Mirzachoʻl tumanida mahallabay ishlash tizimi natijalari oʻrganildi

21:03 03 Iyun 2022 Jamiyat
370 0

Foto: «Халқ сўзи»

Yurtimizda, eng avvalo, inson manfaatlari ustuvorligiga qaratilgan islohotlarning quyi boʻgʻin, yaʼni mahallalardagi ijrosini taʼminlash zamirida aholi bilan yaqindan ishlash, ularning muammolarini oʻrganish, mahalla institutining davlat va jamiyat hayotidagi rolini hamda odamlardagi rozilik hissini oshirish maqsadlari mujassam.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali rahbar va masʼul xodimlari Mirzachoʻl tumani mahallalarida boʻlib, sektorlar rahbarlari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollarining oʻtgan davrda amalga oshirgan ishlarini ishtirokida oʻrgandi. Natijalar joyida tahlil qilindi. Galdagi dolzarb vazifalar belgilab berildi.

— Dastlab tumandagi hokim yordamchilari ishlarini oʻrgandik, — deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali rahbari Erkin Xalbutayev. — Natijalar yomon emas. Ayniqsa, “Bogʻbon” MFYda yillar davomida boʻsh turgan binolar tadbirkorlarga ijara va mulk huquqi asosida berilgani eʼtiborimizni tortdi. Bu binolarning birida chinni idishlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan, boshqalarida sartaroshxona, poyabzal ustaxonasi, sport kompleksi va mini futbol maydonlari ishga tushirilgan.

Uchrashuvlar davomida mahallabay ishlash tizimi, eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini baholash, karyera modeli haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Yaqinda Oliy Majlis Senati tomonidan maʼqullangan “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonun mohiyati va ahamiyati tushuntirildi. Mahallalardagi yoshlar orasidan milliy zaxiraga kadrlar tanlab olish boʻyicha ochiq muloqotlar oʻtkazildi.

Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?