Namanganlik jurnalistlar bayramni yangilangan Matbuot uyida kutib olmoqda

19:53 28 Dekabr 2022 Jamiyat
722 0

Foto: Xalq so‘zi

Namangan shahrining Alisher Navoiy nomidagi koʻchasida joylashgan Matbuot uyi bundan 42 yil avval qurilgan. Viloyatning bir asrdan ziyod tarixga ega ikki gazetasi, bir qator nashrlar tahririyati joylashgan toʻrt qavatli ushbu bino allaqachon taʼmirtalab holga tushib, masala bir necha yillardan buyon yechim topmay kelayotgan edi. Vanihoyat eskirganligi sabab shahar koʻrkiga soya solib turgan bino joriy yilning iyul oyida mukammal taʼmirlashga tushdi. Quruvchilar olti oy ichida bu yerda 2,6 milliard soʻmlik hajmda binokorlik ishlarini amalga oshirdilar. Ayni jarayonda binoning tashqi va ichki qismi, tahririyatlarning barcha xonalari, kommunikatsiya tizimlari toʻla taʼmirlandi.

— Eshik va derazalar zamonaviylariga almashtirilib, sayqal berilgan xonalar havas qiladigan darajaga keltirildi, ular yangi keltirilgan mebellar bilan toʻldirilgani ijodkorlarga oʻziga xos ilhom, mehnatiga gʻayrat baxsh etadi, — deydi “Namangan haqiqati” gazetasi bosh muharriri Akramjon Sattorov.

Bugun yangilangan Matbuot uyining foydalanishga topshirish marosimi tantanali tarzda tashkil etildi. Marosimda ishtirok etgan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov OAV vositalari, ijtimoiy tarmoq vakillari hamda blogerlarni zamonaviy mediamarkazga aylantirilgan bino bilan qutlab, ular uchun qulay ijod sharoiti yaratishga doimiy eʼtibor qaratilishini alohida taʼkidladi.

 

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Muhammadjon Yusupov olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?