NATO Bosh kotibi havo hujumidan mudofaa kuchlarini besh barobar oshirishga chaqirdi

12:23 10 Iyun 2025 Dunyo
84 0

Foto: AP

Ukrainadagi urush NATO davlatlari havo hujumidan mudofaaga koʻproq sarmoya kiritishi kerakligini koʻrsatmoqda. Bu fikrlarni NATO bosh kotibi Mark Ryutte aytib oʻtdi.

Uning taʼkidlashicha, potensial dushmanlarni ishonchli toʻxtatib turish uchun NATOga aʼzo davlatlar havo hujumidan mudofaa qobiliyatini 400 foizga, yaʼni besh barobar oshirishi kerak.

Ryutte NATO davlatlarini kollektiv xavfsizlik sohasida “kvant sakrash” qilishga chaqirib, alyans duch kelayotgan tahdidlar Ukrainadagi urush tugaganidan keyin ham yoʻqolmasligi haqida ogohlantirdi.

“Havo hujumi va raketalarga qarshi mudofaani 400 foizga oshirish zarur. Biz Ukrainada Rossiya qanday qilib havodan vahima qilayotganini koʻryapmiz, shuning uchun osmonimizni himoya qiluvchi qalqonni mustahkamlaymiz. Bizning harbiylarimizga minglab zirhli texnika va tanklar, millionlab artilleriya snaryadlari ham kerak va biz logistika, taʼminot, transport va tibbiy yordam kabi qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlarini ikki baravar oshirishimiz kerak”, — deydi Ryutte.

Bosh kotib alyansga tahdidlar haqida gapirar ekan, “orzular bizni xavf-xatardan himoya qila olmaydi”, deya ogohlantiradi.

“Umid strategiya emas. Shuning uchun NATO kuchliroq, adolatliroq va qoʻrqinchli ittifoqqa aylanishi kerak”, — deydi u.

Avvalroq AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset NATO mamlakatlari mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirish boʻyicha kelishuvga erishishini kutayotganini aytgan edi.

“Ittifoqchilar yalpi ichki mahsulotning 5 foizini mudofaa xarajatlariga ajratish boʻyicha konsensusga juda yaqin”, — degandi u NATO mudofaa vazirlari yigʻilishida.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte taklifiga koʻra, 2032-yilga borib alyans davlatlari yalpi ichki mahsulotning kamida 3,5 foizini mudofaa va yana 1,5 foizini mudofaa infratuzilmasiga sarflashlari kerak. Germaniya va Fransiya bu taklifga allaqachon rozi boʻlgan.

Ayni paytda Xegset 24-26-iyun kunlari Gaagada boʻlib oʻtadigan ittifoq sammitida bu masalada hamma bir fikrga kelishiga umid qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер