Murojaatlar nazoratga olindi

09:17 03 Iyun 2021 Jamiyat
479 0

Xalq bilan ochiq muloqot, fuqarolarning dardu quvonchiga sherik boʻlish, odamlarni rozi qilish — islohotlarning asosiy mezoni. Chunki, baxtli odamlargina dunyoni yangilashga, oʻzgartirishga qodir boʻladi.

Odamlarning hayotdan mamnun, ertangi kunga ishonch bilan yashashi uchun nima kerak? Albatta, xalq ichida yurib, joylardagi haqiqiy ahvolni oʻrganish, fuqarolarning ogʻirini yengil, mushkulini oson qilish, mavjud muammolarga oʻz vaqtida yechim topish lozim.

Shu maʼnoda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi Qahramon Ergashevning Kitob tumani saylovchilari bilan uchrashuvlari qizgʻin va koʻtarinki ruhda oʻtdi.

Xalq vakili dastlab Kitob tumani hokimi Alisher Zokirov bilan birgalikda “Qorabuloq” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi yoshlar muammolarini tingladi.

Yuzma-yuz muloqot chogʻida yigit-qizlar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun yer ajratish, bandlik, biznesni boshlashga imtiyozli kreditlar olish yuzasidan bir qator murojaatlar kelib tushdi. Har bir murojaat nazoratga olinib, mutasaddilarga ularni ijobiy hal etish boʻyicha tavsiyalar berildi.

— Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoshlarga boʻlgan munosabat butunlay oʻzgardi, — dedi parlament quyi palatasi deputati Qahramon Ergashev. — Davlatimiz rahbarining yoshlar kamolotiga qaratayotgan doimiy eʼtibori, ayniqsa, taʼlim islohotlarida yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Islohotlar muvaffaqiyati esa yoshlarning davlat va qonunlarga ishonchini kuchaytirayotir.

Parlament aʼzosining uchrashuvlari tumandagi “Paxtaobod”, “Obod” mahalla fuqarolar yigʻinlarida davom etdi. Xalq vakili bu yerda xonadonma-xonadon yurib, aholi bilan yuzma-yuz muloqotda boʻldi, odamlarni qiynayotgan muammolar bilan qiziqdi.

Aksariyat muammolar tegishli tashkilotlar bilan birgalikda hal etilgan boʻlsa, yechimi uzoq vaqt talab etadigan murojaatlar nazoratga olindi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?