Namanganda modalar festivaliga start berildi
Kim qanday kiyinishni istaydi, milliy liboslarning qadriyatlarimizdagi oʻrni qay darajada, zamonaviy moda tushunchasining mohiyati nimada? Namanganda milliy va zamonaviy liboslar uygʻunligi targʻibotiga bagʻishlab oʻtkazilayotgan “Nafosat-2020” festivali kun tartibidan oʻrin olgan dastur tadbirlari ishtirokchilari ayni mavzudagi savollariga javob oldilar.
Festival doirasida tashkil etilgan anjumanning birinchi kuni boʻlib oʻtgan milliy va zamonaviy andozalarni chizish boʻyicha “Yosh dizaynerlar” tanlovida Namangan davlat universiteti, Namangan muhandislik texnologiya va muhandislik qurilish institutining 19 nafar iqtidorli talabasi oʻz mahoratini namoyish etdi, Namangan ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi oʻquvchilari esa modalar koʻrgazmasini uyushtirdi. Viloyat tumanlaridan tashrif buyurgan tikuvchi va dizaynerlar ham oʻz mahsulotlarini koʻrgazmaga qoʻyishdi.
Bugun viloyat markazidagi “Shodiyona” tantanalar majmuasida festival dacturidan oʻrin olgan navbatdagi tadbirlar davom etdi. Unda Andijondagi “Samo,” Fargʻona viloyatidan “Molto caldo”, Namangan shahridagi “Ideal”, “Vakkoni” brendlari vakillari oʻz mahsulotlari taqdimotini oʻtkazdilar. Namanganlik yosh dizayner Munisa Zokirova ham oʻzi tayyorlagan milliy liboslar modeli bilan ishtirokchilarni tanishtirdi.
«Milliy liboslar-millat ziynati, qadriyatlarimizning ajralmas boʻlagi ekanligi festivalda yana bir bor isbotini topdi. Anjumanda oʻz chizmalari, milliylik va zamonaviylikni mujassamlashtirgan liboslari bilan qatnashgan iqtidorli dizaynerlarning izlanish va intilishlari tomoshabinlarning yuksak bahosiga sazovor boʻlgani xalqimiz kiyinish madaniyatiga aslo befarq emasligini koʻrsatdi. Anjuman davomida ayni yoʻnalishdagi targʻibotni yana-da kuchaytirish, milliy brendlarimizni xalqaro miqyosga olib chiqish yoʻl-yoʻriqlari belgilab olindi», deydi Oliy Majlis senati yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev.
Adrasdan tikilgan bejirim koʻylaklar, Chust doʻppisi, kishining egnida yarashib turadigan kostyum shim va boshqa kiyimlar modelini yaratgan dizayner, chokini qoʻldan chiqargan chevarlarning kasbiga mehri, barakali mehnatidan. Namanganda esa bu singari mahorat egalari koʻplab topiladi. Ulardan biri - viloyat markazining Boburshox mahallasida yashovchi Feruza Tursunova festivalda ayollar uchun tikkan kelinlar koʻylagi, talaba qizlar liboslari, mavsumiy kiyimlari bilan koʻpchilikni hayratga soldi. Kosonsoylik Muslima Toshpoʻlatovaning kelinlar uchun bezakli koʻylaklar, nimcha va bosh kiyimlaridan iborat 15 dan ziyod liboslar toʻplami ham eʼtiborni tortdi.
Festivalda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan “Yoshlar modasi, anʼanalar va zamonaviy yoʻnalishlar” mavzusida ijtimoiy soʻrovnoma oʻtkazildi. Oʻzbek ayollari uchun milliy modani shakllantirish va kiyinish madaniyati mavzuyidagi davra suhbatlari ishtirokchilar faolligi bilan oʻziga xos mazmun kasb etdi.
Ertaga festival tadbirlari davom etadi. Ishtirokchilar “Ideal tekstil-Orzu” va «Uzteks-Namangan» ishlab chiqarish korxonalari, “Istiqlol dizayn” oʻquv markaziga tashrif buyuradilar. “Ideal” brendi mutaxassislari tomonidan yosh dizaynerlar uchun mahorat darslari tashkil qilinadi.
Qudratilla NAJMIDDINOV.
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring