Moʻynoq tumani: Tarixiy o‘zgarishlarga bir nazar

12:12 20 Sentyabr 2022 Jamiyat
1019 0

Foto: Xalq so‘zi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston ekologik harakati hamkorligida “Mustaqillik yillarida Qoraqalpogʻiston Respublikasida, ayniqsa Moʻynoq tumanida amalga oshirilgan tarixiy oʻzgarishlar va erishilgan yutuqlarini yoritishda ommaviy axborot vositalarining oʻrni” mavzusida Moʻynoq tumaniga media – tur tashkil etildi.

Tadbirga markaziy va mahalliy nashrlar hamda tele va radio jurnalistlari, blogerlar taklif etilib, ular chekka tumanda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlishdi.

Media-tur ishtirokchilari dastlab, Moʻynoq tumani yaqinida joylashgan “Hakim ota” Sulaymon Boqirgʻoniy ziyorat majmuasiga borib, u yerda amalga oshirilyotgan obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdi.

— Manbalarda keltirilishicha, Sulaymon Bokirgʻoniy – yaʼni, Hakim ota Ahmad Yassaviyning eng iqtidorli va hakim shogirdi boʻlsa, buyuk mutafakkir, Zangi ota Hazratlarining ustozi boʻlganlar, — deydi “Mavluda-Qarligʻash” turistik agentligi rahbari Mavluda Yembergenova. — Sulaymon Bokirgʻoniy ustozi Ahmad Yassaviy tariqatini yurgizgan va sheʼriyatda izdoshlik qilgan iqtidorli va hakim shogirdidir. Uning hayoti va purmaʼno hikmatlari bugungi kunda butun dunyo tasavvuf ixlosmandlari tomonidan sevib oʻqiladi. 

Ayni kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 23-24-fevral kunlari tashrifi doirasida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Ahmad Yassaviy tariqatining davomchisi “Hakim ota” Sulaymon Boqirgʻoniyning 900-yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Shu munosabat bilan 29-30-sentyabr kunlari Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazilishi kutilmoqda.Qurilish va bunyodkorlik ishlaridan soʻng yanada obod ziyoratgohga aylanayotgan ushbu manzilda qoʻshni respublikalardan ziyoratga kelgan mehmonlarni ham uchratish mumkin.

— Oʻzbekistonda, shu jumladan Orolboʻyida turizm sohasiga, ayniqsa ziyorat oʻrinlariga katta eʼtibor qaratilayotganiga guvoh boʻldik, — deydi Qozogʻiston Respublikasidan ziyoratga kelgan Biyzada opa Kazanatova. — “Hakim ota” ziyoratgohiga bundan 5 yil ilgari kelganimiz. Hozirda ziyoratgoh katta majmuaga aylantirilibda mahobatli maqbaralar qurilgani va atroflari obodonlashtirilgani bu boradagi ishlarga qaratilgan eʼtibordan dalolat. “Hakim ota”ni qoʻshni respublikalardan ham koʻplab insonlar kelib ziyorat qiladilar.

Oʻylaymizki, “Hakim ota” ziyoratgohida amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlaridan soʻng ushbu majmua mahalliy va horijiy sayyohlarning eʼtiborini yanada tortishi va ziyorat turizmi markazlaridan biriga aylanishiga ishonamiz.

Tadbir ishtirokchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi innovatsiya markazining “Oroldagi bogʻim” (My garden in the Aral Sea) loyihasi asosida Moʻynoq tumani «Tikoʻzek» ovulidagi bogʻda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

— Mazkur bogʻda tegishli loyiha dorasida qum va shoʻrloq yerlarga mos daraxt koʻchatlari yetishtirilmoqda, — deydi Orolboʻyi innovatsiya markazining direktori vazifasini bajaruvchi Kamalatdin Idrisov. — Ushbu bogʻda iqlim sharoitimizga mos 56 turdagi daraxt koʻchatlari bilan birga joriy yildan boshlab yongʻoq va bodom daraxti koʻchatlarini ham ekib parvarishlamoqdamiz. Hozirgi kunda 20 gektar maydonda tajriba-sinov jarayonlari oʻtkazilmoqda. Bu boradagi ishlarimizni Xitoy, Germaniya, Isroil, Arab mamlakatlari kabi bir qator davlatlar bilan hamkorlikda oʻsimliklarni ekish va parvarishlash texnologiyalarini sinovdan oʻtkazmoqdamiz. Yana bir bir xushxabar, Biz Yevropa ittifoqi bilan amalga oshirayotgan ishlarimiz natijasida shu yoʻnalishdagi grant loyihasini yutib oldik. Grant loyihasining umumiy qiymati 55 ming yevro boʻlib, bunda sinov tajriba maydonimizda 27 ming koʻchat yetishtirish nazarda tutilgan. Hozirgi kunda 9 ming koʻchatlarni ekdik va bu ishlarni noyabr oyigacha davom qildiramiz.

Media-tur ishtirokchilari Moʻynoq tumani Ekologiya va Orol dengizi muzeylari hamda yaqinda ishga tushishi rejalashtirilgan yangi korxonaga ham borib koʻrdi.

 — Mazkur loyiha asosida “MUYNAK LDSP” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Moʻynoq tumanida qamishdan LDSP panellari va mebel ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi, —  deydi korxonaning muhandis-texnologi Alisher Sayipnazarov. — Hududdagi koʻllarda tabiiy holda oʻsadigan qamish oʻsimligi endilikda sanoat usulida qurilish mollari va mebel mahsulotlariga aylantiriladi. Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan zavodga Xitoy va Kvropa davlatlaridan olib kelingan uskunalar oʻrnatilib, qurilish va montajlash ishlari nihoyasiga yetkazildi. Mahsulot ishlab chiqarish uchun xomashyo zaxirasi ham jamgʻarib qoʻyilgan. Umumiy qiymati 8,5 mln. dollar boʻlgan mazkur loyiha amalga oshirilgach ushbu korxonada 1 500 ta mavsumiy va 150 ta doimiy ish oʻrinlari yaratilishi kutilmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulot ichki bozorni taʼminlash bilan birga qoʻshni respublikalarga ham eksport qilish nazarda tutilgan.

Shu kuni tumandagi “Yoshlar markazi”da “Moʻynoq tumanida amalga oshirilgan tarixiy oʻzgarishlar va erishilgan yutuqlari” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi.

Seminar avvalida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Botir Matmuratov soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda Hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan Moʻynoqda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar, xususan Orol dengizining qurigan tubida yashil qoplamalarni barpo etish va bu ishda butun mamlakatimizdan hasharchilar kelib, mazkur ezgu ishga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshganini va bu amaliy ishlarning bugungi kundagi samaralari haqida gapirib oʻtdi.

Tadbirda Moʻynoqda ekologik barqarorlikni taʼminlash, aholining turmush darajasini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida tadbir ishtirokchilariga maʼlumotlar berilib, Prezident huzuridagi Orol boʻyi innovatsiya markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi, Xalqaro Orolni qutqarish fondi va boshqa masʼullar idoralar vakillari Moʻynoqda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan oʻzlarining taqdimotlari bilan yigʻilganlarni tanishtirdi.

Seminarda OAV vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga masʼullardan atroflicha javoblar oldi.

Media-tur ishtirokchilari Moʻynoqdagi “Oq kema” bolalar dam olish markazi, shuningdek, soʻnggi yillarda qurilib foydalanishga topshirilgan, Madaniyat saroyi, Yoshlar saroyi, Amfiteatr, Moʻynoqning yangilangan aeroporti, “Future Muynak” oʻquv-amaliyot markazi faoliyati bilan tanishishdi.

Eʼtiborlisi, soʻnggi yillarda Moʻynoqda shu qadar yangilanishlar va eʼtirof qilishga munosib ishlar boʻlyaptiki, ularni bir maqolaga joylash imkonsiz. Faqat kelib koʻrgan kishi oldin mavj urib turgan Orol dengizi qurishidan “meros” qolgan tabiiy inqiroz va bugungi islohotlar natijasida qayta jonlanib, yangilanayotgan Moʻynoqdagi tarixiy oʻzgarishlarni yaxshiroq anglaydi.

Tadbir yakunida Moʻynoq tumanida amalga oshirilgan tarixiy oʻzgarishlar va erishilgan yutuqlarini faol yoritib kelayotgan bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari, xususan, “Xalq soʻzi” va «Narodnoye slovo» gazetalari tahririyati jamoasiga minnatdorlik bildirilib, tadbir tashkilotchilari tomonidan Qoraqalpogʻistondagi muxbirlari “Tashakkurnoma” hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Gʻayratjon Otajonov, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?