“Dehqonobod asl anori” ishlab chiqarish kooperativi anor sharbatini eksport qilyapti

21:40 31 Mart 2021 Iqtisodiyot
1152 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Aktam Haitov Sirdaryo viloyatiga uchrashuvi davomida qator tadbirkorlik subyektlari, fermer xoʻjaliklari va tomorqalar holatini oʻrgandi.

Mazkur uchrashuvlar doirasida Mirzaobod tuman hokimi, sektor rahbarlari, agrar soha mutaxassislari ishtirokida aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, ochiq va yopiq maydonlarda mahsulot yetishtirish boʻyicha seminar tashkil etildi.

Tumandagi «Dexqonobod» MFY “Istiqlol” koʻchasi 44-uyda yashovchi Ahmadjon Toʻraboyevning 37 sotixlik tomorqasida 220 tup anor, 30 tup uzum, 25 tup olma, 20 tup nok, 10 tup olxoʻri va yana shuncha tup oʻrik yetishtirilmoqda. Qolgan boʻsh yerlardan ham unumli foydalanib, kartoshka, baqlajon, pomidor, koʻkatlar va sabzi mahsulotlari yetishtiryapti.

Uchrashuv davomida yerning har bir qarichini qadriga yetish kerakligi qayd etilib, xonadon egalariga “Aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, yopiq va ochiq maydonlarda mahsulot yetishtirish” nomli kitob ulashildi.

A.Haitov boshchiligidagi ishchi guruh aʼzolari “Dehqonobod asl anori” ishlab chiqarish kooperativining Germaniyadan keltirilgan maxsus mashinalarda mahalliy sharoitda yetishtirilgan anorlarni qayta ishlab, sharbat tayyorlaydigan sexda boʻlishdi.

Korxonaga qarashli 171 gektar yer maydonida 136 800 tup anor koʻchatlari, 200 000 tup anor qalamchalari parvarish qilinmoqda. Ishlab chiqarish kooperativida bir soatda 1,5 tonna, yiliga 5 500 tonna anor sharbati olinadi. Sharbat zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlanib, yuqori sifati va tabiiyligi bilan ajralib turadi.

Parlament quyi palatasi Spikeri oʻrinbosari kooperativ faoliyati bilan tanishar ekan, tayyor boʻlgan sharbat maxsus idishda qadoqlanib, eksport qilinayotganini yuqori baholadi. Anor navlarini koʻpaytirish, anor koʻchatlarini yetishtirish boʻyicha zarur tavsiyalar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?