Muddatli harbiy xizmatchilar uchun OTMlarga oʻqishga kirishda imtiyozlar beriladi
Xizmat mobaynida Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan muddatli harbiy xizmatchilar imtiyoz uchun test sinovlarining natijalaridan qatʼi nazar tavsiyanoma olish huquqiga ega.
Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Mudofaa vazirligi axborot xizmati rahbari Otabek Yoʻldoshev maʼlum qildi.
Maʼlumki mamlakatimizda yoshlar orasida harbiy xizmatga va harbiy kasbga boʻlgan qiziqish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining nufuzini yanada oshirish, muddatli harbiy xizmatni oʻtagan fuqarolarga imtiyoz tizimini takomillashtirish maqsadida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan harbiy qism qoʻmondonligining tegishli tavsiyanomasiga asosan Respublikamizning oliy harbiy taʼlim muassasalari va oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga oʻqishga kirishda imtiyoz yaratish tizimi joriy etilgan.
Joriy yilning 26-31-yanvar kunlari Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik dasturlarining oʻzlashtirganligini yakuniy baholash hamda ularning bilim darajasini tekshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan test sinovlari oʻtkaziladi.
Test sinovlariga barcha muddatli harbiy xizmatchilarning ishtiroki taʼminlanadi.
Muddatli harbiy xizmatchilar uchun moʻljallangan test savollarining umumiy soni 100 ta savoldan iborat boʻlib:
uning 40 tasi – jangovar tayyorgarlik;
20 tasi – maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik;
10 tasi – matematika fani;
10 tasi –fizika fani;
qolgan 20 tasi – mantiqiy savollar.
Har bir toʻgʻri javob uchun:
jangovar tayyorgarlik boʻyicha -1,2 ball;
maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik boʻyicha – 1,1 ball;
matematika boʻyicha – 1 ball;
fizika boʻyicha – 1 ball;
mantiqiy savollar boʻyicha – 1 ball beriladi.
Test sinovlarini oʻtkazishning umumiy vaqti 3 soatni tashkil etadi.
Tavsiyanoma berish toʻgʻrisidagi yakuniy qarorni qabul qilish uchun har bir muddatli harbiy xizmatchining test sinovlarining natijalari, namunali harbiy intizomi va oʻquv fanlaridan qoʻyilgan yakuniy oʻrtacha koʻrsatkichi yigʻindisi jamlanadi.
Xizmat mobaynida Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan muddatli harbiy xizmatchilar test sinovlarining natijalaridan qatʼi nazar tavsiyanoma olish huquqiga ega boʻladi.
Tavsiyanoma olgan muddatli harbiy xizmatchilar Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qaroriga muvofiq:
respublikamizning oliy harbiy taʼlim muassasalaridagi tegishli taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga kirishda test sinovlari natijalariga koʻra toʻplagan ballarining 50 foizi miqdorida qoʻshimcha ball shaklidagi imtiyozga;
Respublikaning oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga oʻqishga kirishi uchun tegishli oʻquv yiliga tasdiqlanadigan oliy taʼlim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari alohida ajratilgan qabul koʻrsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega boʻladilar.
Taqdim etilgan tavsiyanoma uch yil mobaynida amal qiladi.
Prezidentimiz Qarori bilan taʼsis etilgan harbiy qism qoʻmondonligi tavsiyanomasi muddatli harbiy xizmatchilar - ertamiz davomchilari boʻlgan yoshlar qalbida Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat burchini sharaf bilan oʻtashga, armiya maktabida qatʼiy iroda va xarakter, faol hayotiy pozitsiyani shakllantirishga, yuksak insoniy fazilatlarga ega boʻlishga, harbiylikdek sharafli kasbga boʻlgan qiziqish va havasni yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring