xodimlarini taklif etilib, ularga dastavval boshqarmaning navbatchilik qismida xizmat sifatini yaxshilash yoʻlida joriy etilgan raqamli texnologiyalar namoyish etildi. Unda 102 tizimiga kelib tushgan chaqiruvlarda koʻrsatiladigan tezkor xizmat, murojaatlarni qisqa muddatlarda koʻrib chiqilish tartibi tushuntirildi. Shuningdek, ishtirokchilarga “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida toʻgʻridan-toʻgʻri markazdan turib eng olis hududlardagi aholi koʻp toʻplanadigan joylar, avtomobil yoʻllari va hatto mahallalardagi ichki koʻchalarni ham 24 soat davomida kuzatib turish imkonini beruvchi “Vaziyatlar markazi” ham namoyish etildi.
— Sir emas bugun butun dunyoda jinoyat olami oʻzlarining mazlum, jinoiy harakatlarini amalga oshirishda raqamli texnologiyalarning soʻnggi yutuqlaridan foydalanishmoqda, — deydi viloyat IIB maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻining oʻrinbosari Ulugʻbek Nazarov. — Tabiiyki, bu oʻz-oʻzidan Ichki ishlar organlari tizimi oldiga ham nafaqat moddiy texnik bazani takomillashtirish, balki kadrlar salohiyatini yuksaltirish, ularning jismoniy-jangovar tayyorgarlik, tajriba va bilimlarini muntazam oshirish bilan birga, yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, oʻz burchiga sodiq, vatanparvar va xalqparvar vakili etib tarbiyalashni taqazo etadi.
Shuningdek, OAV vakillari kechiktirib boʻlmas vaziyatlarda Ekspert Kriminalistika xodimlari oʻz xizmat vazifalarini amalga oshirishlari uchun yaratilgan qulayliklar, jinoyatni tezkorlik bilan aniqlashda qoʻllaniladigan maxsus jihoz va texnikalar bilan tanishtirildi. Ekspert-kriminalist xodimlari oʻz foydalanuvidagi maxsus jihozlangan avtomashinaning har qanday ekstremal sharoit, tunu kun jinoyat sodir etilgan hududni koʻzdan kechirish, aniq xulosalar berish imkoniyatlarini amalda namoyish etishdi.
— Mazkur texnikalar sodir etilgan jinoyatlarni “issigʻida” ochish, har qanday jinoyatga jazo muqarrarligini taʼminlashda qoʻl kelmoqda, — deydi viloyat IIB Axborot xizmati boshligʻi Zoyir Yoʻldoshev. — Bevosita samaradorlikka toʻxtaladigan boʻlsak, IIOlari moddiy texnik bazasining zamonaviylashtirilishi, raqamlashtirilishi ochilmagan jinoyatlar sonining ham, ogʻir jinoyatlar sodir etilishi koʻrsatkichlarining ham keskin kamayishini taʼminlamoqda.
Tadbir ishtirokchilari viloyat IIB tarixi muzeyi hamda boshqarma xodimlari uchun yangidan qurilib foydalanishga topshirilgan 1,5 ming nomdagi 6000 kitobni jamlagan kutubxona faoliyati bilan tanishdilar. Shu yerning oʻzida boshqarma faollari bilan muloqot oʻtkazilib, jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob batafsil olishdi. Jurnalistlarga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi bayrami munosabati bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiya kitoblari sovgʻa qilindi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring