Nanayda boʻlganmisiz?

01:50 30 Aprel 2022 Jamiyat
846 0

Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanidagi Nanay qishlogʻi bepoyon yurtimizning shimoli-sharqiy qismida, Qirgʻiziston chegarasida joylashgan xushhavo manzildir. Mashhur qoʻshiqqa mavzu boʻlgan Namanganning qirmizi olmalari aynan shu joyda pishib yetiladi. Faqat bugina emas. Viloyat markazidan 65 chaqirim masofada, togʻlar etagida yastanib yotgan goʻsha yam-yashil manzaralari bilan jozibador. Kislorodga boy havosidan toʻyib-toʻyib nafas oladi kishi. Yozning jazirama kunlarida ham bu yerda harorat boshqa joylardan deyarli 15-20 daraja past boʻladi.

Betakror tabiati, mehmondoʻstligi bilan eʼtiborga tushgan qishloqning sayyohlarni mudom oʻziga jalb qilib kelishi bejiz emas. Soʻnggi yillarda Nanayning turizm salohiyati imkoniyatlarini toʻla ishga solish yuzasidan keng koʻlamli ishlar boshlab yuborilgani uning yanada obod boʻlishiga, mahalliy aholi turmush sharoiti yuksalishiga yoʻl ochdi. Ayni paytda qishloqda 10 ta zamonaviy dam olish maskani, 15 ta gastronomik turobyekt, 65 dan ortiq mehmon uylari, shunga mos infratuzilma xizmat mavjud. Birgina oʻtgan yilning oʻzida ushbu turizm qishlogʻida salkam bir millionga yaqin sayyoh kutib olindi.

Bu yerda xalqaro andozalarga mos turizm inshootlari barpo etishga kirishilgani, eng avvalo, biznesning ayni yoʻnalishini tanlagan tadbirkorlarning qalbiga choʻgʻ tashladi. Ulardan biri Zokirjon Akbarov besh gektar maydonda zamonaviy dam olish majmuasini oʻz ichiga olgan loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirdi. 15 milliard soʻm sarmoya hisobiga barpo etilgan 18 ta kottej, 24 oʻrinli ikki qavatli mehmonxona va boshqa manzillar hamisha sayyohlar bilan gavjum. Soʻlim archazor sayli kishiga xush kayfiyat bagʻishlasa, ikkita suzish havzasi, bir qator sport inshootlarida vaqtni mazmunli oʻtkazasiz. 30 bosh ot chavandozlikni yoqtiradiganlar xizmatida.

— Koʻksaroy togʻi etagidagi dam olish maskanimizga oʻtgan mavsumda 6 mingdan ziyod mehmon tashrif buyurdi, — deydi “Diyor” masʼuliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi Ahrorjon Hakimov. — Ular orasida Janubiy Koreya, AQSH, Turkiyadan kelgan xorijiy sayyohlar ham bor. Bu yerda yaratilgan shart-sharoit, xizmat narxi barchaga maʼqul tushmoqda. Bir kecha-kunduz uchun bor-yoʻgʻi 100 ming soʻm atrofida haq olinadi. Bu shahar mehmonxonalaridagi toʻlov bilan solishtirganda juda hamyonbop.

Yil boʻyi sharqirab oqadigan soy sohilida joylashgan “Oʻngʻor” dam olish maskanining imkoniyatlariga ham kishining havasi keladi. “Togʻkonsanoat” MCHJga qarashli bu goʻsha asosan gastronomik turizmga yoʻnaltirilgan. Qoʻli gul oshpazlar tayyorlaydigan 30 dan ortiq turdagi milliy taomlar totli va toʻyimli. 18 ta oʻtov koʻrinishidagi uylar havoni yanada salqinlatib beradi. Hududdagi archazor, olma, nok va boshqa daraxtlarga toʻla mevali bogʻga sayr odamga boshqacha kayfiyat beradi.

Sayyohlik industriyasi jadal kirib kelishi bilan Nanayda oilaviy mehmon uylari faoliyati ommaviy tus ola boshladi. “Doʻstlik” mahallasida yashovchi Habibullo Mirzaaliyev 2019-yili viloyatda birinchilardan boʻlib ayni yoʻnalishda xizmat koʻrsatish sertifikatiga ega boʻlgan. Uning “Gulizebo Gulnoza” oilaviy mehmon uyining imkoniyatlari chakki emas. Tunab qoluvchilar uchun moʻljallangan 14 ta shinam xona televizor, muzlatgich va boshqa zarur jihozlar bilan taʼminlangan. Yana 10 ta xona esa gastronomik turizmga moslashtirilgan. Mehmonlarga beshbarmoq, choyxona palov, qotirma, dimlama, qaynatma shoʻrvadan tashqari muzdekkina qimiz, ayron, qurtob ham taklif etiladi. Xonadon sohiblari ularni oʻzlari parvarishlayotgan 10 bosh ot va 5 bosh sigir sutidan tayyorlashadi.

Tadbirkor bu loyihasini roʻyobga chiqarish uchun 1,5 milliard soʻmga yaqin sarmoya sarfladi. Kuniga 50 nafar atrofida mehmonga koʻrsatilayotgan xizmat bilan xarajatlar oʻzini bemalol oqlamoqda. Darvoqe, oilaviy mehmon uyining oʻziga xos jihatlari faqat xonalarining shinamligida emas. Hovlida yaratilgan betakror landshaft dizayni, xususan, rang-barang gullar, yuz tupdan koʻproq noyob manzarali daraxtlarning shovullashi qalbingizga joʻshqinlik ulashadi. 16 ta yozgi soʻrida koʻk choyni hoʻplagancha hordiq chiqarishning gashti esa yanayam boshqacha.

— Turizm ikki mingdan ziyod fuqaro istiqomat qilayotgan mahallamizning chinakam oʻsish nuqtasi ekanligi kun sayin tasdigʻini topmoqda, — deydi Soyboʻyi mahallasida faoliyat olib borayotgan hokim yordamchisi Baxtiyor Xayitov. — Eng avvalo, sohaga qaratilayotgan alohida eʼtibor tufayli hududimiz qiyofasi tubdan oʻzgardi. 200 oʻrinli madaniyat saroyi qurildi, asosiy yoʻllar asfaltlanib ravonlashtirildi. Zamonaviy yoritkichlardan koʻchalar tunda ham yop-yorugʻ. Bundan tashqari “Art soft” masʼuliyati cheklangan jamiyatining tikuvchilik fabrikasi ishga tushirildi. Ancha vaqt ilgari toʻxtab qolgan hammomning faoliyati tiklandi. Hozirgi kunda ishga yaroqli aholining 122 nafari sayyohlik sohasida band. Oʻtgan yillari 65 ta oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, ana shu xonadon sohiblari oʻz farzandlari bilan ijtimoiy foydali mehnatga jalb etilgan edi. Endilikda yana 70 ta mehmon uyi xizmatga shay qilib qoʻyilgan. Ular sertifikat olishi bilan 140 ish oʻrni yaratiladi. Bu bilan rasman ishsiz sifatida roʻyxatga olingan 137 nafar fuqaroning asosiy muammosi ham yechim topadi.

Nanayliklar va ularga har tomonlama koʻmak berayotgan mahalliy hokimiyat idoralari hudud istiqbolini aynan turizm bilan bogʻlayotgani ayni muddao. Bu sohada yana yangi yirik loyihalar ijrosiga jadal kirishilgani quvonarlidir. Masalan, Qayroqi mahallasida “Temurshifo” xususiy korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Greenzona Nanay” loyihasiga koʻra, bu yerga sayyohlik sanoatining eng ilgʻor texnologiyalarini olib kirish rejalashtirilgan. Chunonchi, 1,5 kilometrli dor yoʻli, dengiz sathidan 200 metr balandlikda barpo etiladigan oynavand koʻprik va boshqa qator inshootlar nafaqat nanayliklar, balki butun Namangan viloyati ahli uchun yangilik.

— Hozirgacha rejadagi ishlarning birinchi bosqichi bajarilib, 30 kishilik kafe-restoran binosi, uchta kemping, attraksionlar bitkazildi, 200 tup koʻchat joylashtirilgan archazor yaratdik, — deydi loyiha tashabbuskori Ravshanoy Abdurazzoqova. — Toʻla maqsadga erishilishi bilan yiliga 300 ming kishi dam oladigan, xalqaro andozalarga mos dam olish majmuasi yaratiladi. Loyihaning umumiy qiymati 10 million AQSH dollariga teng boʻlib, hamkorlik uchun xorijiy investorlarni ham jalb etishni lozim topdik. Hozircha Germaniya kompaniyasi qiziqish bildiryapti.

Shu oʻrinda tanganing ikkinchi tomoniga ham diqqat qaratsak.

Sayyohlikka ixtisoslashtirilgan qishloqdagi oʻzgarishlar, sohaning mustahkam asosini yaratish borasidagi saʼy-harakatlar bir qarashda koʻngildagiday tuyuladi. Biroq mahallalar ahli, tadbirkorlar bilan suhbatda ayrim kamchilik va muammolar ham ravshanlashdiki, ular yechimiga tezroq eʼtibor qaratish zarur. Birinchi navbatda, sayyohlik biznesini yoʻlga qoʻyishni maqsad qilgan fuqarolar boshlangʻich sarmoya masalasida tijorat banklarining koʻmagiga muhtoj. Amalda oʻtgan yili kredit soʻrab murojaat qilgan ellikka yaqin nanaylikning birortasi kredit olgani yoʻq. Gastronomik turizmni yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarga oziq-ovqat mahsulotlar yetishtirish, chorva boqish uchun yer ajratish masalasi hal etilmayapti. Misol uchun, yuqorida tilga olingan “ Gulizebo Gulnoza» oilaviy mehmon uyi tashkilotchisining chorva mollari uchun yer soʻrab tuman hokimligiga qilgan murojaati muallaq qolmoqda. Bundan tashqari Nanayda faoliyati toʻxtab qolgan “Paxtachi”, “Notoʻqimachi”, “Mashinasoz” singari dam olish maskanlari ishini tiklash uchun salohiyatli investorlar qidirib topishni tezlashtirmasa boʻlmaydi. Shuningdek, turizm yoʻnalishida malakali mahalliy mutaxassislarga ehtiyoj katta.

Darvoqe, Prezidentimiz raisligida shu yilning 26-aprel kuni turizm xizmatlari koʻlamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazilganidan xabaringiz bor. Yigʻilishda qayd etilganidek, 1-iyuldan boshlab turizm qishloqlarida mehmon uylari, ovqatlanish va savdo shoxobchalari, koʻngilochar joylar tashkil etgan tadbirkorlar uch yil davomida aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada, mol-mulk, yer, suv soliqlarini hisoblangan summadan bor-yoʻgʻi 1 foizini toʻlaydi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida bunday qishloqlarda mehmon uylari tashkil etishga 50 million soʻmgacha, oʻtov va eko-uylar majmuasiga 300 million soʻmgacha, chodirli lagerlar qurishga 300 million soʻmgacha kreditlar beriladi. Har yili turizm qishloqlarining 200 nafar yoshlari byudjet hisobidan turizm texnikumlarida bepul oʻqitiladi.

Yigʻilishda hokimlarga turizm qishloqlarida yoʻl, elektr energiyasi, ichimlik suvi, aloqa tarmoqlarini yaxshilash boʻyicha ham topshiriqlar berilib, bunga joriy yilda respublika byudjetidan 250 milliard soʻm ajratilishi aytib oʻtildi.

Demak, bulardan anglaymizki, turizm qishloqlarini rivojlantirishda yanada keng imkoniyat va imtiyozlar amaliyotga tatbiq qilinadi. Ana shu qishloqlar qatorida Nanayda ham yuqorida keltirilgan muammolar barham topib, yangi va yaxshi oʻzgarishlar baravj davom etishidan umidvormiz.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?