Murodjon Ahmadaliyev umidlari soʻnib borayotganini maʼlum qildi

18:39 29 Yanvar 2025 Sport
465 0

Ikkinchi eng yengil vazn toifasida WBA yoʻnalishi boʻyicha vaqtinchalik chempion Murodjon Ahmadaliyev “Boxing Scene” nashriga intervyu berdi.

Ushbu intervyuda charm qoʻlqop ustamiz yana bir bor divizionning mutlaq chempioni Naoya Inoue haqida gapirdi.

“Men buni har doim aytganman: boksda qoidalar bor. Men u bilan jang qilmoqchiman. Men majburiy daʼvogarman. Ikki yoʻnalish boʻyicha sobiq chempionman. Eng yaxshi janglarni oʻtkazayotgan ham menman. Bu vazndagi eng yaxshi bokschi — Inoue. Negadir bu jang hech qachon boʻlmaydigandek tuyilmoqda”,— deydi Ahmadaliyev.

Maʼlumki, Murodjon Ahmadaliyev ikki yildan beri yaponiyalik bokschiga jang chaqirigʻi yoʻllab keladi. Inoue shu vaqt oraligʻida biror marta Ahmadaliyevning chorlovlariga aniq javob bergan emas.

“18 oy ichida WBA tomonidan qoʻyilgan uchta majburiyatni bajardim. Inoue jang qilishni istamasa, men nima ham qila olaman? Buyuk chempionlar har doim oʻz kamarlarini himoya qilishgan. Inouening bahonalarini eshitish kulgili. Men dunyodagi eng yaxshi jangchiga qarshi ringa koʻtarilish uchun har qanday joyga borishga tayyorman”, — deb qoʻshimcha qiladi bokschi.

Avvalroq, WBA tashkiloti prezidenti Xilberto Mendosa Inoue 24-yanvar kungi jangini oʻtkazib olganidan keyin majburiy ravishda Murodjon Ahmadaliyevdan chempionlik kamarlarini himoya qilishiga topshiriq bergan edi. Shunga qaramay Ahmadaliyev va Inoue oʻrtasidagi jangning tashkil etilishi soʻroq ostida qolmoqda.

Shuningdek, “Matchroom Boxing” promouterlik kompaniyasi rahbari Eddi Xirn WBA rahbarlari yaponiyalik jahon chempionidan kamarini olib qoʻyishi shartligini aytgan.

Britaniyalik promouterning soʻzlariga koʻra, ikkinchi yengil vazn toifasida mutlaq jahon chempioni boʻlib turgan Naoya Inoue WBA kamari uchun majburiy daʼvogar Murodjon Ahmadaliyevga qarshi jang oʻtkazishdan ochiqchasiga qochmoqda.

Eslatib oʻtamiz, 15-dekabr kuni Murodjon Ahmadaliyev meksikalik Rikardo Espinosa ustidan gʻalaba qozonib WBA Interim kamari sohibiga aylangan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер