Namangan, Fargʻona, Andijon, Samarqand — keyingisi qaysi viloyat? "Qo`lbola" alkogoldan zaharlanish holatlari tobora koʻpaymoqda
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Beruniy tumani boʻlimi tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Tezkor tadbir davomida fuqaro Sh.S. “Jayhun” MFY hududidagi “E.” savdo doʻkonida tegishli tartibda davlat roʻyxatidan oʻtmasdan turli nomdagi jami 279 dona isteʼmolga yaroqsiz alkogol mahsulotlarini sotuvga qoʻyganligi aniqlangan.
Tadbir davomida ushbu alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil tariqasida olib qoʻyilgan.
Shu kabi yana bir holat, Departamentning Oqqoʻrgʻon tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlangan.
Tumanidagi “D.” MCHJ rahbari D.T. xaridorga 2 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotini sotgan vaqtida ushlanib, ushbu savdo doʻkonidan 233 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Yangiyoʻl tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro P.M. yashash xonadonida yashirin sex tashkil etganligi fosh qilingan.
Fuqaro P.M yashirin sexda qoʻlbola alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanib kelganligi aniqlangan. Xonadondan “Oʻzbegim” nomli qoʻlbola alkogol mahsulotlari va 120 litr spirt ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) va 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda, deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, soʻngi haftalarda mamlakatimiz hududida fuqarolarning spirtli ichimliklardan zaharlanib shifoxonaga tushayotgani holatlari koʻpaydi. Alkogoldan zaharlanish holatlarining aksar qismi oʻlim bilan yakunlanmoqda.
Jumladan, 22-26-dekabr kunlari Andijon viloyatida 22 kishi Oʻzbekiston aksiz markasi yopishtirilgan “Oʻzbekiston” nomli konyak isteʼmol qilgani oqibatida shifoxonaga oʻtkir zaharlanish tashxisi bilan yotqizilgan hamda shifokorlar tomonidan koʻrsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan, ularning 5 nafari vafot etgan edi.
Kecha, 14-yanvar kuni Samarqand shahrida 13 kishi qoʻlbola aroqdan zaharlanib shifoxonaga yotqizilgan. Dastlabki maʼlumotga koʻra, zaharlangan 13 kishidan 5 nafari zarur tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.
Bundan tashqari, 2023-yilning centyabr oyida Fargʻona viloyati Qoʻshtepa va Oltiariq tumanlarida 7 kishi aroqdan zaharlanib shifoxonaga yotqizilgan edi.
2020-yilning oxirlarida Namangan viloyatida 12 kishi spirtli ichimlikdan zaharlangan. Maʼlumotlarga koʻra, ulardan ikki nafari vafot etgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring