Muvaffaqiyatning yetti yillik yoʻli
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. 2018-yilning yanvari. Qamashi tumanida yashovchi Bahrom Toshtemirov tuman hokimligi binosiga biroz ikkilanish, biroz istihola bilan kirib bordi.
Hokimlik masʼullari uni qabul qilib, qanday yumush bilan kelgani haqida soʻrashdi. Bahrom tadbirkorlik qilmoqchi ekanligi, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishi uchun yer kerakligini aytdi.
— Nima ishlab chiqarmoqchisiz? — soʻrashdi yana. Bahrom esa qoʻlidagi biznes-rejalari tushirilgan hujjatlarni uzatar ekan, vanna va rakovinalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchiligini bildirdi.
— 2005-yilda ish izlab poytaxtga borgan edim, — gapni davom ettirdi u. — Ancha yil santexnika mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanadigan bir doʻkonda ishladim. Bundan tashqari, vanna va rakovinalar ishlab chiqaradigan korxonaning xodimlari bilan tanishib, ulardan ham ish oʻrgandim. Endi oʻzim ham shu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻysam degandim.
Albatta, chekka, hali sanoat u qadar rivojlanmagan hududda bir yigit zamonaviy korxona ochaman, oʻnlab odamlarni ish bilan taʼminlayman, deb tursa-yu, yoʻq deb boʻladimi?! Bahrom Toshtemirovdagi shijoat, aniq reja va qatʼiyatni koʻrgan tuman hokimligi masʼullari ham uni toʻliq qoʻllab-quvvatlashdi. Tumanning Qiziltepa mahallasi hududidagi bir paytlar jamoa xoʻjaligi omborxonasi boʻlgan eski bino yosh tadbirkorga ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishi uchun ajratib berildi.
Bahrom Toshtemirov esa bir necha kun ichida “Ideal polimer plast” masʼuliyati cheklangan jamiyatini taʼsis etib, ishni boshlab yubordi.
— Toʻgʻri, poytaxtda ishlab yurgan vaqtlarim bu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish borasida qisman tajriba toʻplagan boʻlsam-da, ishni tashkil qilish juda ogʻir ekanini oʻzim tadbirkorlikka qoʻl urgach tushundim, — deydi u. — Masalan, endi ish boshlagan kezlarida joyimiz nihoyatda taʼmirtalab, bu qolipdan chiqqan mahsulotlarni quritishda qiyinchilik tugʻdirar, boz ustiga ishchilarimiz ham tajribasiz, shu bois ishlab chiqarish jarayonida yoʻqotishlar juda koʻp, deyarli zararga ishlayotgan edik. Ana shu kezlarda, “Balki katta zararga kirib ketmasdan ishni toʻxtatishim kerakdir” degan fikrlar ham tez-tez miyamda aylana boshlagan. Lekin ichimda “Baribir uddalayman” degan ishonch bor edi. Xullas, qancha qiyin boʻlmasin, muammolarni birin-ketin yengib, oldinga qarab intilishda davom etaverdim.
Ana shu kunlarga ham 7-yil boʻlibdi. Bu vaqt ichida tadbirkorning erishgan yutuqlari, qoʻlga kiritgan natijalari esa havas qilsa arzigulik. Hozir eski bino oʻrnida korxonaning zamonaviy majmuasi qad rostlagan. Bu yerda ishlab chiqarish sexi, ishchilarning ovqatlanishi, dam olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Majmuaning keng hovlisiga terib qoʻyilgan yuz xildan ortiq tur va oʻlchamdagi zamonaviy vanna va rakovinalar esa har qanday kishining koʻzini yashnatishi tabiiy. Bu mahsulotlarning chekka bir qishloqda ishlab chiqarilayotgani yanada ahamiyatli. Tadbirkorning aytishicha, korxona mahsulotlari oʻzining narxi, dizayn va sifat koʻrsatkichlari bilan bozor raqobatiga toʻla dosh beryapti ekan. Shunga monand ishlab chiqarish salmogʻi ham yildan-yilga ortib boryapti.
— Dastlab oyiga 100 dona atrofida vanna ishlab chiqargan boʻlsak, bu koʻrsatkich bugunga kelib uch barobarga ortdi, — deydi u. — 3 nafar ishchilarimiz soni esa 15 nafarga yetdi. Shulardan 5 nafari ijtimoiy reyestrlarda turuvchi fuqarolardir. Ularning kelib-ketishi uchun transport ajratganmiz, tushliklari bepul. Bilasizmi, nega bular haqida gapiryapman, ishchilarga qulay shart-sharoit yaratilsagina, korxona istiqboli haqida rejalar tuzish maqsadga muvofiq boʻladi.
Tadbirkorning kelgusi rejalari ham bisyor. U birinchi navbatda ishlab chiqarish hajmini kengaytirmoqchi. Xalqaro standartlarga javob beradigan, zamonaviy koʻrinishdagi vanna va rakovinalar turini koʻpaytirmoqchi. Qiziltepada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorij bozorlarida koʻrish uning eng katta maqsadlaridan biri. Ayni paytda shu maqsad yoʻlida harakatlarini davom ettirmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring