Namanganda tez tibbiy yordam filiali qayta tashkil etildi
Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Bugun yurtimizda sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish, ayniqsa, tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2022-yil 16-iyunda qabul qilingan “Aholiga tez tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtardi.
Buni Respublika tez tibbiy yordam markazining Namangan hududiy filiali faoliyatida ham kuzatish mumkin.
— Ilgari Tez tibbiy yordam mashinalari alohida korxonaga, shahar tez tibbiy markazlari respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialiga, tumanlarda esa hududiy tibbiyot boʻlimlariga boʻysunardi, — deydi mazkur filial direktori Adhamjon Irisboyev. — Filial faoliyati tartibli yoʻlga qoʻyilgach, yagona boshqaruv tizimi yaratildi.
Yangi tizim natijasida 1085 nafar shifokor, 3180 nafar oʻrta, 243 nafar kichik tibbiyot xodimi, 1312 nafar haydovchidan iborat 14 ta markazlashgan punkt, 124 ta shoxobcha shakllantirildi. Ular uchun sifatli xizmat koʻrsatishga qulay joylarda zamonaviy binolar ajratildi. Har qanday turdagi shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish imkoniyatiga ega 61 ta “Wolksvagen” rusumidagi avtomobillar, koʻplab reanimobillar keltirildi. Yoqilgʻi-moylash, dori-darmon, sarflov materiallaridagi taqchilliklar barham topdi. Endilikda filial avtomatlashtirilgan vertikal boshqaruv asosida faoliyat koʻrsatmoqda. Bu avvalo, kuch va vositalarni bir vaqtda, bir maqsadga yoʻnaltirish imkonini beradi. Viloyat boʻyicha chaqiruv qoʻngʻiroqlarini qabul qiluvchi -markazda 44 ta operator xizmat koʻrsatadi. Ular kuniga 7 mingga yaqin chaqiruvlarni qabul qilib, bir daqiqada shahar, tuman, qishloqlardagi tez tibbiy yordam brigadalariga yetkazishga muvaffaq boʻlmoqda.
Vaholanki, eskicha tartibda ishlangan paytlari chaqiruvni yozib olish, uni ijrochilarga yetkazishga oʻnlab daqiqalar ketar, bu oʻz navbatida qancha noroziliklarni keltirib chiqarardi. Hozir Call-markaz tashkil etilib, chaqiruvlar elektron shaklga oʻtkazilgan. Yaʼni, chaqiruv haqidagi xabar olingan zahoti tez tibbiy xizmat brigadalariga berib qoʻyilgan planshetlarda aks etadi. Brigada tezda bemor manziliga yoʻnaladi. Xodimlar faoliyati onlayn tarzda nazorat qilib boriladi.
Amaliyotda qoʻngʻiroq qiluvchilarning baʼzilari tibbiy maslahat soʻrashlari kuzatiladi. Yangi tizim bu xizmat turini ham oʻz ichiga olgan. Call-markaz tarkibidagi yetuk mutaxassislar, tajribali shifokorlar fuqaroni obdon tinglab, holat yuzasidan tavsiya va maslahatlar beradi.
Filialda kun mobaynida chaqiruvlar kamligi sababli shahardagi tez tibbiy yordam brigadalari optimallashtirildi. Tejalgan kuch va vositalar hisobiga “tigʻiz vaqt”, yaʼni, kechki soat 18 dan ertalabki 6 gacha feldsherlik guruhlari ikki hissa koʻpaytirilmoqda. Bu bilan tungi pallada murojaat qilganlarning hammasiga oʻz vaqtida birinchi yordam koʻrsatishga muvaffaq boʻlinadi. Eʼtiborli jihati, viloyatning eng chekka hududlari aholisi ham mana shunday kafolatlangan sifatli xizmatdan bahramand. Masalan, Mingbuloq tumanining viloyat markazidan 120 kilometr olisda joylashgan Gulbogʻ qishlogʻi tez tibbiy yordam punkti 5 ta mahalladagi 10 ming 600 nafardan ortiq fuqaroning chaqiruviga hozir-u nozir.
— 136 ming aholi chaqiruvlari uchun 10 ta maxsus avtomashina ajratilgan, — deydi filialning Mingbuloq tumani boʻlimi mudiri Dilbar Boʻtayeva. — 44 vrach, 102 oʻrta tibbiyot xodimi markaz va qishloqlarda kecha-kunduz bemorlar dardiga darmon boʻlmoqda.
Qamchiq dovonidan oʻtgan Namangan—Toshkent yoʻlining “Rezak” tez tibbiy yordam shoxobchasi bu yerdagi mingga yaqin aholi va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatadi. Maskan mukammal jihozlangan reanimatsion xona, shoshilinch yordamga oid zamonaviy vositalar, barcha kasalliklar muolajasi uchun ixtisoslashtirilgan reanimobil bilan taʼminlangan. Umuman olganda, ilgari atigi bitta shoxobcha ish yuritgan Qamchiq dovonida bugun har birida maxsus mashina, vrach, feldsheri boʻlgan 6 ta brigada faoliyat olib bormoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring