Namanganda gullar festivali (fotoreportaj)

Foto: «Xalq so‘zi»
Kecha Namanganda 62-Xalqaro gullar festivali - viloyat ahli va yurtimizdagi barcha nafosat oshuftalari orziqib kutgan ajoyib anjuman boshlandi. Vodiy gavhariga aylangan ko‘hna va navqiron kentning chinakam brendi bo‘lib qolgan bayramning xushxabari chor tarafga tarqalgani bois betakror manzaralar, rang-barang madani y-ma’rifiy dasturlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun bu yerga tashrif buyurayotgan mehmonlarning sanog‘i yo‘q.
Gulsevar shahar o‘z qadriyatlarining ajralmas bo‘lagiga aylangan yirik mashvaratga munosib tayyorgarlik bilan kelgani dastlabki kundagi tadbirlardanoq bor bo‘yi bilan ko‘zga tashlandi. Buni odatdagidek mintaqaning havo darvozasidan start olib butun shahar ko‘chalarini aylanib kelgan gul chechaklar bilan yasatilgan 200 dan ortiq avtomashinalar karvonini millionlab odamlar ishtiyoq bilan tomosha qilganining o‘ziyoq tasdiqlaydi. Festivalning bosh manzili - Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat bog‘ining bosh darvozasi oldidagi maydonda tantanali ochilish marosimi bo‘ldi. Bu yerga to‘plangan ishtiyoqmandlar huzurida so‘zga chiqqan viloyatning birinchi rahbari Shavkat Abdurazzoqov barchani anjuman bilan tabriklab, o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida kichik bir ko‘rgazmadan boshlanib, endilikda xalqaro maqom tusini olgan festival namanganliklar, qolaversa, yurtimizdagi ko‘plab insonlarning ardoqli bayramiga aylanganini alohida ta’kidladi. So‘ngra respublika madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov, o‘zbek milliy akademik teatri direktori Yodgor Sa’diyev, xalq shoiri Mahmud Toir va boshqalar dil so‘zlarini izhor etishdi. Marosimda poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli xonandalar va ijrochi yoshlarning diltortar qo‘shiq va raqslari to‘planganlarga shukuhli lahzalarni taqdim etdi.
Darhaqiqat, 4,5 millionga yaqin mehmon, jumladan, 150 mingga yaqin xorijiy sayyohlar kelishi kutilayotgan festivalga hozirlik ana shu miqyosga yarasha bo‘ldi. Bugun butun shahar gul va chechaklarga burkangan. Ayni paytda bu boradagi raqamlar avval boshdagiga nisbatan ancha o‘zgargan. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, bog‘ va xiyobonlar, ko‘cha bo‘ylariga 36 million tupdan ziyod gul va buta ko‘chatlari o‘tqazildi. Ular orasida 1,5 million tup atirgul, 2 millionga yaqin rayxon va yalpiz dimog‘ingizni yoqimli ifor bilan chog‘ etadi. Bobur bog‘i, Davlatobod tumanidagi “Afsonalar bog‘i” tematik parkidagi betakror kompozisiyalarning har biri o‘ziga hos mavzuga ega manzarasi bilan maftunkor.
Bir paytlar qirmizi olmasi bilan dunyoga dong taratgan Namangan gulparvarlik bobida ham salohiyatini namoyish qilish orqali nafaqat yurtimiz, balki, uzoq va yaqin xorijdagi go‘zallik ishqibozlarini ham tobora ko‘proq o‘ziga jalb etayotgani haqli ravishda e’tirof etilmoqda. Hali anjuman boshlanmay turib bu yerga oshiqqan yuzlab xorijiy sayyohlar mahalliy mehmonxonalardan joy egallab, shaharning tarixiy va madaniy manzillari, yashillik chulg‘agan maskanlarni ishtiyoq bilan tomosha qilmoqdalar.
- Namanganga kecha oqshom yetib keldik, -deydi tayvanlik kinematograf Li Bin. – Bu yerda an’anaga aylangan gullar bayrami haqida eshitib, uni o‘z ko‘zim bilan ko‘rishni maqsad qildim. Aytganlaricha bor ekan, chinakam ekzotika! Bu yerdagi miqyos, rang-baranglikni ko‘ring, ko‘zingiz quvonadi. To‘g‘ri, bizda ham gullar ko‘rgazmasi bo‘lib turadi. Biroq, uncha katta bo‘lmagan doirada. Shahar gulzorlari, Bobur bog‘idagi ko‘rinishlarni suratga tushiryapmiz, yurtimga qaytgacha moʻjaz film ishlamoqchiman.
Bir oy davom etadigan festival nafaqat, ko‘ngilochar tomosha va sayllar, balki, badiiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, turli ko‘rgazmalar bilan har bir kunga o‘ziga hos mazmun bag‘ishlaydi. Dastlabki kun oqshomidayoq “Afsonalar vodiysi” dagi amfiteatrda Ozodbek Nazarbekov, Alisher Fayz, Milena Matmusayeva, Kamron Mamadaliyev, Shahnoza Yakubjanova singari el sevgan xonandalar ishtirokida gala konsert tashkil etildi. Navbatda yurtimizning yana ko‘plab taniqli artistlari , shuningdek, ozarbayjonlik etrada yulduzlari Talib Tale va Zaynab Hasaniy, turk xonandasi Rafet El Roman ishtirokidagi katta dasturlar namoyishi kutib turibdi. Xalqaro IT forumi, modalar haftaligi, oshpazlar tanlovi, milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasi va boshqa tadbirlar ham ko‘pchilikka ma’qul tushishi tabiiy.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- JSST yangi halokatli pandemiyaga tayyorlanishga chaqirdi
- O‘zbekiston Prezidenti va Singapur Prezidenti muzokara o‘tkazdilar
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- Gender tenglikni taʼminlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring