Misi chiqmas oltinsoʻzlar...

20:58 03 Yanvar 2025 Jamiyat
398 0

Xalq dostonlarining purmaʼno til va uslubi bizga koʻplab soʻz va iboralarning nozik qirralarini, maʼno shiralarini his qilish imkonini beruvchi mukammal tizimdir. Shunday ekan, biz ham zamonaviy qidiruv dasturlari kabi undan ayrim ishtibohlarning maʼno-matlabini hozirgi tilimizga xos jumlalar bilan taqqoslab, muqoyasalab koʻramiz.

“Yusuf bilan Ahmad” dostonida Ahmadning soz chalishga boʻlgan ishtiyoqini qanday taʼriflar edingiz? Jilla qursa, “musiqani sevar edi” deysiz-qoʻyasiz. Ammo asrlar chigʻiridan oʻtgan ohanglarning tovushi boshqacha jaranglaydi: “…Yusufbek soz bilan suhbatli kishi erdi...”

Yoki toʻsatdan biror noxush xabar eshitgan kishiga nisbatan “rang-quti oʻchdi”, “kapalagi uchdi”, “tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi” iboralarini qoʻllaymiz. Ammo qoʻrquvning turfa darajasi bor va oʻta qoʻrqib ketilgan holat “Kuntugʻmish” dostonida uchraydi: “Toʻra (Kuntugʻmish) oʻn yillik oʻlikdan yomon boʻlib qoldi...”

Shuningdek, xalq dostonlari tilida ayrim soʻzlar borki, biz ularning maʼno-mohiyatini bilmaganimiz, bilsak-da anglamaganimiz sababidan deyarli foydalanmaymiz.

“Yusuf bilan Ahmad” dostonida “Mard yigitga muxannaslik or boʻlur” iborasi bor. Jumlada bizga yot boʻlgan yagona soʻz – muxannaslik. Alisher Navoiy asarlari izohli lugʻatida bu soʻzga “oʻzini ayollarga oʻxshatib yuruvchi”, yaʼni xunasa deya izoh beriladi. Oʻzbek tilining izohli lugʻatida esa – ham erkak, ham ayollik jinsiy belgilari boʻlgan odam yoki hayvonga nisbatan bu soʻz qoʻllaniladi. “Baligʻingiz erkakmi, urgʻochimi?” Afandi vazirning makrini tushunib, javob berdi: “Xunasa”.

Avvalo xalq ogʻzaki ijodi bizga koʻpgina soʻzlarning sinonimlarini, maʼnodoshlarini bera olishi bilan ham qimmatlidir. Birgina “yaxshi” soʻzini dostonlarda biz bilmagan uch-toʻrt maʼnodoshlariga koʻzimiz tushadi. Beh, avlo kabi soʻzlar shular jumlasidan (Beaql yoʻldoshdin dushmandir behroq. Sendan boy otaning bergan kovushi avlo ekan-ku?).

Tilimizda “sakramoq” feʼli koʻp ishlatamiz. “Sakrab oʻrnidan turdi” jumlasi qoʻqqisdan, tezda oʻrnidan sapchib turish maʼnolarida keladi. Dostonlarda bu soʻzning “sachrab” shakli koʻproq ishlatilgan va bu goʻzalroq maʼno boʻyoqdorligiga ega:

Bobojon, deb sachrab oʻrnidan turib,

Bobo Qambar koʻrdi Ahmad oʻgʻlondi...

Soʻzlashuvda “anjom” soʻzini koʻpincha uskuna, buyum koʻrinishida qoʻllaymiz. Dostonlarda esa bu soʻzning bir-biriga oʻxshamaydigan maʼno jihatlariga duch kelasiz:

Oʻqib koʻrib, qilsin yoʻlning anjomin... (“Yusuf bilan Ahmad”).

Bu oʻrinda anjom – tadorik, tayyorgarlikni ifodalasa, boshqa oʻrinlarda yarogʻ-anjom (qurol-aslaha), toʻy anjom (toʻyga kerak boʻladigan narsalar), ot-anjom (ot buyumlari) kabi maʼno shakllarini kasb etadi.

Xalq tilida “falonchi quyushqondan chiqdi” mazmunidagi mashhur iborani eshitgansiz. Bir qarashda “haddidan oshmoq”, “izdan chiqmoq” maʼnolarini anglatuvchi ushbu jumladagi “quyushqon” nima ekanini hamma ham bilavermaydi.

Quyushqon – egarning oldinga siljimasligi uchun ot yoki eshakning dumi ostidan aylantirib, egarga birlashtiriladigan qayish. Ana shu qayish boʻshab qolsa egar oʻynab qoladi va bu ot ustidagi yoʻlovchi yoki chavandoz uchun noxush holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Quyushqonning tarang va mahkam turishi egarning mustahkam oʻrnashishini kafolatlaydi. Iboraning maʼnisi ham shunda.

Yana bir soʻz xususida. Ovchilar tomonidan koʻp ishlatiladigan “xoʻrak” soʻzi forschada “ovqat, oziq, yemish” maʼnolarini anglatishini bilasiz. Bunda sayyod qush yoki hayvonni tuzoqqa ilintirish uchun maxsus tayyorlangan yemish (xoʻrak)dan foydalanadi. “Alpomish” dostonida ushbu soʻzning “dolboy” shakli uchraydi. Dolboy – ovchi qushni qoʻlga keltirish uchun unga koʻrsatiladigan goʻsht, yemish.

Tortib keldim qulo choʻlda ohu voy,

Dolboy kelsa, talpinadi qarchigʻay.

“Sovgʻa” soʻzining koʻplab sinonimlari bor: tuhfa, hadya, armugʻon. Dostonlarda esa bu soʻzning “peshkash” shaklini uchratasiz. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da peshkash soʻziga “kichiklarning kattalarga sovgʻasi, tuhfasi” deya taʼrif beriladi.

Kel, senga dalamiz, lolamiz peshkash,

Giyohlar ichida aʼlomiz peshkash. (Toʻra Sulaymon).

Shuningdek, chumchuq xalq dostonlarida “secha” shaklida ishlatilgan:

Shum yazidlar kallasini

Sechadayin uzmak bizdan... (“Yusuf bilan Ahmad”).

Bir soʻz bilan aytganda, kundalik hayotimizdagi koʻplab soʻzlarning eskicha muqobili dostonlarda oʻziga xos tarzda aks etadi. Masalan: bayroq – alam, tugʻ shaklida; bayt, sheʼr – abyot shaklida; uzuk – nigun, angushtarin; tevarak-atrof – atrof-jonib, degra-dosh; Xudo, Tangri – Birubor; yosh, navqiron – javon koʻrinishida va hokazo...

Bundan tashqari, koʻpchilik “zimiston” soʻzini “zim-ziyo tun”, “qorongʻulik” deb oʻylaydi. Aslida uning lugʻaviy maʼnosi “qish”, “qahraton” degani.

Fasli navbahor oʻldi, ketibon zimistonlar,

Doʻstlar, gʻanimatdur, sayr eting gulistonlar. (Furqat)

Birinchi misrada zimiston, yaʼni qish ketib, bahor kelganiga urgʻu berilayotganini anglasak, soʻzning asl maʼnosi ochiladi.

Yana bir hayotiy misol. Dostonda: “Nogoh bir choʻntiq eshak mingan choʻri eshagini xalalab, yoʻrgʻalatib keliberdi...” jumlasi uchraydi. Izohli lugʻatda choʻntiq soʻzining “mayib”, “jismoniy kamchilikka ega boʻlgan”, “toʻmtoq” maʼnolari keltirilgan. “Xala” soʻzi esa yoshligida chorva boqqan kishilar uchun yaxshi tanish. Yaʼni bu jonivorning boʻyin sohasidagi botiq nuqta boʻlib, xalachoʻp yordamida shu yerga teginilsa jonivorning harakati tezlashadi.

“Tezkorlik”, “tez eltuvchi” maʼnolarini anglatuvchi chopar soʻzining chobuksuvor koʻrinishidagi muqobili borki, bu soʻz, ayniqsa, mumtoz adabiyotimizda koʻp uchraydi. Bu soʻz “tez chopuvchi”, “ildam” maʼnolarini anglatadi.

To tilar chobuksuvorim koʻngli chavgon oʻynamoq.

Koʻz qarosin oʻynatur har lahza ul mardumni koʻr. (Navoiy)

Qadimda choparlar xabar tashuvchi sifatida muhim rol oʻynagan boʻlib, ularning xizmati har jabhada yuqori baholanar edi. Ular olib borgan xat-xabar oʻsha davrlarda “payom”, “paygʻom” koʻrinishida ishlatilgan (Payomim Bobo Qambarga aytursan... (Yusuf bilan Ahmad)).

Guzar nima degani?

Kundalik hayotimizda koʻcha-guzar soʻzlariga koʻp murojaat qilamiz. Nazarimda, soʻzning shu maʼnosigina bizga tanish. Demak, mavzuni barchamiz bilgan guzardan boshlaymiz:

– Jarchilar: “Har kim Xolbekadan xabar bersa, balki qoshidagi joʻrasi bilan olib kelsa, boʻyi barobarli zar beraman”, – deb koʻchama-koʻcha, guzarma-guzar, mahallama-mahalla chaqirib yuribdi.

Endi bu soʻzning ikkinchi maʼno qirrasiga oʻtamiz:

– Shunda Mohiboy qor-yomgʻirday qamchi yogʻib turganini oʻzi nazar-guzar qilmay, akasi Gurkiboyning qamchi yeganiga ichi achib: – Mening yomonligim uchun sen tayoq yeding, – deb Gurkiboy akasiga qarab bir soʻz dedi...

Ushbu oʻrinda “nazar-guzar” soʻzi birikma holida “pisand qilmaslik”, “parvo etmaslik” maʼnolarini anglatmoqda. Bu ibora vohaning yoshi keksalari tilida hamon uchrab turadi.

Guzar – yoʻl. Guzarchi – yoʻlovchi. Bu soʻz “ish”, “yumush” maʼnosida ham tilimizda saqlanib qolgan:

Bayon ber, jon doʻstim, mamlakatingni,

Bu yerlarga ne deb tushdi guzaring?

***

Xalq dostonlarini mutolaa qilar ekansiz, “baldya” soʻzi kelgan oʻrinlarga guvoh boʻlasiz. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”da bu soʻz “balda” shaklida berilgan. Ikkovining ham maʼnosi – shahar degani. Shoir Furqatning bir sheʼri: “Bir qamar siymoni koʻrdim baldai Kashmirda...” misrasi bilan boshlanadi. Bu yerda Kashmir shahri nazarda tutilmoqda.

“Qara, chohga qulab boʻlgansan, vallamati ham seni qutqarolmaydi”. Vallamat (baʼzan vallomat) soʻzi ushbu jumlada “baland pogʻonadagi odam”, “eng zoʻri” maʼnolarini anglatayotgan boʻlishi tabiiy. Bu soʻz aslida valineʼmat – inʼom va ehson egasi maʼnosini bildiradi. “Oʻzbek tilining etimologik lugʻati”da bu soʻz ijobiy va salbiy mundarijali maʼno anglatishi, birda saxiy, koʻngli ochiq koʻrinishida kelsa, birda birovning moli bilan kattalik qiladigan odam sifatida qoʻllaniladi.

Darvoqe, nazdimizda imzo soʻzi yaqin oʻtmishda paydo boʻlganga oʻxshab koʻrinsa-da, aslida bu soʻzning tarixi qadimiy quldorlik davrlariga borib taqaladi. Xat-savodi boʻlmagan qullar bosh barmoqlarini rangga tekkizib, qogʻoz yoki matoga bosish orqali oʻz roziligini bildirishgan. Xalq dostonlarida bu soʻz qoʻlbosti nomi bilan keladi.

Xalq eposlarida bugungi kunimizda muomalada boʻlgan oʻnlab soʻzlarni topishimiz mumkin. Masalan: qoziq – yakkamix, zindon – tagizamin, chorvador – eliboy, harbiy saf – yasov, yolgʻon – oʻtirik,

Bugungi kunda dekan soʻzi ham oʻtmishdagi maʼnosidan farqli holda muomalaga kirgan. Milliy ensiklopediyada bu soʻzga lotincha oʻnboshi, oʻnta jangchining boshligʻi degan maʼnoni bildiradi, oliy oʻquv yurtida fakultetning rahbari maʼnosida keladi deya taʼrif berilgan.

Aytgancha, xalq tilida poʻkonidan yel oʻtmagan iborasi ham borki, uni faoliyatimizda negadir kamdan kam ishlatamiz. Bu birikmaning maʼnosi – qiyinchilik koʻrmagan, mehnati singmagan. Bunga talay misollar keltirish mumkin: Jang koʻrmagan, poʻkonidan yel oʻtmagan, xom sut emgan yigitchadek, musichai begunoh boʻlib turishingizni qarang (S. Karomatov, Oltin qum).

Soldat soʻzining kelib chiqishi ham qiziq. Bu soʻz nemischa Soldat, italyancha soldato – maosh, moyana oluvchi maʼnosini anglatadi. Soldo – pul, tanga degani. Shundan kelib chiqsak, askar, jangchi, harbiy kishilarga toʻlanadigan maosh nazarda tutilayotganini anglash mumkin. Dostonlarda esa “sallot” shakli ham uchraydi.

Xalq termalarida “suyagi qolib ketmoq” iborasiga ham duch kelasizki, bu – vafot etmoq, dafn qilinmoq degani.

Hakimbek eshitib: – Bu musofirchilikda suyagi qolib ketmasin, – deb necha marta odam yuborib koʻrdi. (“Alpomish”).

Etel Voynich qalamiga mansub “Soʻna” romani dunyoga mashhur. Xoʻsh, soʻna nima degani? “Alpomish” dostonida soʻna – oq qushning bir turi sifatida keltiriladi:

Yori oʻlsa ne oyimlar tul boʻldi,

Soʻnaning qoʻngani oydin koʻl boʻldi.

“Yusuf bilan Ahmad” dostonida erkak oʻrdak shunday atalsa, “Oʻzbek tilining etimologik lugʻati”da unga shunday taʼrif beriladi:

Soʻnalar – ikki qanotlilarga mansub kalta moʻylov hasharotlar oilasi. Gavdasi kalta va yoʻgʻon, qanotlari keng va kuchli. Ogʻiz organlari sanchuvchi yalovchi, umurtqali hayvonlar terisini oson teshadi. 3000 ga yaqin turi bor. Odatda, oʻrmon, dasht va choʻl mintaqalarida keng tarqalgan, suv havzalariga yaqinroq joylarda uchraydi.

Angʻiz oʻsgan yerlarda otlar bevaqt oʻlmagay... deya boshlanuvchi mashhur qoʻshiq barchamizga tanish. Nega otlarning bevaqt oʻlishi angʻizga bogʻliq holda ifodalanyapti? Dostonlarda bu soʻzning andiz shaklini koʻramiz. Bu dorivor giyoh boʻlib, unga yaralarni bitkazuvchi kuchli malham sifatida qaralgan. Andiz – qir betida oʻsadigan katta bargli oʻsimlik, xarsh otlarni andizni qaynatib yuvadilar, ot tuzaladi, yaʼni qoʻtir otning xarsh tuki toʻkilib, yara yeri tuzalib ketadi.

Kundalik hayotimizda “qingʻir ishlaringni xaspoʻshlashga urinma” kabi jumlalarni eshitganmiz. Ammo xaspoʻsh nimaligi haqida koʻpam oʻylab koʻravermaymiz. Xaspoʻsh – yerni kovlab, ustini bildirmaslik uchun xas-xashak bilan yopib qoʻyilgan joy. “Alpomish”da shunday shunday jumlalar keladi:

Anglamay xaspoʻshni bosib olibdi,

Xaspoʻsh oʻyilib, kampir yumalab qolibdi.

Kira nima degani?

Bir qarashda “yoʻl haqi”, “yoʻlkira” soʻzlarini transport vositalari uchun toʻlov sifatida har kuni ishlatamiz. Aslida bu soʻz juda koʻhna boʻlib, eng qizigʻi, oʻsha paytlarda ham “yumush haqqi”, “evaz” maʼnolarida amalda boʻlgan.

Xolbekani men koʻrsatsam, toʻramjon,

Kirasiga ne berasan oʻzima? (“Kuntugʻmish”)

Hukumatning ishiga aralashma

“Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da hukumat soʻziga shunday taʼrif beriladi: Hukumat – boshqarish, boshqaruv mahkamasi. Davlat hokimiyatining davlat boshqaruvini bevosita amalga oshiruvchi, farmoyish beruvchi va ijro etuvchi organi.

Dostonlarda qoʻllanilgan hukumat va hozirgi hukumat atamalari oʻrtasida ayrim maʼno farqlari bor. “Kuntugʻmish” da shunday deyiladi:

Jallodlar: – Bu baxti qaytgan bachchagʻar, hali ham avvalgi hukumatini (kattaligini) qiladi, hali tayoq oʻtgan yoʻq, qattiqroq uring, – deb ilgarigidan koʻproq urdi.

Xalq dostonlaridan bizga katta hikmatlar xazinasi, maqol va naqllar qoldiki, ular bugungi zamonimizda ham oʻz qamrovi va qaynovi bilan barchani birdek mahliyo eta oladi. Biz esa “soʻz holina” boqa olsak bas...

Bobur ELMURODOV,

Jurnalist, filologiya fanlari boʻyicha

falsafa doktori (PhD).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?