Namanganlik shifokorlar – Qoraqalpogʻistonda

15:59 11 Avgust 2022 Jamiyat
475 0

Foto: Xalq so‘zi

Namangan viloyati tibbiyot xodimlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi aholisi salomatligini mustahkamlashda mahalliy shifokorlarga yaqindan yordam bermoqda. Yil boshidan beri viloyat vakillaridan iborat guruhlar bosqichma-bosqich Orolboʻyiga joʻnatilmoqda. Ayni paytda ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasalarining besh nafar malakali shifokori Qoraoʻzak tumanida boʻlib turibdi.

— Ishni Qoraoʻzak tumani koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikni tashkil etishdan boshladik, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali jarrohi, tibbiyot fanlari nomzodi Ravshanbek Temirov. — Koʻplab fuqarolarda turli kasalliklar aniqlandi. Zarur hollarda tuman markaziy shifoxonasida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari oʻtkazildi. Ayrim bemorlarni Nukusdagi tibbiyot markazlarida, qolaversa, Namanganda davolash koʻzda tutilmoqda. Shu bilan birga Qoraoʻzakning olis hududlaridagi poliklinikalar va oilaviy shifokorlik punktlariga borib, u yerda yashovchilarga ham yuqori malakali tibbiy xizmat koʻrsatilyapti. Yoshi ulugʻ va harakati cheklangan bemorlarning uylariga tashrif buyurib, holidan xabar olinmoqda, zarur dori-darmonlar bepul yetkazib berilmoqda.

Namangandan borgan tibbiy guruh tarkibida malakali bolalar nevropatologi, endokrinolog, kardiolog, jarroh va onkolog bor. Kuni kecha bu yerda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali intervension kardiologi Mirjalol Yusupov tomonidan yuqori texnologik endovaskulyar jarrohlik amaliyoti ham oʻtkazildi. Tajribali shifokorning koʻmagi bilan qoraoʻzaklik Oʻrakboy Aytmuratov koʻp yillardan buyon bezovta qilayotgan darddan qutuldi.

Qoraqalpogʻistonda boʻlib turgan shifokorlar aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish bilan birga qoraoʻzaklik hamkasblariga davolash va diagnostika ishlarini yangi bosqichga koʻtarishda ham amaliy-uslubiy yordam koʻrsatmoqdalar.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?