Namangan — Xitoy investitsiya forumi boshlandi

17:25 18 Aprel 2024 Iqtisodiyot
723 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/«Xalq soʻzi». Namangan viloyati iqtisodiy taraqqiyotida xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalarining hissasi tobora ortib bormoqda. Buni birgina Xitoy Xalq Respublikasi bilan oʻrnatilgan sarmoyaviy munosabatlar misolida ham koʻrish mumkin. Ayni paytda mingga yaqin namanganlik tadbirkor Xitoy ishbilarmon doiralari bilan ikki tomonlama manfaatli kelishuvlar asosida ish olib borayotir. Joriy yilning oʻtgan davrida bu yerda oʻzlashtirilgan 500 million AQSH dollaridan koʻproq chet el investitsiyasining 80 foizga yaqini ayni davlat hissasiga toʻgʻri kelayotgani fikrimizga tasdiq boʻla oladi.

Taʼkidlash joizki, joriy yilning yanvarida davlatimiz rahbarining Xitoyga oliy darajadagi tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy-madaniy munosabatlarni yangi bosqichga koʻtardi. Oʻsha kunlari Namangan viloyati delegatsiyasi ham Pekin, Guandon, Shinjon, Urumchi shaharlaridagi kichik, oʻrta va yirik kompaniyalar vakillari bilan muzokaralar olib borib, 3,2 milliard dollar miqdorida kelishuvlarga erishilgan edi. Joylarda imzolangan shartnomalar ijrosiga kirishilib, yangidan-yangi natijalarga erishilmoqda. Gullar shahrida boshlangan Namangan — Xitoy xalqaro investitsiyaviy forumi bundan uch oy avval Xitoyda belgilab olingan vazifalarning uzviy davomiga aylanishi maqsad qilingan.

Bugun ertalab xalqaro forumga viloyat markazidagi «Barkamol avlod» sport majmuasida tashkil etilgan «Made in Namangan» milliy mahsulotlar koʻrgazmasi bilan start berildi. Unda yengil sanoat, charm poyabzal, elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat va mebelsozlik sohasidagi 300 dan ortiq korxonalar 2500 dan koʻproq turdagi mahsulotlarini namoyish etishdi.

— Xitoyliklar bilan sarmoyaviy hamkorlik viloyatimizda metallurgiya sanoatining yoʻlga qoʻyilishida poydevor boʻldi, — deydi Chust tumanidagi «Tai Chahg special steel» MCHJ shaklidagi qoʻshma korxonasi savdo boʻlimi menejeri Nozimjon Isoqjonov. — Birgalikda amalga oshirilgan 50 million AQSH dollari qiymatidagi yirik loyiha ijrosi bilan «Namangan» erkin iqtisodiy zonasi hududida yiliga 300 ming tonna metallni qayta ishlash quvvatiga ega zamonaviy zavodni ishga tushirganimizga uch yildan oʻtdi. Ayni paytda bu yerda tayyorlanayotgan katanka sim, turli oʻlchamdagi armatura va yarim tayyor mahsulotlar ichki bozorni toʻldirishga xizmat qilmoqda. Yanvar oyida Xitoyda oʻtkazilgan tadbirlarda bir qator yangi mahsulotlar turlarini oʻzlashtirish boʻyicha kelishuvga erishgandik. Bugun boshlangan anjumandan ham umidimiz katta.

Forumda ishtirok etayotgan Xitoy kompaniyalari vakillari viloyatda yaratilgan biznes muhiti, tadbirkorlik subyektlari salohiyati bilan tanishib, koʻplab yoʻnalishlarda hamkorlik oʻrnatish taklifini bildirmoqdalar.

— Namanganda oʻz sohamiz boʻyicha birgalikdagi ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish niyatidamiz, — deydi investorlardan biri, «Xinhmachen Elektronics Co.LTD” rahbari Yang Gu Pi. — Unda ishlab chiqariladigan elektronika vositalari ichki bozor ehtiyojini ayni mahsulotlar bilan toʻlaroq qondirishga yoʻnaltiriladi.

Namangan tumanidagi «Nammotors» masʼuliyati cheklangan jamiyati, Yangi Namangan tumanidagi «Kadeer parts indistry» xorijiy, Uychidagi «Uychi chemikal» qoʻshma korxonasi va boshqa ishlab chiqarish subyektlarining mahsulotlari ham koʻrgazma ishtirokchilari eʼtiborini tortdi. Shu kuni oʻtkazilgan V2V formatidagi uchrashuvlarda qator oʻzaro manfaatli kelishuvlar imzolandi. Shuningdek, viloyat tumanlari iqtisodiy va biznes imkoniyatlari bilan yaqindan tanishuvlarda ham yangidan-yangi takliflar oʻrtaga tashlandi.

Ikki kun davom etadigan anjuman dasturidan Namanganing iqtisodiy salohiyatini namoyish etuvchi, bundan tashqari madaniy va sayyohlik tadbirlari oʻrin olgan. Jumladan, ertaga Namangan shahridagi «Maʼnaviyat va maʼrifat markazi»da asosiy uchrashuvlar tashkil etilib, erkin va kichik sanoat zonalari taqdimoti, viloyatda xitoylik hamkorlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar haqidagi maʼlumotlar bilan tanishtiriladi. Xitoy kompaniyalari vakillarining nutqi tinglanib, ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi oʻtkaziladi. Dastlabki hisob-kitoblar, tayyorlab qoʻyilgan investitsiya paketlariga koʻra, jami 3 milliard AQSH dollaridan ziyod kelishuvlarga erishish kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер