“Navoiazot” Bosh direktori “Oʻzkimyosanoat” AJ raisining kadr masalasidagi taklifini qoʻllab-quvvatlamadi.

18:43 04 Mart 2020 Jamiyat
2971 0

“Oʻzkimyosanoat” AJ mamlakatimiz kimyo tarmogʻi korxonalarini birlashtiruvchi korporativ tizim hisoblanadi. Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi respublikamizda faoliyat yuritayotgan barcha kimyo sanoati korxonalarining Yoshlar ittifoqi yetakchilari va OAVlari vakillari ishtirokida “Navoiazot ” AJiga press tur amalga oshirib, uning doirasida navoiylik kimyogar yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.

Muloqotda “Navoiazot” ning azot kislotasi quvvati muhandis texnologi Bekzod Sheraliyev kimyo sanoati korxonalarining ayni damdagi laboratoriyalari ishlab chiqarish tahlillari va qiyoslash bilangina mashgʻul boʻlib qolayotganini bildirib,AJ qoshida innovatsion texnologiyalar boʻyicha Markaziy ilmiy tadqiqot laboratoriyasi tashkil etish taklifini bildirdi. Taklif “Oʻzkimyosanoat” AJ rahbariyatiga maʼqul tushib, muallifning shaxsiga qiziqish bildirildi. Muddaoni anglagan “Navoiazot” AJ Bosh direktori korxonada investitsiya dasturi asosida ishlar davom etayotgani bahonasi bilan Fransiyada malaka oshirgan mutaxassis B. Sheraliyevni oʻz jamoasida olib qoldi.

Muloqot chindanam yoshlarning bir qator istiqbolli takliflariga boy boʻldi. Xususan, oddiy texnik xodim Sitora Safarova ayol sifatida roʻzgʻor uchun kimyoviy vositalar ishlab chiqarish xususida oʻz takliflarini bildirgan boʻlsa, elektr taʼminoti sexi ishchisi Siroj Rahmonov investitsiya dasturi asosida barpo etilayotgan quvvatlar uchun yangi elektrolaboratoriya tashkil etish va ularni shunga munosib jihozlash taklifini kiritdi.

Uchrashuvda shunga oʻxshash ishlab chiqarish bilan bogʻliq oʻndan ortiq takliflar bildirildi. Shuningdek, “Fargʻonaazot” AJ Yoshlar ittifoqi yetakchisi Bobur Moʻminov sport doʻstlik elchisi ekan tarmoq korxonalari jamoalari oʻrtasida turli sport musobaqalari, intellektual viktorinalar oʻtkazish boʻyicha oʻz taklifini bildirdi. Yoshlarning uy-joy va boshqa maishiy masalalardagi hayotiy takliflari qoʻllab-quvvatlandi.

Press tur ishtirokchilari 2017-2021-yillarda mamlakatimizda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi asosida “Navoiy azot” AJdaamalga oshirilayotgan investitsiya loyihasi xususan, Xitoyning “China CAMC Engineering CO Ltd” kompaniyasi hamda mahalliy mutaxassislar hamkorligida ishga tushirilgan polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi bilan tanishdilar. Mamlakatimiz rahbari oʻtgan yilning 28-dekabr kuni ushbu loyiha quvvatlarining ish boshlash ramziy nuqtasiga start bergan edi. Uning toʻliq loyiha quvvatiga chiqishi tufayli korxonada mahsulot ishlab chiqarish hajmi ikki yarim, eksport 2,7 barobar oshirilib, ellikka yaqin yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.

Korxonada dastur asosida amalga oshirilayotgan umumiy qiymati 1,7 milliard AQSH dollariga teng uchta loyihaning yana biri karbamid va ammiak ishlab chiqarish quvvatidir. Uning qurilishi boʻyicha Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” va “Mitsubishi Heavy Industriyes Ltd” kompaniyalar konsorsiumi bilan 897 mln. dollarlik shartnoma imzolangan. Loyiha asosida energiya sarfi yuqori boʻlgan,eski (1964-yil) 1 va 2- ammiak navbatlari ekspluatatsiyadan chiqarilib, oʻrniga 660 ming tonna ammiak ishlab chiqarilish quvvatiga ega har tomonlama tejamkor majmua barpo etiladi. Press tur ishtirokchilari mazkur loyiha qurilish maydonchasida boʻlib, yapon mutaxassislaridan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

AJda yana bir loyiha – azot kislotasi majmuasi qurilishini ham joriy yilda nihoyasiga etkazish rejalashtirilgan. Texnik iqtisodiy asoslarga muvofiq umumiy qiymati 216,6 million dollarga teng mazkur quvvatni Shveysariyaning “CASALE SA” kompaniyasi bunyod etmoqda. U yiliga 500 ming tonna azot kislotasi ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlib,122 kishining bandligini taʼminlaydi.

Loyiha ishga tushirilishi natijasida 1965-yildan buyon foydalanib kelinayotgan, ham texnik, ham maʼnan eskirgan azot kislotasi ishlab chiqarishning 1 va 2-navbatlari ekspluatatsiyadan olinadi.

Mazkur loyiha boʻyicha hamkorlar taʼminoti uygʻun ravishda olib borilib, 32 nafar mutaxassis respublikamizning oliy taʼlim muassasalarida tayyorlandi. 55 nafar xodim esa (shundan 10 nafari chet elda) amaliyot oʻtab kelishdi.

Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanadigan ushbu majmualar navoiylik kimyogarlarga mahsulotlar hajmini oshirish, tannarxini pasaytirish, shuningdek, raqobatbardoshligini taʼminlashga imkon beradi. Tabiiyki, ushbu omillar barcha sohalarda kimyoviy birikmalarga ehtiyoj oshayotganini inobatga olsak, mamlakatimiz kimyo sanoatining tashqi bozordagi mavqeyini yana-da mustahkamlashi shubhasiz.

TemurESHBOYEV,

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?