“Mojaroga barham berish kerak” — BMT Bosh kotibi Gʻazoda zudlik oʻt ochishni toʻxtatishga chaqirdi

01:28 08 Yanvar 2024 Dunyo
270 0

Фото: aa.com.tr

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Gʻazo sektorida zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatishga chaqirdi. Bu haqda u BMT Xavfsizlik Kengashidagi maʼruzasida maʼlum qildi.

Guterrish, ayniqsa, Gʻazo shimolida tinch aholining oʻlimiga, shuningdek, Isroil zarbalari natijasida yuzaga kelgan vayronagarchilik koʻlamiga eʼtibor qaratib, “Mojaroga barham berish kerak”, dedi.

Maʼruzaga koʻra, Isroil armiyasining aholi zich joylashgan hududlarda uzoq masofaga moʻljallangan portlovchi qurollarini qoʻllashi natijasida hozirda Gʻazo sektoridagi uylarning 60 foizdan ortigʻi vayron boʻlgan yoki ularga zarar yetgan.

Qayd etilishicha, BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam koʻrsatish agentligi Gʻazo sektoridagi barcha obyektlari koordinatalarini mojaroning barcha tomonlariga yetkazgan boʻlsada, tashkilotning 125 manziliga 193 ta hujum uyushtirilgan. Buning oqibatida 308 kishi halok boʻlgan, u yerlarda boshpana topgan 1095 nafar falastinlik yaralangan.

“Isroilning Gʻazo sektoridagi joriy harbiy amaliyotlari boshlanganidan beri Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 94 kasalxona va boshqa tibbiy muassasalar hamda 76 tez yordam mashinasiga 294 ta hujumni qayd etdi. Bu sogʻliqni saqlash tizimining izdan chiqishiga va 600 nafarga yaqin odamning oʻlimiga olib keldi”, deyiladi maʼruzada.

BMT Bosh kotibi, shuningdek, Gʻazo shimolidagi gumanitar vaziyatning jiddiyligi va mintaqaga gumanitar yordam yetkazilishi zarurligini taʼkidladi.

Guterrish BMT Xavfsizlik Kengashining Gʻazo sektorida gumanitar tanaffus qilishga chaqiruvchi 2712 (2023) rezolyutsiyasini qayd etib, “Amalga oshirilishdan uzoq” dedi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер